platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev sayyoradagi 3 ta inqiroz haqida gapirdi

Mirziyoyevning aytishicha, havo harorati isib ketishi oqibatida yaqin 20 yilda ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev sayyoradagi 3 ta inqiroz haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT bosh assambleyasi sessiyasida sayyoradagi uchta inqiroz, yaʼni iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishi haqida gapirdi.

"Ana shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda. Global muammo boʻlgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida Oʻzbekiston oʻz imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda. Soʻnggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi. Bu saʼy-harakatlarimizni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qoʻllab-quvvatlashi juda muhim", dedi prezident.

Mirziyoyevning aytishicha, havo harorati isib ketishi oqibatida yaqin 20 yilda ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan taʼminlanish darajasi 25 foizga, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda.

"Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari boʻyicha maxsus vakili lavozimi taʼsis etilishini qoʻllab-quvvatlaymiz. Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilgʻor texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish tarafdorimiz", dedi Oʻzbekiston rahbari.

Shuningdek, u iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq tahdidlarning oldini olishga qaratilgan “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilishni ham taklif qildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid