Eskirgan milliy dastur, bitiruvchilar saviyasi, ming dollar oylik...

Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi Laziz Xoʻjaqulov bilan sohadagi kamchilik va yutuqlar haqida suhbatlashdik.

Jamiyat
29-sentabr 2023 yil

Bu yilgi yangi oʻquv yili yana ham jiddiy majburiyat va vazifalar bilan qarshi olindi. Darsliklar, oʻquv dasturlaridagi amaliy oʻzgarishlar, pedagog kadrlardan tortib taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar, qoʻyingki, tizimdagi yangi boshqaruv bilan yangi oʻquv yilining mana bir oyini ham ortda qoldirdik. Albatta muammoli masalalar boʻlgani ham sir emas. Biz bugun Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi Laziz Xoʻjaqulov bilan yangi oʻquv yilida tizim masʼullariga yuklatilgan majburiyat va undan kutilayotgan natijalar haqida gaplashamiz.

— Birinchi savol shuki, oxirgi sinov imtihonlarida maktab bitiruvchilarining bilimlari talab darajasida emasligi oshkor boʻlib qoldi. Chunki aksariyat abituriyentlar eng kam, yaʼni 56,7 balldan ham past ball olishdi. Nega taʼlim sohasidagi shuncha yillik islohotlar befoyda ketyapti, koʻngilni xira qiladigan natijalar olinyapti?

— Taʼlim sohasida qancha koʻp ish qilinmasin, natija darrov koʻzga tashlanmaydi. Chunki bu zavod yoki fabrika emas. Maktab taʼlimida bir sikl 11 yilni tashkil etadi. Ikkinchi masala – taʼlim sifatiga baho berish. Buni abituriyentlarning oʻqishga kirish koʻrsatkichi bilan baholamaslik kerak. Abituriyent bilan maktab oʻquvchisining oʻrtasida farq bor.

Joriy yilda statistika maʼlumotlarga koʻra, 888 ming 511 nafar abituriyent qabul imtihonlarda qatnashdi. Ularning 303 ming 560 nafari, yaʼni 31 foizi, bu yil maktabni bitirgan oʻquvchilar edi. Oxirgi paytlarda nodavlat oliy oʻquv yurtlari koʻpayib ketgani sababli, unchalik koʻp ball olmasa ham talaba boʻlayotganlar bor. Demak, maktablarda taʼlim berish sifatini oliy oʻquv dargohiga oʻqishga kira olgan abituriyentlar soni bilan oʻlchash qanchalik toʻgʻri, degan savolni qoʻyish kerak.

Shu oʻrinda yana bir masala: Finlyandiya tajribasi toʻgʻrisida gapirishadi. Findyandiyada bitta gap bor: “biz bolalarni imtihonga emas, biz bolalarni hayotga tayyorlaymiz”, deyishadi. Siz koʻp bolalar qoniqarsiz baho oldi, deyapsiz. Lekin shu yili maktabni tugatgan 303 ming 560 bolaning 25 foizi, yaʼni 95 ming nafari oʻqishga qabul qilindi. OOʻYuga kirayotgan maktab bitiruvchilarining ulushlari umumiy abituriyentlar sonida yildan yilga oshib boryapti. Aytaylik, 2021 yilda shu yili oʻqishni tugatgan bolalarning 81 ming nafari oʻqishga kirgan boʻlsa, 2022 yilda 85 ming nafari OOʻYuga oʻqishga kirdi. Bu yili 95 ming nafari oʻqishga kirdi. Demak, oʻsish dinamikasi mavjud. Bu nimadan dalolat beryapti? Bitta narsani aytmoqchiman. Mana, hammamizning farzandimiz bor. Uning qaysidir OOʻYuga oʻqishga kirishi bu bir bosqich, pogʻona. Bu hali muvaffaqiyat, taʼlim sifati zoʻr, degani emas. Qanchalab odam qoʻlida oliy maʼlumot haqidagi diplomi bilan ishsiz yuribdi. Yoki teskarisi – diplomi yoʻq, lekin muvaffaqiyatli tadbirkor yoki hunarmand. Maktabning asosiy vazifalaridan biri – bu oʻquvchilarni hayotga tayyorlash. Agar bitiruvchi hayotda oʻz oʻrnini topib ketsa, mana shu taʼlim sifati yaxshi ekanidan dalolat beradi. Makrodarajada bu mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida koʻriladi. Masalan, inson kapitali degan tushuncha bor. Inson kapitali boshqa kapitallarni birlashtirib, inson aqli yordamida kashfiyotlar, ixtirolar yaratishga aytiladi. Oxirgi 40 yilni oladigan boʻlsak, Osiyo yoʻlbarslari deb ataluvchi mamlakatlar – Malayziya, Singapur, Janubiy Koreya va Tailand kabi mamlakatlarni oladigan boʻlsak, bu yerda birinchi navbatda universitetga kirish emas, balki eng avvalo bolalar uchun kerakli bilimni berish, malakalarini shakllantirish orqali inson kapitali oʻsgan. Chunki u yerda koʻp resurs boʻlmagan. Aslida taʼlim sifati juda keng oʻlchamli kompleks masala.

