“Qora oltin”ni “oʻynatayotgan” urushlar

Garchi AES va elektromobillar erasi boshlangani bashorat qilinayotgan boʻlsa-da, tabiiy qazib olinadigan energoresusrlarga boʻlgan talab bu yaqin kelajakda kamaymasligi aniq.

Iqtisod
10-yanvar, 12:19
“Qora oltin”ni “oʻynatayotgan” urushlar

Yangi yil – yangi narxlar

Jahon energoresurslar bozoridagi narxlar oʻzgarishining dinamikasiga nazar soladigan boʻlsak, jumladan, asosan Yevropa hamda OPEK davlatlari bozori uchun moʻljallangan etalon Brent (Crude Oil) markali etalon neftning bir barreli uchun eng qimmat narx oʻtgan yilda 19 sentabr kuni 94,43 dollar evaziga sotilgan. Oʻtgan yilning oxirgi choragidagi eng baland narx esa 19 oktbyarda qayd etilgan (93.04 dollar).

Oʻtgan yilning 26 dekabrida bir barrel Brent 80.66 dollarga baholangan va shunday keyin narxlar faqat pasayish tendensiyasini koʻrsatib kelayotgandi.

Nihoyat yangi 2024 yilning 2 yanvarida 1 barrel Brent qiymati 76.03 dollarlik “chuqurlikka tushdi” va ertasi kundan barcha markali qora oltin uchun narxlar koʻtarila boshladi. Yangi yilning ilk haftasi 78.64 dollarlik choʻqqini zabt etish bilan yakunlandi.

Shu bilan birga, Londonning ICE Futures birjasida Brent markali neftning mart fyucherslari narxi Toshkent vaqti bilan soat 20:15 holatiga koʻra, bir barrel uchun 79,16 dollarni tashkil etdi, bu avvalgi sessiya yopilishidagidan 1,57 dollarga (2,02 foizga) yuqoridir.

Nyu-York tovar birjasidagi savdolarda esa fevral oyidagi WTI neft shartnomalari narxi 1,95 dollarga (2,7 foizga) oshib, bir barreli uchun 74,14 dollarni tashkil etdi. Umuman, oʻtgan haftada Brent 2,8 foizga, WTI 3,5 foizga qimmatlashdi.

Tabiiyki, shanba va yakshanba kunlari birja ishlamasligi bois, bu haftaning dushanbasida Brent markali neft yana 76,37 dollarga tushgan boʻlsa-da, seshanba – 9 yanvardan yana jonlanish kuzatildi (Brent – 77.87lik natija biroz jonlanish bilan boshlandi: Brent – $77.87, WTI (Texas Light Sweet) – $71.93)

Asosiy sabab – notinchlik

Hech kimga sir emas, neft savdolari oʻtadigan birjalarda narxlar dunyodagi yirik siyosiy-iqtisodiy voqealarga oʻta sezgir. Oʻtgan haftada narxlarning oshishiga Eronda general Qosim Sulaymoniy oʻlimining toʻrt yilligi munosabati bilan qabri yaqinidagi portlashlarda yuzga yaqin odam halok boʻlgani haqidagi xabar, shuningdek, Liviyadagi norozilik namoyishlari sabab boʻldi.

Natijada neft narxi juma kuni savdolarda oʻsishini tezlashtirdi va Yaqin Sharq va Liviyada keskinlik kuchaygan bir paytda haftani kuchli oʻsish bilan yakunladi.

Xususan, Isroil qoʻshinlarining Hizbulloh yetakchilarini yoʻq qilish bahonasida Liviyaga uyushtirayotgan havo va toʻp hujumlarining oqibati oʻlaroq, Liviyadagi eng yirik neft koni Ash-Sharara faoliyati toʻxtatilgani ham bozorga yetkazilayotgan neft hajmining kamayishiga va neft narxining ortishiga sabab boʻldi.

Bundan tashqari, neft bozori Yaman Husiylarining tijorat kemalariga qilgan hujumlaridan keyin Qizil dengizdagi vaziyatni xavotir bilan kuzatishda davom etmoqda.

Istiqbolda nima kutilyapti?

Market Watch nashrining yozishicha, Commerzbank’ning xomashyo sektori boʻyicha tahlilchisi Karsten Fritshning fikriga koʻra, Yaqin Sharqdagi vaziyatning tez orada deeskalatsiya boʻlishini tasavvur qilish qiyin va bu omil neft narxining ortishini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.

