Qayta-qayta koʻrsangiz ham zeriktirmaydigan 3ta oʻzbek filmi?
Platina.uz shu savollarga aholidan javob oldi.
Maromiga yetkazib ishlangan filmlar, tomoshabinga nafaqat madaniy hordiq, balki dunyoqarashini yanada kengaytirish imkonini ham beradi.
Biroq, saviya jihatdan bizning oʻzbek filmlari bir necha yillar davomida qoralanib, oʻz oʻrnini yoʻqotib keldi. Natijada, televideniye orqali biror milliy film namoyish etilsa, boshqa kanalga ol deydigan boʻldik. Xoʻsh hozirchi?
Bugungi kunda aholi oʻzbek filmlariga qanchalik qiziqish bildirmoqda, oʻzi milliy filmlarni koʻradiganlar bormi? Platina.uz shu savollarga aholidan javob oldi.
Soʻrovnomadan intervyu berganlarning koʻpchiligi, eski oʻzbek milliy filmlari ishqibozi ekanligi yaqqol koʻrinib turibdi. “Shum bola”, “Mahallada duv-duv gap”, “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Shaytanat”, “Oʻtkan kunlar” “Abdullajon”, “Temir xotin”, kabilar nafaqat oʻz davrining, balki bugungi avlodning ham eng sevgan filmlari qatorida. Shuningdek soʻnggi oʻn yigirma yillar ichida sur’atga olingan “Ilhaq”, “Osmondagi bolalar”, “Qasos”, “Baron 1”, “Baron 2” “Novda” kabi milliy filmlar ham ommalashganini koʻrish mumkin.
Aytish mumkinki, soʻnggi yillarda, suratga olinib, premera qilingan, ayrimlari hatto televideniye orqali ham namoyish etib kelinayotgan filmlar kino sanoatiga ijobiy burilish yasamoqda.
Biroq, soʻrovnomamiz natijalaridan koʻrinadiki, bu filmlar yo aholi eʼtirofiga sazovor boʻla olmayapti yoki hali hamon oʻzbek filmlari yaxshi emasligi haqidagi qarashlardan xalos boʻla olmayapmiz.
Odinaxon Dehqonova