- Taʼlim sifatini abituriyentlarning oʻqishga kirishi bilan oʻlchamasak, maktabdagi baholar aniqlamasa, unda qaysi oʻlchov sifatida olishimiz kerak?

– Oʻzbekistonda yaqindan boshlab, oxirgi 2 yilni oladigan boʻlsak, oʻquvchilarning akademik bilimlarini baholashning xalqaro tan olingan dasturlari bor. Bittasi  - PIRLS dasturi boʻlsa, u aynan oʻqish savodxonligini koʻproq baholaydi, ikkinchisi PISA dasturi. Oʻzbekiston bu yil PISA dasturida qatnashdi. Oʻtgan yili PIRLS dasturida qatnashgan edi. Bu jahon miqyosida oʻtkaziladigan narsa.

Maʼlumot uchun:

PIRLS – Progress in International Reading Literacy Study - oʻqish sifati va matnni tushunish boʻyicha xalqaro tadqiqotlar dunyoning turli mamlakatlaridagi boshlangʻich sinf oʻquvchilarining oʻqish va tushunish darajasi va sifatini taqqoslaydi, shuningdek, milliy taʼlim tizimlaridagi farqlarni aniqlaydi.

Tadqiqot davriy ravishda - har besh yilda bir marta amalga oshiriladi va hozirgi kunga qadar toʻrt marta - 2001, 2006, 2011 va 2016 yillarda oʻtkazildi.

PISA - Programme for International Student Assessment, PISA - oʻquvchilarni baholash xalqaro dasturi - bu dunyoning turli mamlakatlaridagi maktab oʻquvchilarining funksional savodxonligi va bilimlarini amaliyotda qoʻllash qobiliyatini baholovchi test. Har uch yilda bir marta oʻtkaziladi. Sinovda 15 yoshli oʻsmirlar ishtirok etadi. U 1997 yilda ishlab chiqilgan va birinchi marta 2000 yilda oʻtkazilgan.

Bu dasturlar jahon miyoqsida tan olingan. Masalan, PISA eng koʻp tarqalgan dastur. Bu dastur Jahon banki ham tan oladigan, oʻquvchilarning bilimini baholash tadqiqotlari hisoblanadi. Unda hamma oʻquvchilarimiz qatnashmaydi. Uning oʻz akademik oʻlchamlari bor. Sampling, yaʼni tanlama tarzida amalga oshiriladi. Baholashda hammani baholanmaydi, bu ilmiy paradigmaga ham toʻgʻri kelmaydi. Bu yil, masalan, bizdan bolalarning 4 foizi qatnashdi, adashmasam. Bunda 15 yoshli bolalar qatnashadi. Nega 15 yoshlilar, chunki koʻpchilik mamlakatlarda 15 yoshdan keyin bolalar mustaqil hayotga, masalan, kimdir kollejlarga chiqib ketadi. “Davlat test markazi” tomonidan olinadigan testlar bilimni baholovchi obʼektiv mezon emas. Bu universitetlarga akademik baholash orqali tanlab olish uchun kerak, xolos. Buni mezon qilib olsak, hozir superkontrakt bilan qanchalab bitiruvchi oʻqishga kirdi. Yoki nodavlat taʼlim dargohlarini oling, ularga qabul qilish jarayonini biz kuzata olmaymiz.