AQSh Energetika vazirligining 4 yanvar kuni eʼlon qilgan maʼlumotlarida oʻtgan haftada mahalliy benzin va distillyatlar zaxiralarining keskin oʻsishi qayd etilgan. Bu esa treyderlarning energiyaga boʻlgan talab istiqbollari haqidagi xavotirlarini kuchaytirdi, yaʼni neftga boʻlgan talab pasayadi, degan xulosaga olib keldi. Natijada shu kunning oʻzidayoq birjadagi savdolarda neft narxining pasayishi kuzatildi.

Shunga qaramasdan, ekspertlarning taʼkidlashicha, yil yakunlari boʻyicha inventarizatsiya maʼlumotlari odatdagidan koʻra oʻzgaruvchan boʻladi va asil manzarani aks ettirishda ularga suyanib boʻlmaydi.

Lekin yana bir omil borki, uning birja savdolari yakunlariga taʼsirini isbotlash kerak emas: OPEK+ mamlakatlarining oʻzaro kelishgan holda neft yetkazib berish hajmini oʻzgartirishlari narxlarni “oʻynatib” turadi odatda. Wall street tahlilchilarining prognozlariga ishonadigan boʻlsak, 2024 yilda OPEK davlatlari neft hajmini kamaytirish tendensiyasiga oʻtadi, natijada neft narxlari yana avvalgi baland qaddiga qaytadi. Neft narxi oz boʻlsa-da koʻtariladi.

Buning ustiga jahon miqyosida neftga boʻlgan talabning ortishi kutilmoqda. Bu kabi 2 muhim omil neft narxlarining oʻsib borishi yoxud barqaror baland narxlarda turishiga xizmat qilishi mumkin.

Rossiya nefti nima boʻladi?

SSSR tarqalganidan keyin Rossiya biror sohani tuzukroq rivojlantirishning uddasidan chiqmadi. “Neftonarkoman” kabi “qora oltin” ignasidan qutula olmayapti. Shu bois Rossiyaning asosiy daromadi neft va gaz mahsulotlarini sotishdan keladi. Neft qancha qimmatlasa, Rossiya “koʻchasidagi bayram” shuncha qizgʻin tus oladi.

Rossiyalik tahlilchilar esa 2024 yilga optimistik nazar bilan qarashmoqda. Xususan, Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Aleksandr Novakning aytishicha, 2024 yilda Brent markali neft 1 berrelining narxi $80-85 chegarasida qolishi prognoz qilinmoqda.

Rossiyaning Urals markali neftining narxi Gʻarb Rossiyaning harbiy qudratini jilovlash (puli kam boʻlsa, kamroq va kuchsizroq tahdid qiladi) maqsadida qoʻygan cheklovlari doirasida oʻrnatgan $60 lik “qizil chiziq”dan ham tepaga koʻtarilib ketishi mumkin.

Koʻpchilik ekspertlar shunga oʻxshash prognozlar berishgan. Masalan, Jahon banki ekspertlari joriy yilda 1 barrel Brent’ning oʻrtacha narxi $81 atrofida boʻlishini prognoz qilishgan. JP Morgan va AQSh Energetika vazirligining tahlilchilari esa oʻrtacha $83, Bank of America tahlilchilari $90 baland narxlarni kutishmoqda.

Ekspertlarning fikricha, narxlar dinamikasi asosan OPEK+ qarorlari va global iqtisodiy oʻsish surʼatlariga bevosita bogʻliq boʻladi. OPEK+’ning 20 dan ziyod neft qazib oluvchi davlatlari (ular orasida Rossiya ham bor) “qora oltin”ning bozorga tashlanadigan hajmini hamkorlikda nazorat qilishadi va shu orqali bozordagi narxlarni tartibga solishga hissa qoʻshishadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq OPEK+ aʼzolari 2024 yilda neft qazib chiqarish hajmini umumiy hisobda sutkasiga deyarli 1,4 mln. barrelga kamaytirishga kelishib olishgan edi. (2023 yilda bu koʻrsatkich kuniga 40,5 mln. barrelga teng boʻlgan). Demakki, mahsulot kamayib, narxlar koʻtariladi, Rossiyaning boyligi ortadi. Putinning 2023 yilda neftga boy Yaqin Sharq davlatlariga “serqatnov” boʻlib qolgani oʻz samarasini berganga oʻxshayapti.

Shu bilan birga, OPEK+’ning ayrim ishtirokchilari ixtiyoriy ravishda neft qazib olish hajmini yana taxminan 3,9 mln. barrelga kamaytirishmoqchi: asosiy kamayish “ulushi” Rossiya va Saudiya Arabistoni hissasiga toʻgʻri keladi. Qolganlari esa Iroq, BAA, Kuvayt, Qozogʻiston, Jazoir, Ummon va Gabon oʻrtasida taqsimlanadi. Bunday choralar neft narxi keskin pasayib ketishining oldini oladi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+