Tokioda ichida yuzlab yoʻlovchilari boʻlgan samolyot yonib ketdi
Shuningdek, besh nafar harbiy ham bedarak yoʻqolgan.

Japan Airlanes aviakompaniyasining yoʻlovchi samolyoti Tokiodagi Xaneda aeroportining uchish-qoʻnish yoʻlagida yonib ketdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, u aeroport osmonida qirgʻoq qoʻriqlovchi harbiy transport samolyoti bilan toʻqnashgan.
Samolyot shimoliy Sapporo shahridan Tokioga uchayotgandi.
Avialayner qoʻngandayoq qanotlari va korpusi yonib ketgan.
Samolyot bortida 379 nafar yoʻlovchi va ekipaj aʼzolari bor edi. Xabar qilinishicha, ularning barchasi evakuatsiya qilindi.
Yaponiya qirgʻoq qoʻriqlash xizmati yoʻlovchi samolyoti bilan toʻqnashuv oqibatida besh nafar ekipaj aʼzosi bedarak yoʻqolganini maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, 1 yanvar kuni Yaponiyada 7.5 magnitudali yer silkinishlari roʻy bergandi. Hozirgacha qurbonlar soni ellik nafarga yaqinlashdi.