platina.uz

Davlat yodga nega bunchalik eʼtibor qaratyapti?

Yod tanqisligiga yechim topilmasa, hozirgi avlod xorijiy yurtlarda mardikorligu hojatxona tozalashdan boshqasiga yaramay qoladi.

Jamiyat
16-sentabr 2023 yil
Davlat yodga nega bunchalik eʼtibor qaratyapti?

Yod yetishmovchiligining oldini olish nega davlat darajasiga koʻtarilmoqda?

Buning bir necha sabablari bor. Avvalo, Oʻzbekiston uchun yod yetishmovchiligi joʻgʻrofiy sabablarga koʻra tarixiy muammo hisoblanadi. Yod moddasi dengiz suvida va dengizga yaqin hududlar tuprogʻida yetarli boʻladi xolos. Oʻzbekiston Hind okeanidan 2 664,2 km., Atlantika okeanidan 11 718 km., Shimoliy muz okeanidan 7 392 km. va Tinch okeanidan 4 806 km. uzoqlikda joylashgan. Mamlakatimiz eng yaqin dengizga ham 2 ta davlatni kesib oʻtishga majbur boʻluvchi dunyodagi ikki davlatdan biri hisoblanadi. Hozirda respublikada yod tanqisligi tarqalish darajasi 31 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich har uchta odamning birida yod yetishmasligini anglatadi.

Ikkinchidan, bu ijtimoiy sabablar bilan bogʻliq. Yod elementi asosan dengiz hayvonot va nabotot olamida mahsulotlarida koʻp boʻladi. Dengizdan uzoqligimiz bois tuprogʻimiz ham yodga kambagʻal va tabiiyki undan oʻsib chiquvchi dehqonchilik mahsulotlari va ular bilan oziqlanuvchi chorvachilik mahsulotlarida yod deyarli yoʻq. Hattoki xurmo, yongʻoq va yeryongʻoqda yod boʻladi degan fikrlar asosli emas. Aholimizning iqtisodiy farovonligi hali talab darajasida emasligi bois dengiz mahsulotlarini muntazam isteʼmol qilish imkoniyatiga ega emas. Bu ham odamlarimiz organizmida yod tanqisligini keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, yod moddasi organizmga kirganda uning yaxshi oʻzlashtirilishini taʼminlash uchun, shuningdek, yod yetishmagan taqdirda kompensatorlik vazifasini bajarishi uchun xilma-xil oqsil, mineral va vitaminlarga boy ovqatlanish ham yoʻlga qoʻyilmagan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, aholimizning 20 foizga yaqini kambagʻal hisoblanadi. Oqsilga boy goʻsht va oʻsimlik mahsulotlarini muntazam va yetarli isteʼmol qilishga esa iqtisodiy iimkoniyatlar imkon bermaydi. Ayrim qishloq joylarida ertalabki nonushta faqat non va choydan iborat. Yoki faqat bir xil, yogʻli va nosogʻlom ovqat turlari ovqatlanish madaniyatimizda asosiy oʻringa chqib olgan.

Agar aholida u yashaydigan muhitning joʻgʻrofiy xususiyatlariga koʻra biror modda yetishmasa, oʻsha modda ommaviy ravishda va hatto bepul tarqatilishi koʻpchilik davlatlar amaliyotida bor narsa. Masalan, Shimoliy Yevropaning koʻpchilik mamlakatlari, AQSh va Kanadaning shimoliy hududlari aholisida quyoshli kunlar kamligi sababli D guruhi vitaminlari yetishmaydi. Biroq bu davlatlarda bolalarga kichik yoshdan boshlab muntazam ravishda D vitaminini qabul qilish anʼanaga aylangan. Shuningdek, koʻp isteʼmol qilinadigan mahsulotlar, masalan, non va sutni D vitamini bilan toʻyintirish yoʻlga qoʻyilgan.

