Yetti oyda YTHlar oqibatida qancha odam halok boʻlgani ochiqlandi
Yoʻl-transport hodisalarida halok boʻlganlarning 1 078 nafari yoki 96,7 foizi xavfsizlik kamarini taqmagan.

Oʻtgan yetti oyda Oʻzbekistonda yoʻl-transport hodisalari natijasida 1 115 kishi halok boʻlgan. Bu haqda Oʻzbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati maʼlumot berdi.
Joriy yilning yetti oy davomida respublika hududida 4 772 ta YTH qayd etilgan. Shundan 2 453 tasi yoki 51,4 foizi subʼektiv sabablarga koʻra sodir etilgan, yaʼni haydovchilar yoʻl harakati qoidalariga eʼtibor bermasligi oqibatida kelib chiqqan.
Achinarlisi, 4 ming 564 nafari turli tan jarohatlari olgan.
Yoʻl-transport hodisalarida halok boʻlganlarning 1 078 nafari yoki 96,7 foizi xavfsizlik kamarini taqmagan. Soha mutaxassislarining fikricha, agar orqada oʻtirgan yoʻlovchilar xavfsizlik kamarini taqqan boʻlganida oldingi oʻrindiqlarda oʻtirgan yoʻlovchilarning koʻpchiligi avtohalokatda omon qolishi mumkin edi. Ularning soʻzlariga koʻra, agar orqadagi yoʻlovchilar kamar taqmagan boʻlsa, YTH vaqtida oldingi oʻrindiqda oʻtirgan yoʻlovchining halok boʻlish ehtimoli besh barobar ortadi.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati statistikmaʼlumotlariga koʻra, YTH turlari boʻyicha sabablar etib piyodalarni urib yuborish, avtomashinalar toʻqnashuvi va boshqalar keltirilgan.
Birgina Toshkent shahar IIB maʼlumotlarida aytilishicha, joriy yilning oʻtgan yetti oyida poytaxtda 675 ta yoʻl-transport hodisasi qayd etilgan. Hodisa oqibatida 71 kishi halok boʻlgan, 787 kishi turli tan jarohatlari olgan. Baxtsiz hodisalarning eng keng tarqalgan sababi tezlikni oshirish boʻlgan — 199 ta holat. Haydovchilar tomonidan 90 ta holatda taqiqlovchi svetofor ishorasiga eʼtibor bermaslik, mast holatda haydovchilar ishtirokida 8 ta YTH sodir etilgan.