"Tekin kiyim sabab tartibsizlik": IIBB izoh berdi
Doʻkon egasi va baʼzi fuqarolar jazoga tortilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bepul kiyim-kechak olishga kelgan fuqarolar tomonidan yuzaga kelgan tartibsizliklar aks etgan videolar tarqaldi. Poytaxt IIBB holat yuzasidan rasmiy tushuntirish berdi.
Unda aytilishicha, joriy yilning 4 yanvar kuni Yunusobod tumanida joylashgan “Brend Rows” nomli savdo doʻkonida erkaklar uchun 300 dona qishki palto mahsulotlari tekinga tarqatilishi rejalashtirilib, bu xabar “Tekinga palto 300 dona” deb nomlangan sarlavha bilan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan. Natijada koʻplab fuqarolar ushbu doʻkonga tashrif buyurgan va doʻkon oldida tartibsizliklar yuzaga kelgan.
Shu hududda xizmat olib boruvchi ichki ishlar organlari xodimlari aralashuvi bilan jamoat tartibi saqlanib, vaziyat nazoratga olingan, hech kim jarohatlanmagan, deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijasida savdo doʻkoni rahbari 1999 y.t. S.I.ga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 200-1-moddasiga (“Ommaviy tadbirlar oʻtkazish qoidalarini buzish”) asosan, ushbu doʻkonning 9 nafar ishchilariga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 194-moddasiga (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tumani sudiga taqdim etilgan. Sud tomonidan doʻkon rahbariga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi, 9 nafar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
