Qirgʻiz deputati Oʻzbekiston chegarasini noqonuniy kesib oʻtishda ayblanmoqda
Uning qayerdaligi hozircha nomaʼlum.

Qirgʻizistonlik deputat Emil Jamgʻirchiyev (“Alyans”) qirgʻiz-oʻzbek chegarasini noqonuniy kesib oʻtganlikda ayblanmoqda, deydi deputat Alisher Erbayev (“Butun Qirgʻiziston”) 10 yanvar kuni jurnalistlarga.
Jamgʻirchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi Bosh prokuratura soʻrovini koʻrib chiqish uchun tuzilgan deputatlik komissiyasiga aynan Erboyev boshchilik qilmoqda.
"Komissiya bir necha ochiq yigʻilish oʻtkazdi. Kechagi yigʻilishning ikkinchi qismi tergov talabiga koʻra yopiq eshiklar ortida oʻtdi. Tergovchilar chegarani noqonuniy kesib oʻtishni isbotlovchi dalillarni taqdim etishdi. Biz ularga ishondik, chunki Oʻzbekiston tomoni ham Jamgʻirchiyevga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatdi”, — dedi Erbayev.
Ayblovlar uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarga tegishli boʻlib, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 50-100 ming qirgʻiz somi miqdorida jarima bilan jazolanadi, dedi deputat Erbayev.
9 yanvar kuni kechqurun deputat Jamgʻirchiyev Qirgʻiziston parlamentidan gʻoyib boʻldi. Uning qayerdaligi hozircha nomaʼlum.
Emil Jamgʻirchiyev Qirgʻizistonning "Alyans" partiyasidan Jogorku Kenesh (JK) deputati. JK Qonunchilik va huquq-tartibot, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aʼzosi. Ilgari u Qirgʻiziston Respublikasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish davlat xizmati raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan.