Shavkat Mirziyoyev armiyaning jangovar holatini muhokama qildi
Bugun mudofaa qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan xizmat yigʻilishi oʻtkazildi.

Shavkat Mirziyoyev bugun, 2 yanvar kuni mudofaa qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan xizmat yigʻilishi oʻtkazdi.
Yigʻilishda qoʻshinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash, mavjud qurol-yarogʻ namunalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Qoʻshinlarning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligi, boshqaruv organlari, birlashmalar, qoʻshilma va qismlar, oliy harbiy taʼlim muassasalarining faoliyat samaradorligini oshirish boʻyicha bajarilgan ishlar yuzasidan mudofaa vazirining hisoboti tinglandi.
Yigʻilishda 14 yanvar kuni nishonlanadigan Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlarini yuksak saviyada tayyorlash va oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqildi.