Marokashda dahshatli zilzila: 300ga yaqin kishi oʻlgani aytilmoqda
Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan keyin boshlangan.

Marokashning Marrakesh shahridan taxminan 70 km uzoqlikda 6,8 magnitudali zilzila sodir boʻldi. Mamlakat ichki ishlar vazirligi kamida 296 kishi halok boʻlganini maʼlum qildi.
Marokash Geofizika markazi Atlas togʻlari hududida 7,2 magnitudali zilzila sodir boʻlganini maʼlum qildi. AQSh Geologiya xizmati zilzila kuchini 6,8 magnitudaga baholadi va u nisbatan sayoz 18,5 km chuqurlikda sodir boʻlganini aytdi.
Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan keyin boshlangan. Sohil boʻyidagi Rabat, Kasablanka va Essauira shaharlarida ham sezildi.
Reuters agentligining Marrakesh aholisiga tayanib xabar berishicha, YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan eski shaharda bir nechta bino qulab tushgan. Mahalliy televideniye masjidning qulagan minorasi tasvirini koʻrsatdi, deya taʼkidlaydi agentlik.
Hodisa haqidagi rasmiy maʼlumotlar bir necha soatdan keyin paydo boʻldi.
Ichki ishlar vazirligi kamida 296 kishi halok boʻlgani va 153 kishi yaralangani haqida xabar berdi.