Agar test markazi natijalarini oladigan boʻlsak, aslida oxirgi 3 yilda maktab taʼlimida ijobiy oʻsish boʻldi, degan xulosaga kelamiz. Har yili oʻrtacha ballarni olsak, yaʼni shu yili tugatgan oʻquvchilarning oʻrtacha balli bilan umumiy abiteriyentlarning oʻrtacha ballini taqqoslasak, shu yil tugatganlarning oʻrtacha balli umumiydan koʻra ancha baland boʻlyapti. Har yili shu oʻrtacha ball oʻsib boryapti. Lekin bu narsa taʼlim sifatini oʻlchash bilan bogʻliqligi savol tugʻdiradi. Masalan, nega PISA tadqiqoti har 3 yilda oʻtkaziladi? Chunki taʼlim tizimida qandaydir bir oʻzgarish qilinsa, unga vaqt berish berish kerak. Masalan hozir 1-4 sinf bolalariga yangi avlod darsliklari berildi. Lekin kelgusi yildan boshlab bolalarimiz aqlli boʻlib qolmaydi-ku! Bizda taʼlim sifati yuqori, deb aytolmayman, afsuski. Lekin shu bilan bir qatorda, oliy taʼlimga qabul natijalari orqali taʼlim sifatini baholashni ham toʻgʻri, deb aytolmayman.

— Hozir vaqt kerak, dedingiz. Lekin kadrlar tayyorlash milliy dasturi 25 yil avval qabul qilingan, aytaylik. Shu muddat Oʻzbekiston uchun kamlik qiladi, deb oʻylaysizmi?

— Toʻgʻri, lekin Milliy dasturni ishlab chiqish oʻz yoʻliga, uni ijro qilish oʻz yoʻliga. Ikkinchidan, u eskirib ham qoldi. Bitta statistika maʼlumotini aytay: dunyodagi jami bilimlar boʻyicha oxirgi 70 yillik tendensiyani olsak, har 50 yilda bilimlar 2 baravar koʻpaymoqda. Endi oʻsha dasturga qaytsak, pedagog kadrlarning malakasini oshirish, degan joyi bor edi. Masalan, bir mutaxassis pedagogika yoʻnalishida oliy taʼlim muassasida oʻqishni tugatib keldi, deylik. Undan keyin har 5 yilda malakasini oshirishi kerak boʻladi. 2 yil oldingi holatgacha shunday edi. Endi oʻylab koʻring, hozirgi kunda har yilda pedagogikada va unga taʼsir qiluvchi sohalar, masalan, texnologiyalarda qanchadan-qancha oʻzgarishlar boʻlyapti. Har 5 yilda malakasini oshirgan pedagog zamon bilan hamnafas boʻla oladimi? Albatta bu borada qandaydir strategiya boʻlishi kerak, lekin har bir tegishli hujjatni dogmatik boʻlmagan, yaʼni qotib qolmagan hujjat qilish kerak. Bu yerda har bir davlat idorasining qanchalik avtonom, moslashuvchan ekanligi ham muhim. Oddiy misol, sunʼiy intellektni olsak. Avval oʻquvchiga ingliz tilidan biror yozishni topshirsangiz, birinchidan u qiynalib oʻzbek tilida maʼlumot topar edi. Ikkinchidan maʼlumotlarni insho shakliga tushirar edi. Uchinchidan uni ingliz tiliga tarjima qilar edi. Buning uchun oʻrtacha 3-4 kun vaqt ketar edi. Hozir esa sunʼiy intellekt, masalan, ChatGPT bu ishni 2 daqiqada amalga oshiradi. Demak, endi oʻquvchilarga insho yozishni oʻrgatishimiz kerakmi, degan savol tugʻiladi. Agar biz har 5 yilda oʻquvchining malakasini oshirsak, yana 5 yil insho yozdirib yurardik. Balki endi bolalarga boshqa narsalarni oʻrgatishimiz kerakdir? Balki insho yozish kerak emasdir? Masalan, tarix fanini olsak, turli sanalarni yodlatishga urgʻu berishadi ayrim oʻqituvchilar. Lekin biz talabalarga bu sanalarni emas, shu sanaga bogʻliq voqealarni boshqa tarixiy voqealar bilan bogʻlab tahlil qilishni, ularning mohiyatini tushunishga oʻrgatishimiz lozim, deb oʻylayman. Sanalarni bola Googledan darrov topib oladi. Yaʼni bolalarni umumiy bir qabul qilingan haqiqatga moslashtirish emas, ularni tafakkur qilishga, tanqidiy fikrlashga oʻrgatishimiz oʻrgatishimiz lozim. Goʻyoki bolaga tayyor ovqatni berib, uni chaynashga oʻrgatyapmiz, xolos. Bola ertaga tayyor ovqatga oʻrganib qoladi. Aslida biz oʻquvchiga masalliqni berib, shu masalliqdan ovqat pishirishni oʻrgatishimiz kerak. Oʻshanda oʻquvchining yonida boʻlmasak ham, oʻzi fikrlab, xulosa yasay oladi.

— Oxirgi maʼlumotlarga qaraganda, 220 ming muallimdan 86 ming nafari, yoki 37 foizining bilim va koʻnikmasi qoniqarsiz baholangan ekan. Bu hol ayniqsa hozir talab yuqori boʻlgan informatika, ingliz tili, fizika kabi fanlarda kuzatilgan. Bu nima bilan bogʻliq, deb oʻylaysiz?

 

— Siz hozir eslatgan maʼlumotlar haqiqatan toʻgʻri. Lekin buni attestatsiya jarayonida aniqlashgan. Avvalgi tartibga koʻra, attestatsiya jarayonining muhim qismi bu – oʻqituvchilarning oʻz fani boʻyicha bilimlarini baholash. Bunga hozir oʻzgartirishlar kiritilyapti albatta. Ikkinchi savol tugʻiladi: oʻqituvchilarga bu tarzda baho berish naqadar toʻgʻri?   

Boshqa sohadan bir misol keltirsam, nega bizning futbol jamoalarimiz “Arsenal”, “Real-Madrid” yoki “Manchester-Yunayted”ga oʻxshab yaxshi oʻynay olishmaydi? Chunki bu jamoalarda yaxshi oʻyinchilar bor. Yaxshi oʻyinchi nega oʻsha jamoaga boradi? Chunki ular koʻproq haq toʻlaydi. Bu masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Oʻqituvchilarimizning oylik maoshi haliyam aytilgan darajada emas.

— Darvoqe, shu oʻrinda savol: barcha oʻqituvchilarning oylik maoshi 1000 dollarga qachon koʻtariladi?

— Yaxshi savol... Oʻqituvchilar bizdan ham shuni koʻp soʻrashadi. Lekin bitta narsa borki, hozir ham shu mablagʻni olayotgan pedagoglar bor. Lekin buning uchun oʻqituvchilarning pedagogik mahoratini toʻgʻri aniqlay olishimiz kerak. Chunki siz bir kishiga yaxshi maosh toʻlashingiz uchun undan natija kutasiz, toʻgʻrimi? Masalan, bir oshxonangiz boʻlsa, oshpaz maoshini koʻtarish uchun shu oshpaz ovqatni qanday yaxshi tayyorlaydiyu, bu ovqatdan xursand boʻlib, qancha koʻp xoʻranda kelishiga eʼtibor berasiz. Jamiyat ham xuddi shunday. Jamiyat ham kuchli taʼlim olgan bitiruvchilarni, kuchli mutaxassislarni kutyapti. Chunki kuchli mutaxassislar kelsa, iqtisodiyot rivojlanadi. Iqtisodiyot  rivojlangandan keyin soliqlar ham koʻpayadi. Soliq koʻpaygandan oylik maoshlarni ham koʻtarish imkoni oshadi. Lekin afsuski oʻz ustida ishlamaydigan oʻqituvchilarimiz bor. Demak, avval oq-qorani ajratib olishimiz kerak: qaysi oʻqituvchilar haqiqatan ham 1000 dollarlik darajaga arziydi? Buning uchun esa taʼlim sifatini aniqlab beruvchi aniq mezonlar kerak. Bu oʻqituvchining mehnat mahsuloti, oʻqituvchilarning naqadar zoʻr ekanligi aniqlanishi kerak. Hozir ham shunday oʻqituvchilar borki, hozirgidan koʻra 2 baravar yaxshiroq dars bera olishi mumkin.

Oʻzbekistonda 500 ming oʻqituvchi boʻladigan boʻlsa, faqat 400 ming oʻqituvchiga yetadigan dars soatimiz bor. 100 mingta oʻqituvchi yarim stavkaga rozi boʻlib ishlab yuribdi. Lekin oʻzini hurmat qilgan oʻqituvchi bunga rozi boʻlmaydi. Agar oʻshanga mutanosib oʻqituvchimiz boʻlganda, allaqachon oylik maoshlarni koʻtargan boʻlardi. 100 ming oʻqituvchiga ham katta pul ketadi.

— Demak, hozir maktablarda oʻqituvchilar meʼyoridan ham koʻproq demoqchisiz, shundaymi?

— Shunday.

— Lekin baʼzi bir, masalan, aniq fanlar – kimyo va fizika boʻyicha oʻqituvchilar yetishmasligi kuzatilmoqda. Masalan, jismoniy tarbiya oʻqituvchisi rus tilidan dars berayotgan holatlar ham yoʻq emas. Bu borada nima deysiz?

— Kadrlar yetishmovchiligi masalasida ikki turdagi yechim mavjud. Birinchisi – olis hududlarda dars beradigan oliy yoki 1-toifali oʻqituvchilarga 100 foiz ustama maoshga qoʻshib beriladi. Olis hududga borgandan keyin dars soati ham koʻp boʻladi. 1,5 stavka ham ishlay oladi, chunki boshqa mutaxassis yoʻq.

Ikkinchisi esa “qizil” hududlardagi maktablarda, bitiruvchilari surunkali ravishda yomon natija koʻrsatgan maktablarga borib ishlaydigan oʻqituvchilarga ham, agar bir viloyatning ichida boʻlsa, tumundan tumanga koʻchsa, 100 foiz, boshqa viloyatdan kelib dars bersa, koʻproq ustama beriladi. Ikki yildan beri shunday tartib amal qilyapti.

Yana oʻqituvchilik yetishmasligi muammosiga keladigan boʻlsak, oʻqituvchi kadrlarni yetishtirib beradigan OOʻYu qisman davlat buyurtmasini bajarsa, qisman bozor sharoitlariga koʻnikishga majbur boʻladi. Masalan, bir viloyatda rus tilida oʻqishni istagan 3-4 kishi uchun bitta guruh ochish rentabel emas.  

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston strategiyasi-2030” imzolandi. Shu yerda shu narsaga yechim berib ketildi. Endi qaysi hududlarda, qaysi fanlar boʻyicha oʻqituvchi pedagoglar yetishmaydigan boʻlsa, u yerda davlat buyurtmasi boʻladi, ikkinchidan toʻliq grant asosida oʻqitiladi. Bu narsa taʼlimga ham investitsiya. Bozor shuni talab etayotgan ekan, davlat shuni oʻz zimmasiga olishi kerak. Shu tarzda bu muammoga yechim topilgan.

—Taʼlim sifatini oshirish maqsadida respublika boʻyicha joriy yildan 500 ta maktabda Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar oʻquv dasturi hamda baholash tizimi joriy etiladi. Prezident maktablarining oʻquv dasturi va baholash tizimi nimalarga asoslangan va bu jarayon qanday kechadi? Buning oʻziga xos jihatlari nimada?

— Albatta, bu taklif farmon va qarorlarda ham oʻz aksini topdi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 28 avgustda oʻtkazgan videoselektorda ham bu narsa aytildi. Oʻzbekistonning oxirgi oʻquv yilidagi natijalarini oladigan boʻlsak, Oʻzbekiston oʻquvchilari turli nufuzli xalqaro olimpiadalarda oʻz tarixida birinchi marta 13 ta - 2 ta oltin, 1 ta kumush va 10 ta bronza medal oldi. Jumladan, informatika boʻyicha 2 ta bronza ham olindi. Bu birinchi marta kuzatilishi. Bu juda yuksak natija. Shuningdek, fizika, matematika va kimyo boʻyicha olindi. Umuman olganda kishi boshiga toʻgʻri keladigan YaIM boʻyicha Oʻzbekiston taʼlimi nisbatan yaxshi hisoblanadi. Mana bu natija ham Oʻzbekiston uchun ancha yaxshi natija. Lekin shu narsa koʻrindiki, aksariyat oʻquvchilar yoki Prezident maktabida yoki ixtisoslashgan maktabda oʻqiydigan oʻquvchilardir. Lekin ular ham boshida oddiy maktablarda oʻqishni boshlashgan. Bu yerda oʻquvchilarning akademik natijalarini baholash tizimi – ilmiy tilda aytadigan boʻlsak, formativ va summativ baholash tizimi oʻquvchilarning oʻz ustida ishlashiga undaydigan tizim. Ikkinchidan esa, bu oʻquvchilarning bilimlarida qanday boʻshliqlar mavjudligini obʼektiv koʻrsatib, oʻquvchiga mayoq boʻladigan tizim. Yaʼni oʻqituvchi ham oʻquvchining bilimida qanday boʻshliqlar borligini yaxshi biladi. Hammaga baravar qaralmaydi. Har bir oʻquvchi uchun alohida ishlash imkoniyatini beruvchi yechimlar bor. Bu baholash tizimi toʻgʻrisida. Ikkinchidan jahonda tan olingan taʼlim muassasalari bor. Jumladan, Kembridj universitetining aynan aniq fanlar va tabiiy, yaʼni STEM fanlarini va shu bilan bir qatorda chet tilini oʻqitishda Kembridj universitetining dasturlari bor.

