platina.uz
Jamiyat

Prezident topshirigʻini bajarmayotgan vazirliklar

Platina.uz Prezident farmoni ijrosini bajarmagan va qogʻozbozlikdan qutila olmayotgan tashkilotlarni aniqladi. 

Prezident farmoniga muvofiq 2023 yil sentabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlarida qabul qilingan barcha turdagi buyruq, qaror va farmoyishlar “qogʻozsiz ish yuritish” tamoyili asosida “E-qaror” elektron tizimi orqali eʼlon qilib borilishi kerak edi. Buning ijrochilari sifatida Raqamli texnologiyalar vazirligi va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari belgilangan.

Platina.uz Prezident farmonining ijrosini bajarmay kelayotgan, haligacha buyruq, qaror va farmoyishlarini “E-qaror” tizimi orqali eʼlon qilishni yoʻlga qoʻymagan tashkilotlarni aniqladi.

Oʻzbekistonda mavjud 21 ta vazirlikdan 7 tasi: Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Mudofaa vazirligi kabilarda shu kungacha birorta ham buyruq, qaror yoki farmon boʻyicha ochiq maʼlumot mavjud emas. Bundan tashqari, boshqa vazirliklar farmon ijrosini nomiga bajarayotganini koʻrish mumkin.

Farmonning ijrochilaridan biri — Raqamli texnologiyalari vazirligining oʻzi ham oxirgi marta 8 oktabrda buyruq eʼlon qilgan. Shundan soʻng boshqa birorta hujjat ochiqlanmagan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, oxirgi marta oktabr oyida; Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi sentabr oyida bir nechta hujjatni ochiqlagan, xolos. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligida esa noyabr oyida bittagina, Yoshlar siyosati va sport vazirligida dekabr oyida 2 ta buyruq eʼlon qilingan

21 ta vazirlik ichida Adliya vazirligi yanvar oyidan boshlab to bugungacha 347 ta buyruqni eʼlon qilib, “qogʻozsiz ish yuritish” tamoyilida yetakchilikni qayd etgan. Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son Farmoni ga koʻra Adliya vazirligi 2021 yil 1 iyulga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlarni faqatgina maxsus “Ye-qaror” elektron tizimi orqali tayyorlab, qabul qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyishi belgilangandi. Yaʼni “Ye-qaror” elektron tizimi bu vazirlikka boshqalariga nisbatan avvalroq tatbiq etilgan.

Agentliklar kesimida esa, Madaniy meros agentligi hamda Milliy antidoping agentliklarida birorta hujjat ochiqlanmagan.

Shuningdek, qoʻmitalardan Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Soliq qoʻmitasi haligacha buyruq, qaror va farmoyishlarini “Ye-qaror” tizimi orqali eʼlon qilishni yoʻlga qoʻymagan.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasida 2 ta buyruq mavjud boʻlib, birinchisi oktabr oyida, oxirgisi dekabr oyining birinchi haftasida eʼlon qilingan. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasida esa jami 9 ta buyruq bor boʻlib, oxirgi marta noyabr oyi oxirida hujjat ochiqlagan. Inspeksiyalarning farmonga boʻlgan munosabatini esa gapirmasa ham boʻladi. Bugungacha 11 ta inspeksiyadan hech qaysisi, hech qanday qaror chiqarmagan yoki ochiqlashni istashmagan. Qolaversa, “Ishga marxamat” monomarkazi, “Mehnat sohasida loyihalarni boshqarish markazi” MChJ, “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy apparat kompleksini boshqarish direksiyasi, Ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish markazi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi, Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnat muhofazasi kolleji, Vazirlar mahkamasida ham hech qanday hujjatlar ochiqlanmagan. Birgina Kambagʻallikni qisqartirish va mehnat masalalari ilmiy-tadqiqot instituti noyabr oyida atigi bitta buyruqni eʼlon qilgan.

“Qogʻozsiz ish yuritish” tamoyili asosida tuzilgan ushbu tizimga loqaydlik hukumat idoralarining Prezident farmoniga loqaydligini yoki hali hamon qogʻozbozlikdan qutula olmayotganlarini koʻrsatadi.

Odinaxon Dehqonova

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid