“Radiy qizlari”: mehnat muhofazasi yoʻlida jonini qurbon qilgan ishchilar
Ular tez orada oʻlishlarini bilishar, hatto hali berilishi nomaʼlum tovon pulini olishga ulgurmasliklarini ham yaxshi tushunishar edi.

Shunday qonunlar boʻladiki, ularni ayrim davlatlarning konstitutsiyasi yoki qonunlari kabi istagan paytda, istagan holatga oʻzgartirib boʻlmaydi. Ulardagi talablarni bajarmaganlik uchun jarima solish yoki jazolash ham shart emas. Bu qonunlarga amal qilmaganlar oʻz sogʻligi, kezi kelsa, hayoti bilan badal toʻlaydi. Ularni “qon bilan yozilgan qonunlar” deyishadi odatda.
Masalan, Qurolli kuchlarning nizomlari shunday “qonunlar” turiga kiradi. Ularga amal qilmaslik nafaqat bir kishi, balki butun jamoa, xalq va mamlakat xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin.
Yoki boʻlmasa, mehnat muhofazasi bilan bogʻliq xavfsizlik texnikasi talablari ham tom maʼnoda “qon bilan yozilgan”. Mehnat jarayonida turli xavf tugʻdiruvchi jihoz va uskunalar, elektr toki, kimyoviy moddalar hamda tabiiy sharoitlar bilan toʻqnashadigan mehnatkash, albatta, tegishli qoidalarga rioya qilishi shart. Bu kabi qonunlar avval ishchilarga majburiyat yuklagan boʻlsa, keyinchalik ish beruvchilar zimmasida ham masʼuliyat borligini anglata boshladi. Ammo bu oson kechgan emas. Xavfsiz mehnat uchun sharoit yaratib berishga arzimagan chaqalarni tejovchi, katta daromadni odam hayotidan ustun qoʻyadigan “tadbirkorlar” doim uchrab turgan.
Hatto demokratiya va “toʻgʻri hayot” maskanining timsoli boʻlmish AQShda ham mehnat muhofazasi, ish beruvchilar majburiyati masalalaridagi tub burilish rosa bir asr avval boshlangan xolos.
Boylik uchun qoʻyilgan qadam
Hamma “mashmasha” Sabin Arnold fon Soxotskiy (1883-1928) ismli shaxsning AQShga koʻchib borganidan keyin boshlangan edi.
Moskva universitetining tibbiyot fakultetini tugatgan Soxotskiy sal oʻtib, AQShga koʻchib ketib, uning fuqaroligini oladi. Begona mamlakatda puldan qiynalgan, jamgʻarmasi boʻlmagan Soxotskiy tez boyib ketish maqsadida radioaktiv modda boʻlmish radiyning nisbatan arzon izotopi – mezotoriy bilan tajribalar oʻtkaza boshlaydi. U mezotoriyni radiy-226 ning oddiy izotopi bilan aralashtirib, radiy boʻyogʻini hosil qiladi. Bu boʻyoq keyinchalik Undark (zulmatdan nur) nomini oladi. Yangi boʻyoqning asosiy afzalligi – u qorongʻuda oʻzidan nur tarqatar edi.
Soxotskiy avvaliga soatlarning raqamli joylarini shu boʻyoq bilan boʻyab, ularni doʻstlariga sota boshladi. Lekin tez orada bu ixtirosi katta potensialga egaligini anglab yetib, Jorj Uillis ismli homiyning mablagʻini jalb qilib, 1914 yilda (boshqa bir maʼlumotga koʻra, 1915 yilda) Radium Luminous Material Corporation(Radium nur tarqatuvchi materiallar korporatsiyasi)ga asos soldi (keyinchalik uning nomi United States (US) Radium Corporation’ga oʻzgartirildi).
AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Oranj shahrida asos solingan ushbu korporatsiya matodan tortib, yopishqoq tasmagacha boʻlgan turli materiallar uchun boʻyoq ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Koʻp oʻtmay, harbiylar bu boʻyoqning afzalligini anglab yetishdi. Birinchi jahon urushining boshlanishi AQSh armiyasidan buyurtmalarning koʻpayishiga olib keldi. Chiroq yoqib, soatga qarash dushman eʼtiborini oʻziga tortadi. Shu bois qorongʻuda yozuvlari koʻrinib turadigan soatlar, oʻlchov asboblari va boshqa jihozlar armiya uchun juda zarur edi.

