Koronavirusning yangi va kutilmagan alomatlari paydo boʻldi
JSSTga koʻra, bir hafta oʻn ming kishi ushbu kasallikdan vafot etmoqda.

JSST tomonidan "xavotirli mutatsiya" sifatida kuzatuv ostiga olingan "omikron" shtammining JN.1 subversiyasi hozir dunyo boʻylab tez surʼatda tarqalmoqda, unga yangi alomatlar qoʻshilgan.
Oʻrganishlarga koʻra, yaqin vaqtgacha JN.1 bilan xastalangan bemorlar asosan burun oqishi, holsizlik, yoʻtal va bosh ogʻrigʻidan aziyat chekib kelayotgan edi.
Xususan, ushbu simptomlar orasida eng koʻp tarqalgani burun oqishi boʻlib, u kasallikka xos belgilarning 31 foizini tashkil etadi. 23 foiz holatda yoʻtal, 20 foiz holatda bosh ogʻrigʻi kuzatilmoqda. Shuningdek, 20 foiz bemorlarda zaiflik va charchoq, 16 foizida esa mushaklarda ogʻriq qayd etilyapti.
Buyuk Britaniya olimlari JN.1 varianti aniqlangan kishilarda endi koronavirusga xos boʻlmagan ikki yangi alomat — uyqusizlik va bezovtalik kuzatilayotganini maʼlum qildi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi kamyob simptomlar koʻpayishi virusning odamlar immunitet tizimiga "chap berish" xususiyati oshib borayotganini anglatadi.
Shunga qaramay, JSST hozircha bu shtamm Yer yuzi aholisi salomatligiga global darajada xavf tugʻdirayotgani yoʻq, degan xulosada.
JSST rahbari Tedros Gebreyesusning Jenevadagi konferensiyaa maʼlum qilishicha, koronavirus oqibatida bir haftada 10 ming kishi vafot etmoqda. Bu ehtimoliy raqamlar xolos. Real koʻrsatkichlar bundan ham yuqori boʻlishi mumkin. Ayniqsa Shimoliy yarim sharda ahvol ancha xavotirli, deydi JSST rahbari.