Yod moddasi yetishmovchiligi qayd etilgan hududlar – Rossiya, Xitoy, AQSh, Kanada, Skandinaviya davlatlari va Markaziy Osiyoda esa tuzni yodga toʻyintirib ishlab chiqarish hayotga tatbiq etilgan. Umuman olganda 96 ta davlatda osh tuziga yod qoʻshgan holda chiqarish qonun darajasida talab etiladi. Bunda 1 tonna osh tuziga 20-40 gramm yodat kaliy mahsuloti qoʻshiladi. Chunki Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga koʻra, 35 yoshgacha boʻlgan odamlar organizmi uchun bir sutkada 150 mkg, undan kattalar uchun 100 mkg hajmidagi yod isteʼmoli talab etiladi.

Oʻzbekistonda ham deyarli yarim asrdan beri osh tuzi yodlangan holda chiqarilishi nazarda tutilgan. Bu qonun va qonunosti aktlarida ham oʻz aksini topgan. Jumladan, 2007 yilda “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonun Senat tomonidan tasdiqlandi, 2022 yilda esa prezidentning “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.

Biroq oxirgi yillarda nazoratning sustligi boismi yoki boshqa sabablarga koʻrami, tuzlar deyarli yodlanmagan holda sotuvga chiqarilmoqda. Oʻtgan yili Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi ishtirokida oʻtkazilgan brifinglardan birida shu haqda maʼlum qilindi. Xizmat boshligʻining aytishicha, Oʻzbekistonda 120 ta korxona osh tuzi ishlab chiqaradi. Biroq tekshiruvlar natijasida ularning aksariyati osh tuzini yodlamasligi yoki yetarli darajada yod qoʻshmasligi aniqlandi. SAMARA SALT GROUP, «Margʻilon Elit Tuz», «Pokiza Tuz Savdo», «Chorbogʻ Barakali Tuz», «Ulugʻbek Jovliyev», «Emin Aga», «Mushtaribonu Nilufar Fayz, «Aktosh Xurshid Fayz», «Charbogʻ Sherabot sol» va boshqa korxonalar shular jumlasidandir. Umumiy hisobda ularda ishlab chiqarilgan 70 tonna yodlanmagan osh tuzi savdodan olib qoʻyilgan.

Bunday vaziyat ayniqsa yosh avlod uchun dahshatli hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda har uchinchi bola yod tanqisligidan aziyat chekmoqda. Baʼzi hududlarda bu koʻrsatkich 80 foizgacha yetadi.

Aholi ongida oʻzgarish yasash kerak

Ammo eng katta muammolardan biri aholi ongida yod tanqisligiga eʼtiborning kamligida. Chunki koʻpchilik yod yetishmochiligidan tashvish chekmaydi. “Biz yoshligimizda non-suv bilan katta boʻlganmiz, mana oʻlmay yuribmiz-ku” deya kinoya qilishadi. Biroq tarixga nazar soladigan boʻlsak, sobiq SSSR davrida Oʻzbekiston aholisi ittifoq boʻyicha eng nosogʻlom millat boʻlgan. Toʻyib va foydali ovqat yemaslik, kerakli elementlar yetishmasligi, paxta monokulturasi, buning oqibatida ekologiya buzilishi va atrof muhitning turli pestitsidlar va kimyoviy oʻgʻitlar bilan zaharlanishi natijasida bolalar nimjon va pastak boʻlib qolishgan. SSSRda oxirgi paytlarda oʻzbekistonlik yoshlar harbiy xizmatga chaqirilganda sovet armiyasining elita qismlari hisoblangan, har jihatdan sogʻlom boʻlish talab etiladigan dengiz floti va desant qoʻshinlariga munosib koʻrishmagan. Oʻzbek askarlarini faqat qurilish batalonlariga joʻnatib, harbiy forma kiyib mardikorlik qilishiga ishonishgan xolos. Ilm-fan sohasida ham, ayniqsa SSSR boʻyicha va xalqaro maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan fan olimpiadalarida ham oʻzbekistonliklar faxrli oʻrinlarga kamdan-kam sazovor boʻlishgan. Sport musobaqalari va olimpiadalarda oʻzbekistonliklar juda oz boʻlishgan. Bularning barchasi avvalo shovinistik siyosat, ammo koʻp jihatdan millat salomatligining ayanchli ahvoli bilan bogʻliq boʻlgani endi sir emas.

Yod tanqisligiga yechim topilmasa, hozirgi avlod ham xorijiy yurtlarda mardikorligu hojatxona tozalashdan boshqasiga yaramay qoladi.

Yod tanqisligi nima oqibatlarga olib keladi?

Endokrinolog, tibbiyot fanlari nomzodi Ilmira Isamitdinovaning bildirishicha, yod tanqisligi tanamizdagi qalqonsimon bezning normal ishlashi uchun zarur element hisoblanadi. Gormonlar, xususan, tiroksin ishlab chiqarilishi shunga bogʻliq. Yod yetishmagan holatda qalqonsimon bez tiroksin ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida oʻz hajmini oshirib kattalashadi. Ikkinchidan esa yod insonning metabolizmi va hissiy holati uchun javobgardir va tanani quvvat bilan taʼminlashda ishtirok etadi. Shuningdek, asab va endokrin tizimlari faoliyatiga taʼsir qiladi.

Organizmda yod yetishmasa, qalqonsimon bez oz miqdorda tiroksin ishlab chiqara boshlaydi. Bu holat gipotiroidizm yoki yod tanqisligi deb ataladi. Buning bir qancha belgilari mavjud:

  • qalqonsimon bezning kattalashuvi;
  • ortiqcha vazn;
  • uyquchanlik;
  • soch toʻkilishi;
  • tez charchash;
  • eshitish qobiliyatini yoʻqotish va diqqatning yomonlashuvi;
  • xotira pasayishi;
  • asabiylashuv;
  • sababsiz tashvishlanish;
  • apatiya yoki depressiya.

Yod yetishmasligi kamqonlikka ham sabab boʻladi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston aholisining deyarli 70 foizi kamqonlikka uchragan. Qoraqalpogʻistonda esa ayollarning barchasida kamqonlik mavjud.

Eng koʻp tarqalgan holat — yod yetishmasligi boʻqoq xastaligiga olib keladi. JSST hujjatlariga koʻra, agar mamlakatda endemik boʻqoqdan aziyat chekuvchilar hajmi 5 foizdan kam boʻlsa, yod tanqisligi muammosi yoʻq, deb hisoblanadi. Oʻzbekiston hali bu darajaga chiqishi uchun koʻp “qovun pishigʻi bor”.

Yod tanqisligi homilador ayollarda homilani tashlash yoki 9 oylik muddatiga yetmasdan tugʻishiga sabab boʻladi. Biroq eng dahshatli jihati, bola bir amallab tugʻilgan taqdirda ham bekamu koʻst boʻlmaydi. Salomatligi joyida boʻlmaydi. Bunday chaqaloqlar orasida kretenizm – tugʻma aql pastligi koʻp uchraydi.

Maʼlumot oʻrnida aytsak, kretenizm (frans. cretin — aqli past), tugʻma gipotireoz, fagg kasalligi — qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi, shuningdek, jismoniy va ruhiy jihatdan rivojlanishda orqada qolish bilan ifodalanadigan xastalik. U qalqonsimon bezda tugʻma kamchiliklari bor kishilarda, suvda yod kam joylarda yoki irsiy kasalliklar sifatida uchraydi. Bemorlarning gavda qismlari nomutanosib: oyoq-qoʻli, barmoqlari kalta, oyoqlari qiyshiq, kallasi, qulogʻi, ogʻzi katta va beoʻxshov, tishlari siyrak va mayda, tili kalta, sochlari siyrak, toʻkiluvchan, sinuvchan, jinsiy aʼzolari ham tuzuk rivojlanmagan boʻladi.