Urush tugaganidan soʻng, korporatsiya tinch fuqarolar uchun mahsulotlr ishlab chiqarishga oʻtdi. Bu yerda 1920 yilga kelib, yiliga 4 milliondan ortiq soat ishlab chiqarildi. Ish koʻlami va joʻgʻrofiyasi kengaydi.
Xullas, hammasi juda yaxshi ketayotgandi. Daromadlar baland, buyurtmalar koʻp, mijozlar xursand... Biroq bir “kichik” muammo paydo boʻldi. 20-yillar boshida Illinoys shtatidagi zavodlardan birida fojia yuz berdi. Bu yerda mehnat qiladigan qizlar birin-ketin sirli xastalikka chalinib, ishga chiqmay qola boshladi.

Aslida bu xastalik unchalik ham sirli emasdi. Kompaniya ishchilariga javobgar shifokorlar ularga avval kamqonlik va charchash tashxisini qoʻyishdi. Kasalligi jiddiy tus olganlariga esa... tanosil, yaʼni asosan jinsiy yoʻl bilan yuqadigan xastalik boʻlmish sifilis tashxisini qoʻyishdi. Bu xastalik professional (yaʼni ish tufayli orttiriladigan) xastalik boʻlmagani bois, tabiiyki, qizlarga sugʻurta korporatsiyasi ham, US Radium korporatsiyasi ham hech qanday moddiy yordam berishni xayoliga keltirmasdi. Ham juda azobli va xunuk xastalikka chalingan, ham odamlarning taʼna-dashnomlari ostida qolgan bechora ishchi qizlar qanday jismoniy va ruhiy azoblar tortganini tasavvur qilavering! Bu ham yetmagandek, AQShda tibbiy muolaja narxlari oʻta qimmatligi bois sugʻurta puli olmagan, oʻrtacha maoshga ishlovchi qizlar uchun davolanish imkoniyati deyarli yoʻq edi. Ular oʻz uylarida jimgina, pulsiz va tegishli parvarishsiz oʻlimlarini kutib yashardi xolos.
Kompaniyaga, aniqrogʻi, uning soat siferblatlariga qorongʻuda nur sochib turuvchi radiy boʻyogʻi bilan raqam va yozuvlar chizadigan boʻlimga aynan yosh qizlar ishga olingan. Bu, birinchidan, maoshdan tejash imkoniyatini berardi. Chunki AQShda oʻsha paytlarda (hatto hozir ham ayrim shtatlarda) bir xil ish uchun erkaklarga nisbatan ayollarga kamroq maosh toʻlangan. Qolaversa, nozik va kichik yozuvlarni chizish uchun qizlarning ingichka barmoqlari zarur boʻladi.

