Davo emas, xumor uchun chiqarilayotgan dorilar

Preparatlarning oʻrgatib qoʻyuvchi funksiyasi bor. Doza oshirilmagan taqdirda dori taʼsir kuchi kamayadi.

Maqola
8-yanvar, 13:53
Davo emas, xumor uchun chiqarilayotgan dorilar

Hisob-kitoblarga koʻra, mamlakatimizda 15 ming 799 ta dorixona faoliyat yuritib kelmoqda.

Dori-darmon sotuvi va reklamasi bilan shugʻullanish haqiqiy “biznesga” aylanib ulgurgan deyish mumkin. Sababi, aholining aksariyat qismi shifokor maslahatidan koʻra dori reklamalariga koʻproq eʼtibor qaratadi.

Reklama sohasida eng rivoj topgan yoʻnalishlardan biri ham ayni shu sohadir. Xoh ichki reklama boʻlsin, xoh tashqi banner – ahamiyatsiz. Dori reklamalarini bozorlar yonida, metropolitenning turli bekatlari va eskalatorlarda, hatto yirik savdo majmualarida bemalol uchratish mumkin. Holbuki, bu yerlar dorixona va shifoxonalardan ancha uzoqda joylashgan.

Misol sifatida trimol dorisini olsak. Ushbu preparat metro bekati, tashqi banner, televidiniye orqali yirik planda reklama qilinadi. Reklama gʻoyasi puxta oʻylangan. Negaki, unda dorining ogʻriq qoldiruvchi xususiyati aniq tasvirlangan.

Trimol aslida nimalardan tarkib topgan?

Preparat paratsetamol, propifenazon, kofein, chinnigul yogʻi, maxamausha taila, maxanarayana taila kabi faol moddalardan tarkib topgan.

Propifenazon moddasi zararlimi?

Google’da ushbu savolga oʻzbek tilida javob mavjud emas, lekin shu savol turk tilida berilganda ushbu kimyoviy modda nafas siqilishi va hatto anaflaktik shokka sabab boʻlishini bilib olish mumkin.

Ammo reklamaning hech qayerida propifenazon moddasi bilan bogʻliq ogohlantirishga koʻzimiz tushmaydi. Bu faqat bitta preparat xolos. Televidine, radio, internet orqali minglab dorilar reklama qilinadi.

Apteka.uz farmatsevtika portali jamoasi 2020 yilda Oʻzbekiston aholisi tomonidan internetda eng koʻp qidirilgan dorilar roʻyxatini aniqlash maqsadida tadqiqot oʻtkazgan edi.

Tadqiqot natijalariga koʻra, Sinepar (Hindiston) ogʻriq qoldiruvchi vositasi haqida maʼlumot 55 ming martadan koʻproq qidirilgani aniqlangan. Ikkinchi oʻrinni Kyupen (Hindiston) anestetik preparati egallagan. Ikkala dori ham shifokor retsepti boʻyicha taqdim etiladi. Kuchli uchlikni shifokor retseptisiz taqdim etiladigan eng mashhur antiseptik preparat Loroben (Turkiya) yopadi. Bundan tashqari, isteʼmolchilar ovqat hazm qilish tizimini yaxshilovchi dorilarni koʻp qidirgan.

Oʻylashga undovchi tomoni 2020 yilda koronavirus infeksiyasi avj olganiga qaramay, Oʻzbekiston aholisi internet orqali virus davolovchi emas, balki vaqtinchalik ogʻriq qoldiruvchi dorilarni qidirganidir. Eng yuqori oʻrinni egallagan Sinepar va Kyupen dorilari shifokor retsepti asosida berilishining oʻziga yarasha sabablari bor, albatta. Ammo eng muhimi, preparatlarning oʻrgatib qoʻyuvchi funksiyasidir. Boshi yoki tishi ogʻrigan bemor avval undan 1 tabletka qabul qilgan boʻlsa, vaqt oʻtishi bilan yana ogʻriq sezilganda qabul qilingan doza oshib borishi mumkin. Doza oshirilmagan taqdirda preparat taʼsir xususiyati kamayadi. Shu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun ham ushbu dorilar retsept asosida berilishi belgilangan.

30 dekabrdan Marion Biotek kompaniyasining oʻz faoliyatiga yakun yasagani dori-darmon sohasidagi katta yangiliklardan biri boʻldi. Ushbu kompaniya Oʻzbekistonda quyidagi dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazgan

  • Sinepar Kid Light (suspenziya)
  • Sinepar ibu Kid (suspenziya)
  • Sinepar aktiv gel
  • Frakjoin (kapsulalar)
  • Ferofort (sirop, kapsulalar)
  • Travamaks (oʻsimlik granulalari, sirop)
  • Travanayt
  • Nolgripp (granula, tabletka, sirop)
  • Kurazit (suspenziya, kapsulalar)
  • Beldomaks (tabletkalar, suspenziya)
  • Ambronol (tabletkalar, sirop)
  • Tegramon SUL
  • Anasep (milk uchun gel)
  • Breveflor
  • Levoreks (tabletkalar)
  • Infekon
  • Kuraraks
  • Kuraraks Orni
  • Kurazit
  • Kyuramaks
  • Levoreks
  • Naytfors (Vovagra)

Roʻyxatdagi dorilarning asosiy qismi keng qoʻllanishda boʻlgan preparatlardir. Marion Biotek kompaniyasi faoliyati vaqtinchalik toʻxtatilishiga sabab "Dok-1 Maks" siropi tarkibida "qoʻshimcha begona moddalar" topilgani edi.

Chindan ham dori vositalari tarkibi internetda toʻliq koʻrsatilmasligi tabiiy. Ammo roʻyxatdan oʻtgan preparat tarkibidagi "qoʻshimcha begona moddalar" mavjudligi 100 lab insonlar, bolalar jabr chekkanidan soʻng aniqlanayotgani achinarli holat.

Balki ayni vaqtda qabul qilib turgan dori vositamizda ham "qoʻshimcha begona moddalar" mavjuddir. Biz bu borada kimga ishonganimiz maʼqul?

Shu oʻrinda masʼullarga bir necha savol bilan murojaat qilgan boʻlardik.

Retsept asosida berilishi lozim boʻlgan dorilar nega retseptsiz ham sotilmoqda?

Dori reklamalari boru, lekin nega eng koʻp foydalaniladigan dorilarning salbiy jihatlari keltirilgan tarqatmalar yoʻq?

Maftuna Yodgorova

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+