Ikkinchi chechen urushi, Ukraina atrofidagi keskinlik

Platina.uz 30 sentabr sanasi bilan bogʻliq muhim voqeliklarni jamladi.

Jamiyat
30-sentabr 2023 yil
Ikkinchi chechen urushi, Ukraina atrofidagi keskinlik

30 sentabr sanasi bilan bogʻliq xabarlar.

Xalqaro tarjimonlar kuni.

Voqealar.

1882 yil – Amerikaning Appleton shahrida (Viskonsin), Foks daryosi boʻyida, koʻplab isteʼmolchilarga (Edison tizimiga koʻra) elektr energiyasini tarqatadigan dunyodagi birinchi GES ishlay boshladi. Suv gʻildiragi bilan boshqariladigan dinamo 12,5 kVt quvvat ishlab chiqardi. Qogʻoz fabrikasi egasi Rojers tomonidan qurilgan bu GES uning uyini, fabrikasini va qoʻshni binolarni yoritishi mumkin edi.

1902 yil – sunʼiy ipak (viskon) patentlangan.

1906 yil – Parijda havo sharlari boʻyicha birinchi xalqaro musobaqa boshlandi. Ertasi kuni Angliyaning Uitbi shahriga (Yorkshir okrugi) qoʻngan Amerika armiyasi leytenanti Frenk Lam gʻolib boʻldi.

1920 yil – tarixchi olim Qahramon Rajabovning yozishicha, Buxoro Markaziy Revkomi “Yer toʻgʻrisida”gi dekretni qabul qildi. Dekret, yaʼni qonun kuchiga ega boʻlgan qarorga muvofiq sobiq amir, uning qarindoshlari va amaldorlari qoʻlidagi butun yer-mulk kambagʻal va yersiz dehqonlarga berilishi kerak edi. Shuningdek, dekretga koʻra, “amlok” va boshqa soliqlar bekor qilindi.

Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, faqat Eski Buxoro tumanlari va Chorjoʻy bekligida sobiq amir va beklarga qarashli 10 ming tanob, taxminan 833 gektar yer musodara qilinib, kambagʻal dehqonlarga taqsimlab berildi. Ayrim tarixiy adabiyotlarda mazkur dekret qabul qilingan sana yanglish tarzda 1920 yil 21 noyabr, deb koʻrsatilgan. Holbuki 21 noyabrda dekret faqat “Buxoro axbori” gazetasida eʼlon qilingan.

1928 yil – ingliz mikrobiologi Aleksandr Fleming penitsillin ixtirosini eʼlon qildi.

1969 yil – AQShning Kaliforniya universitetiga yigʻilgan 20 chogʻli tadqiqotchi koʻz koʻrib, quloq eshitmagan ajoyib moʻʼjizaning guvohi boʻldilar: tarixda ilk bor ikki kompyuter uch metrli qalin kabel orqali bir-biri bilan muloqotga kirishadigan, belgilangan maʼlumotni uzatadigan tizim – Internetni ixtiro qilishdi.

1971 yil – SSSR va AQSh Vashingtonda yadro urushi xavfini kamaytirish choralari toʻgʻrisida bitim tuzdilar.

1980 yil – Birinchi Ethernet. spetsifikatsiyasi chop etildi. U kompyuter va sanoat tarmoqlari qurilmalari oʻrtasida paketli maʼlumotlarni uzatish texnologiyalaridan hisoblanadi.

1991 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining navbatdan tashqari yettinchi sessiyasi “Inson huquqlari va erkinliklari Deklaratsiyasi”ni ratifikatsiya qildi. Ushbu Deklaratsiya mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi imzolagan birinchi xalqaro hujjatdir.

Shu kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga Konstitutsiyaviy maqom berish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

1999 yil – Ikkinchi Chechen urushi boshlandi: Rossiya federal qoʻshinlari Checheniston hududiga kirdi.

2007 yil – Ukrainada muddatidan oldin parlament saylovlari boʻlib oʻtdi.

2009 yil – Oʻzbekistonning “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida” va “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonunlari qabul qilindi.

  • YeI Komissiyasi Gruziya Gruziyada urush boshlagan degan xulosaga keldi, lekin Rossiya ham noadekvat javob berishda va mojaroni qoʻzgʻatganlikda ayblandi.

2015 yil – Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasi boshlandi.

2017 yil – Oʻzbekiston Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

2018 yil – Oʻzbekiston Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

2019 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

  • Oʻzbekiston hukumatining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.

2021 yil – Toshkent issiqlik taʼminoti tizimi boshqaruvi fransuz kompaniyasiga topshirildi. Toshkent hokimligi davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida poytaxtning issiqlik taʼminoti tizimini “Veolia” kompaniyasiga berish toʻgʻrisida bitim imzoladi. Bitim 30 yil muddatga moʻljallangan. Fransuz kompaniyasi tizimni modernizatsiya qilish bilan ham shugʻullanadi.

  • Oʻzbekiston Senati 30 yoshdan oshganlar ham bojxonaga ishga kirishi mumkinligini kafolatlovchi qonunni maʼqulladi.

Rossiya Federatsiyasi huquq-tartibot idoralari respublikada qidiruvda boʻlgan 500 ga yaqin kishini Oʻzbekistonga topshirdi.

Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xodimlari (DXX) tomonidan “Turkiston islom harakati” (TIH) xalqaro terrorchilik tashkiloti aʼzosi, Oʻzbekiston hududida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etgan 1999 yilda amalga oshirilgan qoʻporuvchilik harakatlarida ishtirok etgan shaxs 22 yil oʻtib qoʻlga olindi va Toshkentga olib kelindi.

  • AQSh harbiy tahlilchilari muvaffaqiyatsizlikka uchragan aviatsion loyihalar roʻyxatini tuzishdi, ular orasida beshinchi avlod qiruvchisi F-35 Lightning II (Yashin) haqli ravishda Pentagon tarixidagi eng yomon samolyotlar beshligidan oʻrin oldi.

2022 yil – Oʻzbekiston Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksida 113 ta mamlakat orasida 73-oʻrinni egalladi.

Jizzax viloyatining Doʻstlik tumanidagi Mevazor qishlogʻida istiqomat qiluvchi Roʻziboy Mamatov kichigi 30 kg, kattasi 65 kglik gigant oshqovoqlarni yetishtirdi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi: Rossiya Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlarining bir qismini anneksiya qildi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukraina atrofidagi vaziyat boʻyicha bayonot berdi. Unda Oʻzbekiston boshqa davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga sodiqligi taʼkidlandi. TIV qonunbuzarlik sodir qilmagan chet elliklar, jumladan, rossiyaliklar Oʻzbekistondan majburiy deportatsiya qilinmasligini maʼlum qildi.

Tavalludlar.

1207 — fors soʻfiy shoiri Jaloliddin Rumiy;

1946 yil – suxandon, Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Mirzohid Rahimov;

1964 yil – italiyalik aktrisa va model Monika Belluchchi;

1978 yil – oʻzbek diplomati, yurist, Oʻzbekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov tavallud topgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+