platina.uz
Jamiyat

80 benzindan voz kechish, eski mashinalarni taqiqlash va boshqalar

Ekologiya vazirligi Toshkent shahri atmosfera havosi ifloslanayotgani boʻyicha sabablarni keltirib, buni bartaraf etish uchun takliflar ham aytdi.

80 benzindan voz kechish, eski mashinalarni taqiqlash va boshqalar

Toshkent shahrida havo ifloslanishi sabablarini oʻrganib chiqqan Ekologiya vazirligi bu holatni bartaraf etish uchun bir qator takliflarni bildirdi. Ular orasida 80 benzindan voz kechish, eski mashinalarni taqiqlash, Toshkentda koʻmirdan foydalanmaslik va boshqalar bor.

Vazirlik xulolasiga koʻra, havo ifloslanishiga quyidagilar sabab boʻlmoqda:

  • Toshkentda yashil hudud kamaygan. Jumladan, daraxtlar va butalarning kesilishiga eʼlon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.
  • Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish boʻyicha moratoriy eʼlon qilingan boʻlsa-da, qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda.
  • Avtotransport vositalari soni ortib bormoqda. Transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilgʻi va yoʻl harakatini tashkil etish sifatiga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Jumladan, respublika boʻyicha avtomobillar soni 2021 yilda 3,14 mln. donani tashkil etgan boʻlsa, 2023 yilda ularning soni 4,6 mln. donaga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda oʻrtacha 730 mingta mashina harakatlansa, qoʻshimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha mashina kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga toʻgʻri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga meʼyoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.
  • Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yoʻl harakati toʻgʻri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandlik holatlari koʻp kuzatilmoqda. Tirbandlikda toʻxtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan mashinaga nisbatan atmosferaga koʻproq tashlama chiqaradi.
  • Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga boʻlgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, koʻmir yoqilgʻisidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019 yilda 3,9 mln. tonna koʻmir yoqilgʻisidan foydalanilgan boʻlsa, 2022 yilda bu raqam 5,3 mln. tonnaga, 2023 yil yakuniga koʻra esa 6,7 mln. tonnaga yetgan. Koʻmir yoqilgʻisini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha boʻlgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda.
  • Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud issiqlik markazlari tomonidan qoʻshimcha yoqilgʻi sifatida mazut yoqilgʻisidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholini eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyida 3 ming tonna mazut yoqilgʻisidan foydalanilgan.
  • Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yoʻnalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yogʻinlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal boʻyicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga toʻsqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab boʻlmoqda. Toshkent shahri togʻlar bilan oʻralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yoʻl bilan chiqib ketmaydi.

Toshkent shahrida atmosfera havosiga koʻrsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida vazirlik quyidagilarni taklif qilmoqda:

  • “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻidan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash;
  • avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahri hududida kunning tigʻiz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00dan 10:00ga qadar va 17:00dan 20:00ga qadar) yuk tashish uchun moʻljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq mashinalar harakatini cheklash;
  • 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi mashinalar harakatlanishini taqiqlash, egalariga zamonaviy mashinalarga oʻtish uchun (elektromobil) imtiyozlar, preferensiyalar va subsidiyalar berishni yoʻlga qoʻyish;
  • soʻnggi yillarda avtomobil yoʻllarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida tajriba tariqasida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish;
  • shaharning diqqatga sazovor markaziy koʻchalarida mashinalardan xoli hududlarni tashkil qilish;
  • jamoat transportini toʻliq elektr, gaz-ballon yoqilgʻisi va boshqa muqobil yoqilgʻi turlariga oʻtkazish, shuningdek, yoʻl infratuzilmasini tashkil etish;
  • barcha turdagi qurilish obʼektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obʼektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy eʼlon qilish;
  • Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida koʻmir yoqilgʻisidan foydalanishni taqiqlash;
  • mikroiqlim moʻʼtadilligini taʼminlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy taʼsir etish maqsadida sunʼiy suv havzalarini barpo etish;
  • Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan issiqlik markazlarida zaxira yoqilgʻisi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
  • ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari koʻchishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish;
  • atmosfera havosining sifat koʻrsatkichini doimiy eʼlon qilib boradigan tablo va monitorlar oʻrnatish.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid