Markaziy Osiyo davlatlari alohida iqtisodiy kengash tuzmoqchi
Bu haqdagi taklifni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbedagi sammitda bildirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari alohida iqtisodiy kengash tashkil etmoqchi. Bu haqdagi taklifni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbedagi sammitda bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev bugun Dushanbe shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, mintaqada koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va ekologiya sohalarida qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora koʻrish masalalari muhokama qilindi.
— Umumiy saʼy-harakatlarimiz tufayli hayotiy muhim masalalarni hal etish va hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan toʻldirish borasida jiddiy oldinga siljishga erishdik. Bizning siyosiy muloqotlarimiz va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda. Muloqot va hamkorlik uchun turli platformalar ishga tushirildi, — dedi Oʻzbekiston rahbari.
Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari soʻzga chiqdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi sammit ishtirokchilariga videomurojaat yoʻlladi.
Tadbir yakunida quyidagi hujjatlar qabul qilindi:
- Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot;
- Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida bitim;
- Markaziy Osiyoda yerusti transportining oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash toʻgʻrisida bitim;
- Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari boʻyicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi toʻgʻrisida nizom;
- 2022-2025 yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qoʻllab-quvvatlash uchun “yoʻl xaritasi”.