Maʼlumot uchun:

STEM (ingl. science, technology, engineering and mathematics - tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika) - bu alohida, lekin bir-biriga yaqin boʻlgan texnik fanlarni muassasa yoki oʻquv dasturining taʼlim siyosatini tavsiflash kontekstida guruhlash uchun ishlatiladigan umumiy atama. Bu atama 2001 yilda AQShning Milliy ilmiy Jamgʻarmasi (AQSh hukumatining tibbiyotdan tashqari barcha fan sohalarida fundamental tadqiqotlar va taʼlimni taʼminlovchi mustaqil agentligi) olimlari tomonidan taʼlim va kasbiy yoʻnalishni tavsiflash uchun yaratilgan.

STEM fanlari odatda tabiiy fanlar (biologiya, fizika va kimyo) va aniq fanlar (matematika, mantiq va statistika) hisoblanadi. Gumanitar va ijtimoiy fanlar hamda sanʼat HASS (Humanitarian, Arts, Social Sciences) qisqartmasi bilan tasniflanadi va guruhlanadi. Biroq, psixologiya STEMning bir qismi hisoblanadi.

Bu dasturlar bizning maktablarga ham joriy qilingan edi. Bu dasturlarni oʻqitish, toʻgʻrirogʻi, bu dasturlarda oʻqish orqali oʻqitishga tayyor boʻlgan pedagoglarning birlashishi aynan shunday natijalarga olib keldi. Lekin mazkur dasturlar va baholash tizimlarini amalga oshirayotganlar oʻzimizning oʻqituvchilardir. Toʻgʻri, xorijiy oʻqituvchilar ham bor, lekin ular yetarli emas. Buni oddiy oʻquv taʼlim muassasalariga ham joriy qilish mumkin. Buni bir kunda amalga tatbiq etib boʻlmaydi, albatta.

Shuning uchun, siz taʼkidlab oʻtganingizdek, birinchi navbatda oʻsha tanlab olingan 500 ta maktabda joriy etiladi. Joriy qilinganidan keyin qanday muammolarga duch kelishimiz tahlil qilinadi. Shular asosida takomillashtirilib, keyin bosqichma-bosqich boshqa maktablarga ham joriy etiladi.

Prezident aytganlaridek, Prezident maktablari boshqa umumtaʼlim maktablari uchun tayanch maktabi boʻlishi kerak. Maqsad Prezident maktablarida elitani oʻqitib, tarbiyalash emas, bundan butun xalq farzandlari bahramand boʻlishi kerak. Endi Prezident maktablari oyoqqa turib oldi. Boshqa maktablar ham endi bulardan yordam kutadi. Prezident maktablari endi shakllanayotgan paytda kelgan va hozir ham faoliyat olib borayotgan xorijlik mutaxassislar mahalliy oʻqituvchi va oʻquvchilarimizni tayyorlashdi. Endi mahalliy oʻqituvchilarimizda ham shu potensial bor. Ular endi bu potensialni oʻzida saqlashdan koʻra, boshqa maktablarga ham berishi kerak.

— Yaqinda xorijdan 500 nafar “til egalari” jalb qilinyapti. Ularga qanday vazifalar yuklangan va ulardan nima samara kutyapmiz? Ularning samaradorligi qanday tahlil qilinadi?

