Yaroqsiz dori ishlab chiqargan firma aniqlandi
Fuqaro murojaati sabab farmatsevtika mutaxassislari tekshiruv oʻtkazgan.

Toshkentda yaroqsiz dori sotayotgan firma aniqlandi. Bu haqda Farmatsevtika xavfsizligi markazi xabar berdi.
Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Farobiy koʻchasi, 28A-uy manzilida joylashgan “Muyassar Med” MChJga tegishli dorixonada tekshiruv oʻtkazilganda, tahlillar natijasiga koʻra, 69 turdagi dori vositasi tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat roʻyxatidan oʻtmaganligi hamda 71 turdagi dori vositasiga muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi aniqlangan.
Yuqoridagi holatlar boʻyicha, “Muyassar Med” MChJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun, 2019 yil 09 fevralda berilgan №480-sonli litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. Hamda “Muyassar Med” MChJga berilgan litsenziya bekor qilindi.
Eslatib oʻtamiz, "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida"gi Qonunga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarga muvofiq, 2024-yil 17-fevraldan boshlab, litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda unga 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi.