189 ball bilan kontraktga “ilinganlar” taqdiri nima boʻlyapti?
Platina.uz ushbu masala boʻyicha talabalarning taqdiri bilan qiziqdi.
Joriy oʻquv yili ham boshlandi, talabalar safiga yangi qabul qilinganlar ham allaqachon oʻquv manzillarida. Ammo hali-hanuz muhokamalar markazida boʻlgan eng yuqori 189 ball olib, kontraktga kirganlar masalasi havoda muallaq turibdi.
Yaʼni test sinovlarida maksimal 189 ball toʻplab kontraktga kirgan peshonasi shoʻr talabalar grantga qabul qilindimi-yoʻqmi, bu haqda haligacha aniq maʼlumot berilmadi. Vaholanki, 2023-2024 oʻquv yili uchun oliy taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida Bilim va malakani baholash agentligi direktori Majid Karimov ushbu holatni “189 ball eng yuqori ball. Bu ballni toʻplagan abituriyent eʼtibordan chetda qolmaydi. Agar bu ballni toʻplab kontraktga kirsa, bu juda katta muammo”, degan edi.
Platina.uz ushbu masala va aynan 189 ball olib kontraktga ilingan talabalarning taqdiri bilan qiziqdi. Ushbu talabalar kontraktda qoldimi yoki byudjetga qabul qilindimi?
Savolimizga tegishli agentlikdan javob olishga harakat qildik. Maʼlum qilinishicha, davlat komissiyasi tomonidan prezident grantiga daʼvogarlar soni tasdiqlanganda bu muammo hal boʻladi.
“Bu roʻyxat yaqin orada tasdiqlanishi kutilmoqda”, dedi agentlik masʼuli.
Demak, yana kutishda va kuzatishda davom etamiz.
Fazilat Soib