Tadbirkorlardan talab qilinadigan 34 xil hisobot bekor boʻlyapti
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik boʻyicha majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Shu paytgacha tadbirkorlardan mavjud maʼlumotlarni qoʻshimcha ravishda talab qilish holatlari bor edi. Bu yildan 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Natijada har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million soʻm xarajati tejaladi.
Shavkat Mirziyoyev 8 yanvar kuni aholi bandligini oshirish va tadbirkorlik boʻyicha majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Prezidentning aytishicha, tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona roʻyxati tasdiqlanmagan. Shu bois yagona hisobotlar tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 ta litsenziya va ruxsatnoma ham bekor qilinadi.
Rasmiy statistikaga koʻra, ishsizlar soni 1,3 million nafarni tashkil qiladi. Bu yil yana 2,4 million aholi mehnat bozoriga kirib keladi.
Shularni inobatga olib, sifatli va yuqori daromadli ish oʻrinlari hisobiga joriy yilda 5 million aholining bandligini taʼminlash maqsad qilingan. Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 million, qishloq xoʻjaligida 2,1 million, investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor.
Bundan tashqari, zamonaviy moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish koʻzda tutilmoqda.