platina.uz
Siyosat

Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi keskin bayonoti: u nimadan dalolat?

Qorabogʻ saylovi haqidagi bayonot hamda Rossiya, Turkiya, Eron va boshqa davlatlar bilan munosabatlar haqida siyosiy sharh.

Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi keskin bayonoti: u nimadan dalolat?

Mahalliy armanlar Arsax yoki tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ deb ataydigan, aslida huquqiy normalar va shartnomalarga koʻra Ozarbayjonning siyosiy-maʼmuriy birliklaridan hisoblanuvchi Qorabogʻda joriy yilning 9 sentabr kuni navbatdagi siyosiy provokatsiya amalga oshirildi. Bu yerda, qoʻshtirnoq ichidagi prezident saylovlari oʻtkazilib, Samvel Shaxramanyan ismli shaxs yangi prezidentga aylandi.

Oxirgi yillarda tashqi siyosatga ham eʼtibor qaratayotgan, mintaqada va umuman dunyo hamjamiyati orasida oʻz ovoziga ega boʻlib borayotgan yangi Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi bu voqeaga oʻz munosabatini bildirdi. Vazirlik “Oʻzbekiston doʻst Ozarbayjonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi, uning ichki ishlariga har qanday aralashuvni qoralaydi va 2023 yil 9 sentabr kuni Qorabogʻda oʻtkazilgan qoʻshtirnoq ichidagi prezident saylovlarini tan olmaydi”, deya bayonot berdi.

Diplomatiyaga xos loʻnda va aniq bu bayonot tagida ulkan maʼno va haqiqatlar bor. Ayniqsa qoʻshtirnoq ichidagi saylovlar (inglizchasi – “so-called elections”, ruschasi “tak nazыvayemыe vыborы”) deya berilganining oʻziyoq bu saylovlarning hech qanday legitimlikka ega emasligini taʼkidlayapti. Zero, Oʻzbekiston BMTning teng huquqli aʼzosi sifatida koʻplab xalqaro aktlarni imzolagan va ratifikatsiya qilgan. Xalqaro huquq normalarini tan oladi va ularga rioya qiladi. Jumladan, xalqaro miqyosda tan olingan davlatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini, boʻlinmasligini hurmat qiladi.

Bayonotdagi “doʻst Ozarbayjon” jumlasi ishlatilgani ham katta eʼtiborga molik. Tashqi siyosatdagi doʻstlik iqtisodiy manfaatlar asosida qurilgan yoki shunchaki qoʻshnichilik siyosati taqozo qiladigan doʻstlikdan koʻra kuchliroq maʼnoga ega. Bu ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarning turkiy tilli davlatlarning soʻnggi yillarda faollashayotgan hamkorligi doirasida, shuningdek, boshqa bir qator ichki va tashqi siyosiy omillar taʼsirida mustahkamlanib hamda jipslashib borayotganining oʻziga xos eʼtirofi hamdir.

Mazkur bayonotda Oʻzbekiston Ozarbayjonning ichki ishlariga har qanday aralashuvni qoralashi alohida taʼkidlangani ham chuqur siyosiy tahlilga sabab boʻladi. Bu bilan Oʻzbekiston huqumati avvalo bir guruh ayirmachilarning Ozarbayjon hukumati legitimligini tan olmasdan, oʻzlaricha qandaydir qalbaki saylovlar oʻtkazishini ozarlar davlati ichki ishiga aralashuv, deya baholamoqda. Bayonotdan biroz chetga chiqqan holda fikrlaydigan boʻlsak, Ozarbayjon ichi ishlariga aralashuv deyish orqali mazkur hududdagi siyosiy-ijtimoiy mojarolarda tashqi oʻyinchilarning ham aralashuvi mavjudligiga nozik ishora mavjudligini payqash mumkin.

Qolaversa, arman millatiga mansub lobbistlar, katta siyosiy va ijtimoiy kuchga ega bir qator Gʻarb davlatlari, jumladan, Yevropa Ittifoqi parlamenti hamda AQSh Davlat departamenti ham Qorabogʻda oʻtkazilgan bu “prezidentlik saylovlari”ni, hattoki Togʻli Qorabogʻni ham davlat sifatida tan olmasligi haqida bayonot berdi.

Oʻzini Togʻli Qorabogʻ deb ataydigan Ozarbayjon hududida kutilmaganda bunday “saylovlar”ning oʻtkazilishi esa mintaqadagi tarixiy voqealar, koʻp jihatdan esa shu kunlarda roʻy berayotgan siyosiy va harbiy jarayonlar hosilasi boʻldi, deb aytish mumkin. Qoʻshtirnoq ichidagi mazkur saylovlardan avvalroq, 31 avgust kuni arman ayirmachilarning avvalgi yetakchisi boʻlmish Araik Arutyunyan isteʼfoga chiqishini maʼlum qilgan edi. Arutyunyanning oʻzi aytishicha, u “ichki va tashqi oʻyinchilar hamda keng jamoatchilik” bilan muloqotlarga muvofiq shunday qarorga kelgan.

Arutyunyanning tashqi oʻyinchilar deganda kimlarni nazarda tutgani qorongʻu, faqat bu oʻyinchilar orasida Armaniston va Yevropa Ittifoqi turganini taxmin qila olamiz, xolos. Biroq, yuqorida aytilganidek, na Yevropa Ittifoqi, na Armaniston mazkur “respublika” va “saylovlarni” tan oladi. Hatto Armaniston bosh vaziri Pashinyan ham Ozarbayjonning hududiy tan olish va shu orqali mintaqada tinchlikni hamda muammosiz iqtisodiy-siyosiy aloqalarni tiklash arafasida turibdi. Chunki Pashinyan ham bu mojaroli hududga maʼnaviy va moddiy investitsiya kiritish oʻzini oqlamasligini, Armaniston taraqqiyoti va xalqaro obroʻsi uchun xizmat qilmasligini yaxshi tushunadi.

Bu yerda tashqi oʻyinchilar deganda Rossiyani istisno qilish mantiqqa zid kelmaydi. Zero, oxirgi paytlarda, xususan, ikkinchi Qorabogʻ urushida Rossiya va uning defakto rahbarligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Armanistonga yordam berishni istamadi. Undan keyingi mojarolarda ham Armanistonni qoʻllab, Ozarbayjonga qarshi borishni istamayapti. Chunki bunday qadamlar Ozarbayjonning asosiy siyosiy va harbiy koʻmakchisi boʻlgan Turkiyaning “jigʻiga tegish” boʻlib koʻrinadi. Ukrainaga urush ochgan va xalqaro maydonda deyarli yakkalanib qolgan Rossiya uchun esa oʻzini neytral vositachi sifatida taqdim etayotgan Turkiya bilan munosabatlar Armanistonning shubhali va qonundan tashqari harbiy-siyosiy manipulyatsiyalaridan qimmatliroq tavsifga ega. Garchi Armanistonning Gyumri shahrida Rossiyaning 102-harbiy bazasi joylashgan boʻlsa-da, rasmiy Moskva doimo oʻzini Armaniston bilan yaqin ittifoqchi sifatida taʼkidlasa-da, bunday nozik masalada uzoqni koʻrmasdan ish tutish nafaqat Turkiya, balki Ozarbayjon bilan ham munosabatlarni yomonlashtirishi va Rossiya taʼbiri bilan aytganda, Bokuni “Gʻarb quchogʻiga itarishi” mumkin.

Shunday sharoitda “Arsax”ning, amalda esa Armaniston shikoyatlarini kim tinglaydiyu, kim unga yordam berishga tayyor? Maydonda faqat mavhum boʻlsa-da, bilvosita manfaatga ega Eron qolmoqda. Erondagi ozarbayjonlar muammosi, rasmiy Bokuning Isroil bilan yaqin aloqalari Eron uchun “kart blansh” beradi, degan taxminlar mavjud. Biroq ichki siyosiy noroziliklar, mintaqadagi nozik vaziyat Eronni bu qadam tashlashdan tiya oladi, deb ayta olamiz. Qolaversa, Xitoy vositachiligida bir amallab Saudiya Arabistoni bilan aloqalar tiklanayotgan bir paytda yana bir “dushmanona” kayfiyat oʻchogʻini yaratish Eronga ham zarur emas.

Qolaversa, Ozarbayjon va Armaniston chegaralariga qoʻshin tashlaganiga Turkiya ham keskin javob berdi. Rasmiy Anqara “Agar Eron Armanistonga yordam berishga urinsa, Turkiya Ozarbayjonga toʻlaqonli harbiy yordam koʻrsatadi” deya keskin bayonot berdi.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid