Qish gʻamida yashaydiganlar (qishloq hayoti haqida fotohikoya)
Qishloq odamlarinining qishdagi birinchi tashvishi bu oʻtin. Gaz trubalari yotkizilgan, ammo xalq pechka va oʻtiniga ishonadi.

Qishloqda tong erta otadi. Qishloqning qishda qanday boʻlishini koʻrganmisiz? Qishdagi hayot tarzida yashab, mayda detallarigacha his qilish umuman boshqacha iliq tuygʻu. Ovozlar uygʻotgichga qoʻyilgan qaysidir tarona emas. Xoʻroz, supurgi ovozi, koʻchadan oʻtayotgan qoʻylar, oʻtin yorayotgan qoʻshnining ovozlari, masjiddagi azon( baland ovozni toʻsib qoʻyadigan binolar boʻlmagani uchun yaxshi eshitiladi).
Qishloq odamlarinining qishdagi birinchi tashvishi bu oʻtin. Axcha qishlogʻida masalan gaz trubalari yotkizilgan, ammo xalq pechka va oʻtiniga ishonadi. “Svetga ham, gazga ham ishonch yoʻq” – xalq tilidan.
Qishloqda odamlarning qancha topishiga yo boshqasiga emas, qanaqa kiyim kiyishiga emas, uning hovlisida qancha koʻp daraxtlari, mevalari borligiga qarab boyligini oʻlchashadi. Shu sababli odamlar koʻproq turli xil mevalar, poliz ekinlari yetishtirishga harakat qiladi. Oʻzi ekadi, yetishtiradi, qishda yana oʻzi kesadi. Erta bahor yana kesganlarining oʻrnini toʻldirishga harakat qiladi. Odamlar elektr va gazga ishonmaydi.
Axcha qishlogʻi Namangan viloyatining togʻli hududlariga yaqin joylashgan. Bahor va yoz oylarida havosi toza, faqat qish oyida toza havo topish muammo. Moʻrilardan pechkalarga yoqilganlarning tutuni chiqadi. Shu sababli havodan koʻmir, chalma (tappi, bu yerlik aholi tilida “chalma” deyiladi) va boshqa turli xil daraxt oʻtinlarining hidi anqib turadi. Chunki har bir xonadonda yoʻq deganda bir dona pechka yoqiladi. Tandir va oʻchoq uchun gʻoza poyasi oʻtin sifatida ishlatiladi. Bundan tashqari qishloqda yogʻingarchilik kamayib ketgan. Bu yil ham hali qor yogʻgani yoʻq.
Qishloq aholisi suvni necha yillardan buyon tashib ichadi. Qachon koʻchaga chiqmang, suv idishi koʻtarganlarni uchratib qolish tabiiy hol.
Qishloqdagi qishning qanchalik oʻzgacha ekanligini koʻp detallar bilan his qilish mumkin. Sovuq urmasligi uchun matolar bilan oʻralgan tok, oʻtin, koʻmir, dorlardagi yuvilgan kiyimlar, devorga tikkalab qoʻyilgan makkajoʻxori poyalaridan tortib to molxona devorlariga yopilgan tappi-yu eski uyning devoriga suyangan narvongacha bari qishloq muhitini yaratadi. Qishloq odamlari yuzlarida samimiyat qanchalik koʻrinsa, qiladigan ishlarida ham sof tabiiy hayotda tarzini koʻrasiz. Masalan, ular sabzavotlarni oʻz holatida saqlash uchun muzxona oʻrnida yerostiga oʻra qazishadi, shu yerda saqlashadi.
Har qanday oʻzlarida bor imkoniyatlardan foydalanishadi. Goʻng( chorva va qora mol axlati)dan tappi tayyorlab yoqilgʻi, ekin ekiladigan yerlarga qishda sochib, yer haydaganda tuproqqa qoʻshilib ketadigan oʻgʻitga aylantirishadi.
Qishloq odamlari haqida “Koʻmirni olmosga aylantiradiganlar” deyolaman xolos. Ular qishning chillasida shamda oʻtirsa ham nolimaydiganlar, isyon qilmaydiganlar, hayotini faqat oʻzining qoʻli bilan yaxshilaydiganlar, farzandlari oʻzi kabi yashamasligi uchun harakat qiladiganlar, baxtni mana shunda koʻradiganlar. Yoz boʻyi qish uchun tayyorlanadiganlar, har yilini aynan shu tarzda oʻtkazadiganlar.
Bu hayotidan mamnunlarning hikoyasi…
Fazilat Soib