— Bu haqiqatan ham ancha bahs-munozaraga sabab boʻlgan masala edi. Bu narsani davlatimiz rahbari ham qoʻllab-quvvatladi. Istambul universiteti olib borgan tadqiqotlar mavjud. Rivojlanayotgan jamiyat va taʼlim tizimlariga va sharq mamlakatlariga xos narsa bor ekanki, chet tilini oʻrganayotgan oʻquvchilarni shu til ona tili boʻlgan oʻqituvchidan oʻrganishni boshlasa, chet tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi va mehri ortar ekan. Bu holatda oʻquvchilar koʻproq motivatsiya olar ekan, u bilan koʻproq muloqot qilishga intilar ekan. Chunki oʻquvchilar uchun bu odam boshqa madaniyat vakili sifatida oʻziga xos kashfiyot boʻlar ekan. Garchi u oʻqituvchi oʻz ona tilidan boshqa narsani bilmasa ham. Men bu bilan oʻzimizning oʻqituvchilarimizni kamsitmoqchi emasman. Chet tili boʻyicha kuchli oʻqituvchilarimiz juda koʻp. Lekin bizning maqsadimiz - bunda toʻxtab qolmaslik.

— Finlyandiya tajribasini joriy etish allaqachon boshlandimi? Ayrim maktablarda, masalan Qashqadaryodagi baʼzi maktablarda bu tajriba oʻquv jarayoniga tatbiq etilmoqda, degan maʼlumotlar ham uchraydi. Bular qanchalik haqiqatga yaqin?

— Avvalo bir narsani aytishim shart – biz hech qaysi mamlakatning modelini koʻchirib olmoqchi emasmiz. Buning iloji ham yoʻq. Hech qaysi modelni koʻr-koʻrona koʻchirib olib boʻlmaydi. Shu bilan bir qatorda biz xorijiy tajribaning bizga mos va bizga foydali tomonlarini olishdan albatta manfaatdormiz. Shu bilan birga davlatimiz rahbari Finlyandiya tajribasini oʻrganish haqida aytgandi. Lekin Finlyandiya tajribasini koʻchirib olish haqida aytilmagan. Bunday qilib boʻlmaydi ham. Agar Qashqadaryoni misol qilib oladigan boʻlsak, mahalliy hokimlikning tashabbusi bilan Finlyandiya tajribasi asosida bir necha yangi innovatsion oʻqitishni joriy qilish haqida taklif boʻlgan. Bu taklif asosida hozir normativ hujjat tayyorlanmoqda. Tegishli vazirlik va idoralar bilan birga oʻrganib chiqilmoqda. Allaqachon joriy qilindi, deyishdan yiroqmiz. Lekin suhbatimiz boshida aytganimizdek, Finlyandiya maktablari bolalarni hayotga tayyorlashga eʼtibor qaratadi. Shu bois hozir 1-4 sinflar uchun chiqarilgan yangi darsliklarni oladigan boʻlsak, ularning asosida 4 K prinsipi yotibdi. Bu demak Kreativ fikrlash, Kritik (tanqidiy) fikrlash, Kooperatsiya va Kollaboratsiya degani. Bu yondashuv, yaʼni bolalarning birgalashib, jamoada ishlash, bir-birini qoʻllab-quvvatlashi, ijodiy va tanqidiy fikrlash kabi elementlari aynan Finyalyandiya taʼlimida ham bor. Biz Finyalyandiya taʼlimidan mana shu jihatlarni olamiz. Lekin bu Finyalyandiya taʼlimini koʻchirib oldik, Finlyandiya taʼlimiga tayanib qoldik, degan narsa emas. Xabaringiz bor, Prezidentimiz 28 avgustda boʻlgan selektor yigʻilishida ham pedagoglarning faoliyatini baholash va sertifikatlashtirish haqida gapirar ekan, masalan, Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarning oʻqituvchilar faoliyatini kasbiy-professional sertifikatlash tajribasini oʻrganish va bu tizimni Oʻzbekistonga joriy etish boʻyicha taʼkidladi. Shunday ekan yana bir bor aytaman: Singapur va BAA kabi mamlakatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish hamda ular asosida oʻz modelimizni yaratish – asosiy maqsadimiz, ularni koʻchirib olib kelish emas!

— Oxirgi savolimiz, ayni paytda maktablarimizda yangi ishga kelgan pedagogik kadrlarning oylik maoshi oʻrtacha qanchani tashkil etadi?

— Men toʻgʻrisi, buxgalteriya jarayonlarida sal chetroqman. Agar adashmasam, hozirgi kunda, ishga yangi kelgan pedagog xodimimiz 2 mln. 800 mng soʻm maosh olsa kerak. Yaʼni bu toifasiz oʻqituvchining maoshi. Chunki bizda mutaxassislik boʻyicha 2 toifa, 1 toifa, oliy toifa bor. Ustamasiz maosh, sof qoʻliga oladigan maosh 2 mln. 800 ming soʻm, adashmasam.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+