Taniqli adabiyotshunos olim vafot etdi
U “Doʻstlik” ordeni hamda “Mustaqillikning 15 yilligi”, 1972 va 1984 yillarda “Xalq maorifi aʼlochisi” nishonlari bilan taqdirlangan.

Bugun taniqli adabiyotshunos olim Homidjon Homidiy 89 yoshida olamdan oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
Uyushma aʼzosi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori Homidjon Homidiy 1935 yil 4 oktabrda Namangan viloyati, Kosonsoy shahrida tugʻilgan.
Oʻrta maktabni tugatgach, Kosonsoy bosmaxonasida xarf teruvchi, gazetaning maʼsul kotibi boʻlib ishlagan.1956-61 yillar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ning “Tarix-filologiya” fakultetida tahsil olgan. Boʻlajak zullisonayn olim Homidiy institutning Oʻzbek tili kafedrasida oʻqituvchi boʻlib ishlagan. 1963-67 yillar davomida Oʻzbek adabiyoti kafedrasi aspiranturasida oʻqib: 1968 yili nomzodlik, 1990 yili doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.1982-2010 yillarda universitetning “Hozirgi oʻzbek adabiyoti” hamda “Oʻzbek klassik adabiyoti” kafedralarini boshqardi.
Turli yillarda olimning “Gumanizm kuychisi”, “Barhayot sheʼriy qasr”, “Boqiy boʻston tarovati”, “Shohnomaning shuhrati”, “Qirq besh alloma Hikoyati”, “Ajdodlar sabogʻi – aql qayrogʻi”, “Koʻhna Sharq dargʻalari”, “Mashriqzamin – hikmat boʻstoni” (hammuallif), “Tasavvuf allomalari”, “Olis-yaqin yulduzlar”, “Namangan adiblari” (hammuallif), “Koson tarixi” (hammuallif), “Avestodan Shohnomaga”, “Daholar davrasi” singari oʻttizga yaqin kitoblari nashr qilingan.
Bundan tashqari olim bir qancha darslik va oʻquv qoʻllanmalarning muallifidir. Turli ilmiy toʻplam, jurnal hamda vaqtli matbuotda olimning 500 dan ortiq maqolalari eʼlon qilingan. Ilmiy maqolalari Tehron, Boku, Olmaota, Dushanbe, Hoʻjand shaharlaridagi majmua hamda qomuslardan ham oʻrin olgan. U “Doʻstlik” ordeni hamda “Mustaqillikning 15 yilligi”, 1972 va 1984 yillarda “Xalq maorifi aʼlochisi” nishonlari bilan taqdirlangan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq yosh jurnalist, Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi matbuot kotibi sifatida ishlagan Ayjamal Joldasbayeva 27 yoshida vafot etgan edi.