Amaliyot oʻtaydigan talabalarga endi haq toʻlanadi
Talabalarni bunga saralab olish Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga topshirilgan.

Endi talabalar amaliyot oʻtasa, ularga BHMning 2 baravari miqdorida ish haqi toʻlanadi. Shu paytgacha amaliyot uchun pul berilmagan.
Amaliyot boʻyicha xarajatlar maxsus komissiya tomonidan yakuniy qaror qabul qilingandan soʻng 15 kun davomida qoplanadi va ijtimoiy soliq ham uning hisobraqamiga tushirib beriladi.
Hukumat qarori bilan bu boʻyicha nizom tasdiqlangan. Nizomga koʻra, amaliyotni tashkil etish maqsadida vazirlik talabalar oʻrtasida har yili kamida bir marotaba tanlov oʻtkazadi.
Bunda amaliyot oʻtash uchun 500 ta (Toshkent shahri uchun – 45 ta, Qoraqalpogʻiston va viloyatlar uchun – 35 tadan) oʻrin ajratiladi. Tanlovda ishtirok etish uchun talaba arizani shaxsan oʻzi, pochta orqali yoki elektron shaklda oʻzi oʻqiyotgan oliy taʼlim tashkilotiga topshiradi.
Tanlovda qatnashish uchun talaba:
- bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan boʻlishi;
- taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) tarmoq korxonasidagi faoliyat yoʻnalishiga mos boʻlishi;
- Oʻzbekiston rezidenti boʻlishi lozim.
Oliy taʼlim tashkiloti ariza bergan talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yoʻllanma xati bilan Maxsus komissiyaga 5 ish kunida taqdim etadi. Maxsus komissiya ushbu hujjatlarni kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni davomida koʻrib chiqib, talabani tanlovda ishtirok etishi yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Maxsus komissiya tomonidan talaba amaliyotini tashkil etish ish rejasi himoyasi (taqdimot koʻrinishida) oʻtkazilib, 20 kun ichida yakuniy qaror qabul qilinadi. Yakuniy qaror qabul qilingandan 10 ish kuni davomida tanlov natijalari boʻyicha maʼlumot vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Amaliyot 1 oydan 3 ochgacha boʻlgan davr mobaynida oʻquv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Talabaning amaliyot oʻtashi uchun sinov muddati belgilanmaydi.
Nizom harbiy va harbiylashtirilgan oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.