platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi ishsizlik holatini tahlil qildi

Davlat rahbari mazkur takliflarni maʼqullab, qoʻshimcha topshiriqlar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi ishsizlik holatini tahlil qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida aholi bandligini taʼminlashga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Hozirgi kunda Buxoro viloyatida 1 milliondan ziyod mehnatga layoqatli aholi boʻlib, shundan 76 ming nafari ishsiz. Har yili mehnat bozoriga 37 mingga yaqin yoshlar kirib kelmoqda. Bularning hammasini inobatga olib, Buxoro viloyatini 2023-2025 yillarda aholisi toʻliq ish bilan taʼminlangan hududga aylantirish maqsad qilingan.

Buning uchun imkoniyatlar yetarli. Masalan, paxta-toʻqimachilik va gʻallachilik klasterlari. Buxoroda 11 ta shunday tashkilot boʻlib, ular tomonidan sanoat va qishloq xoʻjaligida 94 mingta, shu jumladan, kasanachilikni rivojlantirish orqali 19 mingta ish oʻrni ochilishi moʻljallanmoqda.

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida 57 ta mikromarkaz, ishsizlik yuqori boʻlgan 98 ta mahallada kichik tikuv sexlarini tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Joriy yilda 15 ming gektar ekin yerlarini qayta foydalanishga kiritish imkoniyati ham bor. Bu yerlar yangi dehqon xoʻjaliklari tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov asosida taqdim etiladi. Shuningdek, davlat aktivlarini auksionga chiqarish, ularning negizida ish oʻrinlarini koʻpaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.

Umuman, ushbu chora-tadbirlar natijasida joriy yilda 250 mingta ish oʻrni yaratilishi, 2023-2025 yillarda Buxoro viloyati aholisi toʻliq ish bilan taʼminlangan hududga aylantirilishi qayd etildi.

Taqdimotda Hindiston bilan hamkorlikda Qorakoʻl tumanida IT-klaster tashkil etish loyihasi haqida ham axborot berildi.

Davlat rahbari mazkur takliflarni maʼqullab, qoʻshimcha topshiriqlar berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid