Prezident yuk transportlari shahardan yurishini yana tanqid qildi
Avvalroq ham shu masalaga toʻxtalgan va yoʻllardan oʻtadigan yuk mashinalarini nazorat qiluvchi tizim yoʻqligini tanqid qilgandi.

Shavkat Mirziyoyev temir yoʻl sohasiga oid yigʻilishda import vagonlarining katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuqori boʻlayotganini aytgan.
Shu munosabat bilan temir yoʻl yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga koʻchirish imkoniyatini oʻrganish zarurligini qayd etgan. Bu shaharlarda yuk mashinalari harakatini qisqartirishga, tumanlarga qoʻshimcha investitsiya kirishiga xizmat qiladi.
Ushbu masalaga davlat rahbaavvalroq ham toʻxtalgan va yoʻllardan oʻtadigan yuk mashinalarini nazorat qiluvchi tizim yoʻqligini tanqid qilgandi.
Temir yoʻlda ham shu masala koʻtarilgan. Raqamlashtirish qoniqarli darajada emasligini aytgan prezident joriy yilning 7 oyida yuk tashish xizmatining atigi 8 foizi elektron rasmiylashtirilgani, yoʻlovchi chiptalarining 57 foizi kassalar orqali sotilgani tanqid qilgan.
"Bundan tashqari, markaziy vokzallarga kirib-chiqish imkoniyati cheklangan. Avtomobil saqlash joylari vokzallardan uzoq. Vokzallarda savdo va servis xizmatlari lozim darajada yoʻlga qoʻyilmagan", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, poyezd toʻqnashuvlari holatlarining oldini olish uchun barcha avtomobil va temir yoʻl kesishmalarini nazorat qilish, yoʻl belgi, shlagbaum va kameralar oʻrnatish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan.
Shu maqsadda “Oʻzbekiston temir yoʻllari”ni xoldingga aylantirib, tizimda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, jumladan, infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yoʻlovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish boʻyicha bildirilgan takliflar maʼqullangan.
Davlat rahbari vagonlar parkini yangilashga moʻljallangan kredit va kompensatsiya ajratish mexanizmlarini joriy qilish vazifasini qoʻygan.