Kanalizatsiya qanday tozalanadi? Biz bilmagan haqiqatlar
Oqava suvlarni tozalash bir necha bosqichda amalga oshiriladi.
Shunday kasb egalari borki, ularning xizmati oʻta muhim boʻlsada, ularni har doim ham koʻravermaysiz. Lekin ular boʻlmasa betashvish va pokiza hayotni unutavering. Bu odamlar oqova suvni shahardan olib chiqish va zararsizlantirishni taʼminlashadi. “Toshkent shahar suv taʼminoti” MChJ xodimlari shunday beminnat va koʻrinmas qahramonlar sirasiga kiradi.
Statistika maʼlumotlariga koʻra, megapolisda yashayotgan shaharlik odam bir kunda oʻrtacha 3 kg. chiqindi tashlaydi. Bir yilda bu 1 tonnaga yaqinlashib qoladi. Bu borada eng koʻp yuk, tabiiyki, shaharning oqava suv tizimi zimmasiga tushadi. Platina.uz bu tizim faoliyati bilan tanishish maqsadida mazkur tashkilotga tegishli eng muhim boʻgʻin - Boʻzsuv aeratsiya stansiyasiga bordi. Bu yerda oqava suv tizimi va chiqindi suvlarni tozalab, tabiatga qaytarish jarayoni bosqichlari bilan tanishdik.
Boʻzsuv aeratsiya stansiyasi 1963 yilda sutkada 25000 metr kub quvvat bilan ishga tushirilgan. Stansiya Toshkent shahridan 4 kilometr quyida, Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududida yerlarida joylashgan boʻlib, umumiy maydoni 122 ga.ni tashkil etadi. Mazkur inshoot Toshkent shahrining Olmazor, Shayxontohur, Uchtepa, Yunusobod va Chilonzor tumanlaridan kanalizatsiya quvurlari orqali kelgan oqava suvlarni tozalash bilan shugʻullanadi. 1970 yilda inshootning quvvati sutkasiga 200 000 metr kubni tashkil etgan. Xozirga kunga kelib, inshoot quvvati sutkasiga 735 ming metr kubga teng.
Mazkur inshoot oqava suvlarni klassik uslubda - mexanik va biologik tozalash faoliyati bilan shugʻullanadi. Oqava suvlarni tozalash bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Bular mexanik, biologik, quyqani qayta ishlash va oqava suvni zararsizlantirish bosqichidan iborat.
Toshkent shahar suv taʼminotiga qarashli Boʻzsuv oqova suv tozalash inshootining boshligʻi Jamshid Zufarovning aytishicha, 2012 yilga kelib texnologik qurilmalarning moddiy va maʼnaviy eskirganligi tufayli tozalash samaradorligi 30% ga tushib ketgan. Tegishli meʼyoriy talablarini bajarish uchun moddiy va maʼnaviy eskirgan texnologik qurilmalar almashtirish talab etilar edi. Natijada 2016 yil aprel oyida modernizatsiya ishlari yakunlandi va xozirgi kunga kelib laboratoriya taxlillarining natijasiga koʻra, oqava suvlarni tozalash samaradorligi 75%ga koʻtarildi.
"Oʻzsuvtaʼminot" AJ Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida oqova suvdan maxsus moslamalar orqali ushlab qolingan maishiy va sanoat chiqindilarining hajmi 292 tonnaga yetgan. Bu koʻrsatkich 2017 yilda 110 tonnani, 2018 yilda 182 tonnani, 2019 yilda 164 tonnani tashkil qilgan.
Koʻrinmas, ammo juda muhim xizmat xodimlarining faoliyati bilan tanishib, ularning mashaqqatli mehnatini qadrlashimiz shart, degan fikrga keldik. Uyimiz va shahrimizning ozodaligini taʼminlab berayotgan bu soha xodimlari oldida doimo qarzdormiz. Ular bizdan alohida hurmat talab etishmaydi. Shunchaki kanalizatsiya quvurlariga mumkin boʻlmagan narsalarni tashlamasak kifoya. Bu ayniqsa tadbirkorlik subʼektlariga tegishli.