Oʻzbekistonda islomiy anjuman oʻtkaziladi
“Mehr” insonparvarlik missiyasi doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi qurolli nizolar hududlaridan vataniga qaytdi.

Shavkat Mirziyoyev BMT bosh assambleyasidagi nutqida 2024 yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.
"Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz", dedi Mirziyoyev.
Nutqda aytilishicha, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasi oʻtkazildi. Uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi qurolli nizolar hududlaridan vataniga qaytdi.
"Yana bir muhim fikrni taʼkidlashni istardim. Soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblaymiz. Jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda YuNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilamiz", dedi Shavkat Mirziyoyev.