Oʻzbekiston dunyodagi eng yirik oltin sotuvchi boʻlib qolmoqda
Mamlakatning xalqaro oltin-valyuta jamgʻarmalari ham koʻpaydi.

Jahon oltin kengashi maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilning noyabr oyida Oʻzbekiston Markaziy banki dunyodagi eng koʻp oltin sotuvchisi sifatidagi oʻrnini saqlab qoldi.
Noyabr oyida Oʻzbekiston Markaziy banki 11 tonna qimmatbaho metal sotgan boʻlsa, Qozogʻiston 3 tonna sotgan holda savdo hajmi boʻyicha ikkinchi oʻrinni egalladi.
Oʻtgan yilning oktabr oyida ham Oʻzbekiston 11 tonna qimmatbaho metal sotgan va jahonda birinchi oʻrinni qayd etgandi.
Shuningdek, Markaziy bank bergan maʼlumotga koʻra, 1 yanvar holatida Oʻzbekistonning xalqaro oltin-valyuta jamgʻarmalari 34 mlrd. 564 million dollarni tashkil qilmoqda. Bu koʻrsatkich dekabrda 32 mlrd. 896 million dollarni tashkil etgan. Demak, zaxirada yaxshigina oʻsish kuzatilgan.
Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2023 yilning yanvar-oktabr oylarida Oʻzbekiston xorijga 6,87 milliard dollarlik oltin eksport qilgan. Bu koʻrsatkich, 2022 yilning shu davriga nisbatan 2,3 baravarga koʻpaygan.