Rossiya armiyasini xorijliklar hisobiga toʻldirmoqchi
Putin tegishli farmonni imzoladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin urush vaqti armiyaga kirgan xorijliklarga Rossiya fuqaroligini berish haqidagi farmonni imzoladi.
Shunday qilib, “maxsus harbiy operatsiya” (Rossiya hukumati Ukrainadagi urushni shunday ataydi) vaqtida harbiy xizmatni oʻtash uchun shartnoma imzolagan xorijliklarga Rossiya fuqaroligi beriladi.
Farmon Rossiyaning rasmiy huquqiy axborot portalida eʼlon qilindi.
Hujjatga koʻra, Rossiya fuqaroligini nafaqat armiyada xizmat qilayotgan xorijliklar, balki ularning oila aʼzolari ham olishlari mumkin. Pasport olish uchun ular Mudofaa vazirligi bilan kamida bir yil muddatga shartnoma tuzishlari kerak.
Eslatib oʻtamiz, Gʻarb tomoni Rossiya Ukraina urushida katta yoʻqotishlarga uchraganini aytib keladi. 2022 yil sentabr oyida Rossiyada qisman safarbarlik eʼlon qilindi. Unda 400 mingdan oshiq kishi urushga joʻnatildi.