platina.uz
Siyosat

Prezident yangi poytaxt bosh rejasi boʻyicha shoshmaslikni aytdi

Loyihada yashillik, qulaylik va tejamkorlikka alohida eʼtibor qaratilgan, faol iqtisodiyot va ijtimoiy hayot uygʻunlashtirilgan, transport tarmoqlari poytaxt bilan bogʻlangan. 

Prezident yangi poytaxt bosh rejasi boʻyicha shoshmaslikni aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 sentabr kuni Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

U bosh reja asosida yil yakuniga qadar batafsil loyihalash ishlarini yakunlash, birinchi bosqich inshootlari boʻyicha loyihachi va quruvchi korxonalarni aniqlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

— Nima uchun bu loyihani shoshmasdan, qayta-qayta koʻryapmiz? Bu shahar yuz yillab xalqqa xizmat qilishi kerak. Odamlar birinchi oʻrinda boʻlishi, kelajakdagi qurilishlar ham inobatga olinishi zarur. Birinchi bosqich mukammal qurilsa, maktab boʻladi, — dedi davlat rahbari.

Bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 million nafarni tashkil qilmoqda. Koʻplab uy-joylar, muassasalar barpo etilib, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortmoqda. Shunga qaramay, yana yiliga 20 ming xonadonli uylar, 40 dan ortiq maktab, bogʻcha, poliklinika qurishga talab bor. Urbanizatsiya surʼatidan kelib chiqilsa, yaqin yillarda aholi soni yanada koʻpayadi.

Bosh reja loyihasi uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma obʼektlari qurish rejalashtirilgan. Direksiya tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda.

“ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida Bosh reja loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari – “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori hududni infratuzilma bilan taʼminlash, yoʻl va koʻpriklar qurish masalalari, muhandislik, shaharsozlik va arxitektura yechimlari boʻyicha axborot berdi.

Loyihada yashillik, qulaylik va tejamkorlikka alohida eʼtibor qaratilgan, faol iqtisodiyot va ijtimoiy hayot uygʻunlashtirilgan, transport tarmoqlari poytaxt bilan bogʻlangan.

Umuman aytganda, Yangi Toshkent “aqlli” va “bogʻ shahar” boʻlishi nazarda tutilmoqda. Maʼmuriy markazda davlat idoralari, Yangi Oʻzbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, taʼlim, tibbiyot va turizm klasterlari boʻladi. 420 gektar maydonda markaziy bogʻ, mavzelar orasida sunʼiy kanal va koʻllar, Chirchiq va Qorasuv daryolari boʻyida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun soʻlim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbogʻi” loyihasi shu joydan boshlanadi.

Bu komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20 ta ilgʻor kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Davlatimiz rahbari infratuzilma tarmoqlarini ilgʻor standartlar bilan uygʻunlashtirish zarurligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid