Dubayda garovga olingan oʻzbekistonlik taqdiri haqida maʼlumot berildi
Undan jami 200 ming AQSh dollari pul talab qilingan.

Oʻzbekistonning Dubaydagi Bosh konsulligi diplomatlari koʻmagida ushbu shaharda nomaʼlum jinoiy toʻda tomonidan garovda ushlab turilgan oʻzbekistonlik J.T. qutqarildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Mamlakat Bosh konsulligiga jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari orqali yoʻllangan murojaatga koʻra, J.T. bir guruh shaxslar tomonidan Dubay shahridagi nomaʼlum manzilda majburiy tarzda ushlab turilgan va undan jami 200 ming AQSh dollari pul talab qilingan. Ushbu mablagʻlar aytilgan vaqtda va manzilga keltirilmagan taqdirda J.T.ning joniga qasd qilish bilan qoʻrqitib kelingan.
Bosh konsulxona xodimlari va Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan birgalikda amalga oshirilgan tadbir natijasida J.T. ushlab turilgan manzil aniqlandi va ozodlikka chiqarildi.
Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruh aʼzolarining aksariyati BAA huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan ushlangan va ularga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Hindistonda hibsda saqlanayotgan oʻzbekistonlik ayollar qutqarilgandi.