Bemorlar qalqonsimon bezdagi kamchiliklarni tiklaydigan dorilar bilan davolanadi. Juda yoshligidan davolangan bemorlar oʻzini-oʻzi uddalab, joʻnroq ishlarni eplay oladi.

Urush va tinchlik instituti saytida 2005 yil 20 noyabrda “Oʻzbekiston: “yashirin” xastaliklar millat genofondini buzmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilingan. Unda yozilishicha, Endokrinologiya institutining maʼlumotlariga qaraganda, Oʻzbekistonda har 500 chaqaloqning biri kretenizmga chalingan holda tugʻiladi. Ayrim hududlarda, masalan, Qoraqalpogʻistonda har 200 chaqaloqdan biri shu bedavo dard bilan dunyoga keladi. Rivojlangan davlatlarda bu xastalik 5000 chaqaloqdan biriga toʻgʻri keladi xolos.

Organizmda yod yetishmasligi bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishini sekinlashtiradi. Pediatriya ilmiy-tadqiqot instituti professorining aytishicha, uning nabirasi oʻqiydigan Toshkentdagi maktabda bor-yoʻgʻi ikkita aʼlochi oʻquvchi bor. Xuddi shunday tendensiya butun mamlakat maktablarida kuzatilmoqda.

“Agar shunday davom etsa, tez orada Oʻzbekistonda pakana, aqli past, tashabbuskorligi va gʻayrati yoʻq, kim nima desa ergashib ketaveradigan, qiziqish va maqsadlari faqat ovqat yeyish va kiyim kiyish bilan cheklangan odamlar koʻpayib ketadi”, deydi oʻz nomini oshkor qilmaslikni soʻragan ushbu professor.

Gemotologiya instituti direktori oʻrinbosari Anatoliy Buglanovning soʻzlariga koʻra, ayni paytda umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari va bogʻcha tarbiyachilari orasida kamqonlikning keng tarqalishi sababli, oʻqishda ortda qolayotgan va oʻzlashtirish past bolalarga nisbatan qattiqqoʻl boʻlmaslik kerakligi haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Yod tanqisligi oqibatida oʻzbekistonlik oʻsmirlar orasida jismoniy rivojlanish, vazn va boʻyning oʻrtacha koʻrsatkichlari pasayishda davom etmoqda.

— Yangi maktab oʻquv dasturida jismoniy tarbiya meʼyorlari qisqartirildi, — deydi Endokrinologiya instituti xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Roza Kamilova. — Bu bolalar jismoniy faoliyatning oldingi normalarini bajara olmasligi bilan bogʻliq.

Davlat siyosati

Mamlakatimizda 3 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan barcha bolalar 20 sentabrdan boshlab maktab va bogʻchalarda yod preparatlari bilan bepul taʼminlanadigan boʻldi.

Shuningdek, har chorshanba umumrespublika yod ichish kuni etib belgilandi. Oʻzbekiston prezidentining “Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5198-sonli qarorida bu belgilangan. Qarorga koʻra:

  • 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
  • 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar «A» vitamini bilan;2 — 10 yoshdagi bolalarni gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar bilan;
  • homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3 — 15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan;
  • 35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul taʼminlanadi.

Buning uchun byudjetdan 2023 yilda 15,3 mlrd. soʻm yoʻnaltiriladi.

Shu bilan birga, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan toʻyintirilgan non mahsulotlari berilishi yoʻlga qoʻyiladi.

Xulosa qilib aytganda, yid tanqisligi borasida ogohlantirish, bong urish va keskin choralar koʻrish davr talabiga aylangan. Zero millat genofondi va kelajagi shu masalaning ijobiy hal etilishiga bogʻliq boʻlib turibdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+