Suv yetishmovchiligi chekka qishloq misolida

Suvga boʻlgan talabning kuchayishi hisobiga 2050 yilga borib Oʻzbekistonda suv tanqisligi besh barobarga oshadi. 

Jamiyat
28-sentabr 2023 yil
Suv yetishmovchiligi chekka qishloq misolida

Oʻzbekistonda bir daqiqada 9 metr kvadrat choʻllanish roʻy bermoqda. Bu haqda Toshkent shahrida 2022 yil 5 dekabr kuni iqlim oʻzgarishlarining Oʻzbekiston agrar sohasiga taʼsiri mavzusida boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qilingandi. “Oʻzsuvtaʼminot” bosh mutaxassisi Anvar Muxamedaliyevning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda soʻnggi 15 yil ichida aholi jon boshiga yillik suv hajmi 3048 metr kubdan 1589 metr kubgacha kamaygan.

Jahon bankining tahliliy koʻrsatkichlariga koʻra, suvga boʻlgan talabning kuchayishi hisobiga 2050 yilga borib Oʻzbekistonda suv tanqisligi besh barobarga oshadi. 

Suv manbalarini bugun chekka bir hudud miqyosida oʻrganamiz. Bu hudud Namangan viloyati, Chust tumanida joylashgan. Qishloqda asosan 3 ta suv manba turidan foydalanadi. Bular quduq, buloq va artizan suvlaridan.

Suv qudugʻi. Yer ostidan yerning holatiga qarab 3 4 yoki 5 6 metrda suv chiqadi. Suvning holati shoʻr emas, ammo artezan suviga qaraganda taʼmi bemazaroq. Qishloq aholisi asosan quduq suvlaridan sugʻorish hamda hayvonlar uchun ichimlik suvi olish uchun foydalanadi.

Qishloqning dasht qismida quduq suvi ancha chuqurroqdan chiqqanligi sababli u suv nisbatan shirinroq va undan insonlar ichish uchun ham foydalanadi.

Suv qudugʻining holati. Quduqning chetki qismlari qattiq narsa bilan qoplanadi (yogʻoch, mashinaning eski baloni, temir va h.k va aksariyat aholi atroflarini sementlab qoʻyadi). Bu chetlaridan tuproq oʻpirilmasligi va suvning tozaligini saqlash uchun. 

Odamlar chelakni suvning ustida qalqib qolmasligi uchun unga ogʻirroq jism bogʻlashadi. Chelakning arqonini tushib ketmasligi uchun quduq yoqasiga qoziqlar qoqib bogʻlashadi.

Suvni quduqdan chiqarib beruvchi moslama. Shu yerlik aholi tilida “Pishkak” deb ataladi. Tepa qismiga ozroq miqdorda suv quyuladi va dastakni qoʻl bilan takror takror harakatlantirish natijasida suv yer ostidan tortib olinadi. Yaʼni quduq ichiga qadar temir quvur qoqilgan. 

Quduq suvidan mator orqali sugʻorishda foydalanish. Quduq ichiga suv ostiga maxsus mator oʻrnatiladi. Suvning yuqoriga shlang orqali olib chiqiladi.

Buloq. Qishloqdagi ikkinchi suv manbai. 

Bu buloq suvidan asosan qishloqdagi Buloqboshi mahallasi va shu atrofdagi aholi foydalanadi.

Ushbu mahalla geografik oʻrniga koʻra qishloqning chuqur qismida joylashgan. Mahallada odamlarning hovlilaridan ham buloqlar chiqqan. Baʼzi aholi bir necha yillar avval uyning ostidan ham buloq chiqqanligi sababli qishloqning yuqoriroq qismlariga koʻchishgan edi. Ammo hozir suv sathi ancha tushib ketdi. Uy ostidagi buloqlar yopilib katta buloqlardagi suv ham kamayib qolgan. 

Maʼlumot uchun: buloq suvi toza va chuchuk suv. 

Buloq mana shunday yoʻl boʻyida joylashgan. Va buloqning suvi buloqning suvi qishloqni kesib oʻtuvchi soyga quyuladi. Aholining hovlisidan chiqayotgan suvni ham ular quyidagi yoʻllar bilan soyga quyilishini taʼminlashadi. Koʻrib turganingizdek, suv sathi tushib ketganligi sabali suv kamayib ketgan. 

Qoʻshimcha maʼlumot sifatida: favqulodda holatlarda yaʼni qishloqqa sel kelganda qishloq soyida va qishloqning baʼzi koʻchalarida ham sel oqib oʻtadi. Bu paytda soy boʻyidagi buloq suvi zararlanadi va QFY buloqdan suv ichish va foydalanishni biroz muddatga taqiqlab qoʻyadi. Bu muddat 1 hafta yoki 2 3 haftaga choʻzilishi mumkin. 

Suv olish inshooti. Bu qishloqdagi eng katta suv olish inshooti. 

Ha, bu inshoot Chust tumaniga emas, Pop tumaniga tegishli. Axcha faqatgina shu qishloq yoki shu tuman aholisi uchun emas boshqa qishloq va tumanlarga han asosiy suv yetkazib beruvchi hisoblanadi.

Qishloqning fermer xoʻjaliklari togʻ loyqa suvlari va artizan suvlaridan foydalanadi. Qishloq aholisining fermer xoʻjaliklariga yaqin qismlari ham mana shu suvdan foydalanib kelmoqda. Yaqinda qishloqning yuqori qismidagi dashtlarda ham artizanlar qurilishi rejalashtirilmoqda yaqin orada qishloq toʻliq artizan suvlaridan foydalanishga oʻtsa ajab emas. Ammo bu sugʻorma suvga boʻlgan ehtiyojni qoplamaydi. Qishloq aholisi koʻp va ularning asosiy daromadi dehqonchilikdan. 

Qishloqning baʼzi hududlarida ichimlik suvi necha yillardan beri tashib ichiladi. Ammo rivojlanish bor. Asta sekinlik bilan qishloqning barcha hududlari ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda. Xonadonlarga ichimlik suvi kranlari oʻrnatilmoqda.

Artizan suvlari yer osti suvlarini kamaytirib suv tanqisligini keltirib chiqaradi. Ammo qishloq sugʻorish tarmogʻi uchun boshqa yoʻl yoʻq, yaʼni qishloq atrofida shoʻr suv daryo va kanallar oqib oʻtmaydi. Qishloq soyining ahvoli yuqorida keltirildi. U faqat sel yoʻli hamda buloq va agarotlardan oqib chiqadigan ortiqcha suv quyiladigan soy vazifasini oʻtaydi xolos. 

Undan tashqari qishloqda barcha qishloqlar kabi yomgʻir va qor suvlaridan xoʻjalik ishlarida va uy roʻzgʻor ishlarida unumli foydalaniladi. 

Qishloq togʻga yaqin hududda joylashgan. Ammo sizning tasavuringizdagi togʻ ostidagi soʻlim goʻshalar hali ham oʻshanday emas. Avval qishloq bu darajada suvga muxtoj emas edi. Gullab yashnayotgan togʻ ostidagi goʻzal joy edi. Suratlar aynan suv manbai koʻp paytda, erta bahorda suratga olingan. Oʻzbekiston “Susambil”larini suv muammosi tufayli yoʻqotmoqda.

Fazilat Soib

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+