Butun dunyo mashinalardan voz kechyapti

Bizda esa hali oʻzi yoʻq, hozir pul toʻlab, yarim yildan keyin oladigan avtomobilga dahshatli darajada navbatlarni koʻrish mumkin.

Maqola
9-yanvar, 16:45
Butun dunyo mashinalardan voz kechyapti

Rivojlangan va gavjum shaharlarda avtomobil harakati bilan bogʻliq muammolar boʻlishi bor gap. Ammo avtomobillardan chiqayotgan zaharli moddalar bugun tirbandlikdan-da jiddiyroq xavfdir.

Toshkent havosi ifloslangani haqida juda koʻp manbalar maʼlumot berdi. Poytaxtimiz bu borada dunyo mamlakatlarini ortda qoldirmoqda. Havo ifloslanishiga esa zavod va fabrikalardan chiqayotgan zararli tutunlar bilan bir qatorda avtomobillar sonining sezilarli oshgani ham joʻyali sabablardandir.

Hisob-kitoblarga koʻra, bitta avtomobil bir kunda oʻrtacha 10-12 litr benzin sarflaydi va atmosfera havosiga 25 kilogrammgacha zararli kimyoviy birikmalarni chiqaradi. Bu bir yil davomida 4 tonnadan ortiq kislorodni “yoʻqotishga” sabab boʻladi. Odam oʻpkasi esa bir sutkada 13 kubometr havoni yutib chiqaradi. Yuqoridagi koʻrsatkich butun boshli temir yoʻl tizimi hajmiga teng. Bu kabi zararli kimyoviy moddalar faqat insoniyat emas, hayvonot olami uchun ham halokatdir. Zararli kimyoviy birikmalar iqlim oʻzgarishlari(anomal issiq, qum boʻronlari, anomal sovuq, magnit boʻronlari va boshqalar)ga sabab boʻladi.

2022 yil 1 yanvar holatida respublikada jismoniy shaxslarga tegishli jami avtomobillar soni 3 268 470 tani tashkil etmoqda.

Ushbu koʻrsatkich hududlar kesimida:

  • Toshkent viloyati – 324 154 ta;
  • Qashqadaryo viloyati – 260 583 ta;
  • Andijon viloyati – 223 783 ta;
  • Namangan viloyati – 218 613 ta;
  • Buxoro viloyati – 212 757 ta;
  • Xorazm viloyati – 210 255 ta;
  • Surxondaryo viloyati – 183 364 ta;
  • Qoraqalpogʻiston R. – 135 872 ta;
  • Navoiy viloyati – 97 439 ta;
  • Jizzax viloyati – 90 860 ta;
  • Sirdaryo viloyati – 68 278 ta.

Oʻzbekistonda elektromobillar savdosidagi oʻsish esa 38% foizga yetgan.

Dunyoning eng rivojlangan va gavjum shaharlarida vaziyat qanday?

• Fransiyada velosiped haydovchilari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Yangi dasturga koʻra, avtomobildan elektr velosipedga oʻtgan fuqaro 200 yevrogacha kompensatsiya olishi mumkin.

• Parij mutasaddilari allaqachon mashinalarni shahar koʻchalaridan siqib chiqarishga kirishgan. Masalan, oʻtgan yil iyun oyida Fransiya poytaxtida ekologik toza transport turlari tarqalishini qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan yangi avtomatik ijara tizimi ishga tushirildi.

• Buyuk Britaniyada transport vositalaridan karbonat angidrid gazi miqdoridan kelib chiqib, yillik soliq undiriladi.

• Soʻnggi yillarda Xitoy hukumati atrof-muhitga zararni kamaytirish uchun ekologik toza transport turlarini rivojlantirishga qaratilgan dasturni amalga oshirmoqda. Chin mamlakatida “yashil” avtomobil xarid qilganlar uchun turli subsidiya va imtiyozlar taqdim etiladi. Xitoy elektromobil va gibrid savdosi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egallaydi. 2021 yilda mamlakatda 507 ming dona shunday avtomobil sotilgan. Mamlakatning uchta yirik metropoliyasi – Pekin, Shanxay va Shenjenda keng koʻlamli elektr transport vositalarini quvvatlantirish tarmogʻi yoʻlga qoʻyilgan.

• Bugungi kunga qadar dunyoda Xitoyning 1 milliondan ortiq “yashil” avtomobili sotilgan.

• Yaponiyada atrof-muhitga ziyon yetkazmaydigan transport turlari afzal koʻriladi. Kunchiqar yurt avtomobil ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi maʼlumotiga koʻra, 2021 yilda “Toyota Prius” gibridi 248 000 donadan koʻp sotilib, ichki sotuvda yetakchilikni qoʻlga kiritgan.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2030 yilga kelib benzinli va dizelli avtomobillarni sotishni taqiqlaydigan davlatlar:

  • Norvegiya (2025 yildan)
  • Daniya
  • Buyuk Britaniya
  • Germaniya
  • Irlandiya
  • Islandiya
  • Niderlandiya
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+