Bir ish kunida har bir qiz kamida 250 ta soatga surat chizishi shart boʻlgan. Qizlar nurlanishi oʻta kuchli radiy boʻyogʻi bilan hech qanday himoya vositalarisiz ishlar edi. Uning zararli ekanini koʻpchilik bilmasdi, aytilmasdi ham. Qizigʻi shundaki, korporatsiya rahbarlari radiyning radioaktiv xossalarini yaxshi bilishgani uchun bu xavfli modda bilan kontaktga kirishishdan qochishgan. Ular qizlar ishlaydigan bu boʻlimga deyarli kirmas, kirishsa ham maxsus himoya kiyimlarida “birrov” kirib, darrov chiqib ketishardi.
Zavodning laboratoriya va omborlarida radiyning xavfli xususiyatlaridan himoya qilish uchun maxsus qisqichlar va qoʻrgʻoshin ekranlari ishlatilgan. Ammo ustaxonalarning oddiy ishchilari haqida hech kim qaygʻurmagan.
Hech narsadan xabari yoʻq bechora qizlar ingichka choʻtkalar yordamida soatlarga surat chizishganida, choʻtkaning uchi yoyilib ketardi va yozuvlar sifati buzilardi. Bunga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qizlar choʻtka uchini lablari bilan hoʻllab, ingichka holatga keltirishardi. Smena oxirida esa qizlarning oʻzi qorongʻuda och yashil tusda nurlanib qolishardi. Bu kamlik qilgandek, ishchi qizlar oʻyin uchun ham, shunchaki raqs kechalari uchun ham tishlari, lablari va tirnoqlarini radiy boʻyogʻi bilan boʻyab olishar, qorongʻuda nurlanib yaltirashidan zavqlanib, kulishar edi.
Boz ustiga, qizlar oʻzlari uchun radiy boʻyogʻining pardozga yangi foydali va "ajoyib” xususiyatini “kashf” etishdi: u bilan boʻyalgan lab va yonoqlar qizarib qolar va bu qizillik ancha paytgacha ketmasdi. Biroq faqat olimlar bu "tabiiy qizarish" radiy tomonidan ragʻbatlantiriladigan qizil qon hujayralari sintezidan kelib chiqishini bilishgan.
Radiy bergan “goʻzallik”dan haqiqiy maʼnoda nurlanib, porlab turgan qizlar menejerlardan “Bu xavfli emasmi ishqilib?” deb soʻrashar, menejerlar esa ishonch bilan “yoʻq”, deya javob berishar edi.
Birinchi fojia boʻyash sexining mohir ishchisi Molli Maggianing boshiga keldi. U 1922 yilda tishlari ogʻriyotganidan shikoyat qilib, stomatologga bordi. Tish doktori uning chirigan tishini sugʻurib olmoqchi boʻlganida, jagʻ suyagining bir parchasi ham sinib, ilashib chiqdi. Jarohat olgan joy esa tez bitmadi. Battar yiringlab, qorayib, jagʻ va yuz suyaklarida chirish boshlandi. Koʻp oʻtmay, Mollining jagʻi shishib, boʻqoqqa oʻxshab osilib qoldi. Uni rentgen moslamasi bilan tekshirishsa, jagʻ suyagʻi gʻalvir kabi ilma-teshik boʻlib ketgan, har-har joylarda nekroz – chirish boshlangan ekan. Unga saraton tashxisini qoʻyishdi. Molli shu yili kuchli ogʻriqlar va umidsizlikdan qiynalib vafot etdi. Uning oʻlimi barcha zavod ishchilarini hayratda qoldirdi. Keyinchalik uning kasalligi "radiy jagʻi" deb nomlangan.

Bir yil oʻtgach, yana 50 dan ziyod qizda shunga oʻxshash simptomlar koʻzga tashlana boshladi. Oʻsha yili baʼzi qizlar vafot etdi. Albatta, ishchilar orasida bu oʻlimlar radiy boʻyogʻi bilan ishlash oqibati ekani haqida ilk shubha-gumonlar paydo boʻlgan. Biroq korporatsiya rahbarlari rentgenchi, stomatolog va boshqa shifokorlarga pora berib, xastalikning asl sababini oshkor qilmaslikni talab etishgan. Shu tariqa deyarli ikki yil davomida ular javobgarlikdan qochib yurishgan.
1924 yilda korporatsiya rahbariyati yana mustaqil espertiza oʻtkazish hamda radiy boʻyogʻi bilan qizlarning oʻlimi oʻrtasidagi bogʻliqlik borligi haqida tarqalgan mish-mishlarni oʻrganishni buyurdi. Mutaxassislar bu aloqani tasdiqladilar, ammo korporatsiya bunday xulosalardan qoniqmadi, shuning uchun avvalgisini rad etadigan yana bir tadqiqot oʻtkazildi.
Qizlarning aksariyati esa bu paytda umurtqa pogʻonasidagi qattiq ogʻriq va tanadagi behollikdan aziyat chekishar, suyaklari hatto eshikni qattiqroq yopsa ham sinib ketardi.
Nihoyat 1925 yilda shifokor Xarrison Martlend bir qancha testlar oʻtkazib, qizlar oʻlimiga aynan radiy sababchi ekanini isbotlab berdi. Xuddi shu yili radiy qurbonlaridan biri Greys Frayer United States Radium Corporation’ni sudga berdi. Taxminan ikki yil davomida u yolgʻiz kurashdi, keyinchalik unga yana 4 qurbon qoʻshildi. Ular tez orada oʻlishlarini bilishar, hatto hali berilishi nomaʼlum tovon pulini olishga ulgurmasliklarini ham yaxshi tushunishar edi. Biroq ular nafaqat oʻzlari uchun, balki bu zararli modda bilan ishlovchi butun mehnatkashlar jamoasi uchun sudlarda azobli kurash olib borishdi (ular keyinchalik tarixga “radiy qizlari” nomi bilan kirishdi).

1928 yilda lyuminessent radiyli boʻyoq ixtirochisi va korporatsiya asoschisining oʻzi – Sabin Arnold fon Soxotskiy 45 yoshida vafot etdi. Uning oʻlimi nurlanish tufayli ekani yashirilmadi. Bu voqea "radiy qizlari"ga juda qoʻl keldi. Endi jamoatchilik ham, sudyalar ham ularga ishona boshladi. Nihoyat ularning daʼvolari sudlarda inobatga olindi.
Lekin sud majlislarida daʼvogar qizlarga qarash oʻta ayanchli edi: ularning koʻrinishi juda dahshatli, teri bilan qoplangan skeletlarga oʻxshardi. Ayrimlarida xavfli oʻsimtalar boshlangan, ayrimlarining yuzlari nurlanish tufayli kuygan holda, ayrimlari zambilga yotgan holda koʻrsatmalar berishdi. “Radiy qizlari”ning aksariyatiga sud jarayonlarining yakunini koʻrish nasib etmadi.

Nihoyat oradan 11 yil oʻtibgina, sud qizlarga tovon puli toʻlash haqida qaror chiqardi. US Radium Corporation oʻz ishchilariga kompensatsiya toʻlashga majbur boʻldi. Biroq shunda ham hamma qizga pul berilmadi. Kompaniya oʻz nomini oʻzgartirib, Illinoysdan Nyu-Yorkka “qochib ketdi”.
Ha, juda kam qizlar bu nopok va vijdonsiz ish beruvchiga oʻz aybini tan oldirishga muvaffaq boʻlishdi. Ammo ular chekkan mashaqqatlar va sarson-sargardonliklar behuda ketmadi. Bu voqea keng jamoatchilikka, eng muhimi, qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillariga qattiq taʼsir qildi. Natijada AQShda Mehnatni muhofaza qilish bilan bogʻliq juda muhim va talabchan qonunlar qabul qilindi. Tegishli nazorat tashkiloti – Mehnatni muhofaza qilish va gigiyena boshqarmasi tashkil etildi, u hozir ham Amerikada ishchilarning huquqlarini himoya qilish uchun faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, korporatsiya ishchilarining fojiali oʻlimi tufayli, 1935 yilga kelib koʻpgina isteʼmol tovarlarida radiy boʻyogʻidan foydalanish toʻxtatildi va taqiqlandi.
1950-yillarga kelib, Shveysariyadagi soatsozlik kompaniyalarida ham radiy bilan ishlash oqibatida halok boʻlganlar muammosi koʻtarildi. Garchi AQShdagi fojialardan hamma xabardor boʻlsa-da, shveysariyalik ishchilarning huquqlarini tiklash uchun koʻplab sud majlislari va kimyoviy-tibbiy tahlillar oʻtkazildi. Bu yerda ham vijdonsiz ish beruvchilar osonlikcha tan berishmadi. 1963 yilga kelibgina, Shveysariyada radioaktiv moddalari bilan sanoat koʻlamida ishlash, bu borada ishchilar sogʻligʻi va mehnatini muhofaza qilishga oid qoidalar – Radiatsion himoya boʻyicha yoʻriqnomalar (Verordnung über den Strahlenschutz) amalga tatbiq etildi.
Afsuski, ochkoʻzlik, vijdonsizlik va shafqatsizlik qurboni boʻlgan amerikalik “radiy qizlari” qabrlarida ham yana uzoq yillar nurlanib, porlab turishadi – chunki radiyning yarim parchalanish (batamom zararsiz inert moddaga aylanish) davri 1600 yilga teng.
Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.




