platina.uz

Mustaqillik uchun kurash yuz yil avval boshlangandi

Hozir ham millionlab nufusga ega xalqlar borki, oʻz davlatini qura olmaydi, boshqa bir titul xalqlar davlatida ikkinchi darajali, hatto mayda millat deya hisoblanib yashaydi.

Jamiyat
1-sentabr 2023 yil
Mustaqillik uchun kurash yuz yil avval boshlangandi

Bundan roppa rosa 32 yil avval – 1991 yil 31 avgustda Toshkent shahrida Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining (OK) navbatdan tashqari 7-sessiyasida Oliy Kengashning respublikaning davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi bayonoti qabul qilindi va tegishli qaror bilan 1 sentabr “Mustaqillik kuni” sifatida tasdiqlandi. Shu kuni “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

Suv qadrini tashna odam yaxshiroq biladi. Mustaqillik qadrini begona bir xalq qoʻlida muteʼ boʻlib yashagan odamlardan soʻragan yaxshiroq. Hozir ham millionlab nufusga ega xalqlar borki, oʻz davlatini qura olmaydi, boshqa bir titul xalqlar davlatida ikkinchi darajali, hatto mayda millat deya hisoblanib yashaydi. Sport musobaqalarida oʻz bayrogʻi ostida maydonga chiqa olmaydi. Xalqaro munosabatlarda boshqa davlatlar bilan bevosita muloqot qila olmaydi. Eng achinarlisi, oʻz yeridagi yer osti va yer usti boyliklariga oʻzi egalik qila olmaydi. Biror jiddiy qadam qoʻyish uchun ham katta ogʻa qosh-qovogʻiga qaraydi, ruxsat boʻlmasa joyidan ham jila olmaydi. Oʻz ona tilida gapira olmaydi. Katta xalq tilini oʻrganishga, shu xalq madaniyatini ulugʻlashga majbur boʻladi. Oʻz tarixini unutishga, yoki katta ogʻa aytgan yoʻsinda tasvirlashga majbur boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, mustaqillik bu ozodlik va erkinlik deganidir.

Oʻzbekiston ham 19-asrda mustaqilligini boy berganidan keyin, avval Rossiya Imperiyasiga, 20 asr boshidan esa Sovet Ittifoqiga qaram boʻlib yashadi. Dunyodagi koʻpgina qaram va istilo qilingan davlatlar 40-60 yillardayoq mustaqillikka erishib, oʻz rivojlanish yoʻlini boshladi. Turli inqilob va noroziliklar dunyoning buyuk davlatlarini oʻz mustamlakalaridan voz kechishga, ularga erkinlik berishga majbur qildi.

Sovet Ittifoqi ichidan chirib, toʻkilib tushganidan keyingina Markaziy Osiyo, Kavkaz va Boltiqboʻyi xalqlarining bagʻriga ham shamol tegdi. Afgʻonistonga qilingan 10 yillik agressorlik urushi va uning oqibatida qoʻyilgan xalqaro sanksiyalar, undan ham koʻra mamlakat ichidagi korrupsiya, poraxoʻrlik, koʻzboʻyamachilik, adolatsizlik, zulm va noqobil siyosiy hamda iqtisodiy siyosat Sovet Ittifoqini nihoyat agʻdardi.

Aslida Oʻzbekistonning mustaqillik yoʻlidagi qadamlari Mustaqillik kunidan ancha barvaqtroq boshlangan. 80-yillar oxirida Sovet davlatining qudrati zaiflashi boshladi. SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov esa oshkoralik va qayta qurish siyosatini eʼlon qilgach, hurfikrlilik uchun oʻldirish yoki qamoqqa tashlash qiyinlashib qoldi. SSSR tarkibidagi xalqlarning oʻzlikni anglash yoʻlidagi harakatlari ish bera boshladi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham mustaqil boʻlish va oʻzbek tili va milliy madaniyatini tiklash boʻyicha saʼy-harakatlar boshlandi.

Jumladan, 1989 yil oktabrda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi oʻzbek tilini davlat tili deb eʼlon qildi. 1989-1990 yillardagi iqtisodiyotdagi inqiroz mavjud tuzumdan norozilikning ortishi va milliy mustaqillik orzusining yanada kuchayishiga olib keldi.

1990 yil mart oyida esa Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti respublika prezidenti lavozimini taʼsis etdi va Islom Karimov Oliy Sovetning birinchi prezidenti etib saylandi.

Shunga qaramay, 1991 yil mart oyida boʻlib oʻtgan referendumda aksariyat aholi SSSRni saqlab qolish uchun ovoz berdi. 1991 yil 19 avgustda uyushtirilgan GKChP - Moskvadagi bir hovuch kommunistik partiya elitasi va generallarning SSSRni saqlab qolish maqsadida harbiy toʻntarishga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangach, 1991 yil 31 avgustda 10 ta sobiq sovet respublikalardan keyin Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi ham Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligi va suverenitetini eʼlon qildi.

1991 yil 18 noyabrda esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini qabul qildi.

1991 yil 21 dekabrda esa Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan prezidentlar yigʻilishida Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo boʻldi. 26 dekabrda SSSR Konstitutsiyasida nazarda tutilmagan SSSR Oliy Kengashi Respublikalar Kengashining sessiyasida (shu jumladan Oʻzbekiston vakillari ham qatnashgan) SSSRning mavjudligini tugatish toʻgʻrisida deklaratsiya qabul qilishdi.

1991 yil 29 dekabrda esa Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi toʻgʻrisida referendum boʻlib oʻtdi. Unda “Siz Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini maʼqullaysizmi?” degan savol qoʻyilgan. Qatnashchilarning 98,2 foizi Respublika davlat mustaqilligini maʼqullab, 1,7 foizi esa qarshi ovoz berdi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasida umumxalq Prezidenti saylovi boʻlib oʻtdi. Ovoz berishda saylovchilarning 94,2 foizi ishtirok etdi. Saylovchilarning 86 foizi Islom Karimovga ovoz berdi. Islom Karimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. U 1992 yil 4 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida qasamyod qildi.

1992 yil 4 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi SSSR mavjudligini tugatish va MDHni tashkil etish toʻgʻrisidagi Belovej shartnomasini, shuningdek, unga qoʻshimcha Olmaota protokolini ratifikatsiya qildi.

Oʻzbekistonning birinchi prezidenti davrida mamlakat oʻz bayrogʻiga (1991), gerbga (1992), konstitutsiyaga (1992) ega boʻldi. Sovet tuzumi oʻrniga hokimlar va mahallalar instituti bilan yangi boshqaruv tizimi yaratildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 2 martda boʻlib oʻtgan majlisida Oʻzbekiston Respublikasi BMT aʼzoligiga qabul qilindi.

Shu tariqa Oʻzbekiston suveren va mustaqil davlat sifatida qadimiy tarix kitobining yangi zarhal sahifasini ochdi.

Bugun shu voqealarga ham 30 yildan oshdi. Yangi bir avlod, yangi jamiyat maydonga keldi. Mustaqillik uchun oʻtgan ehtirosli kurashlarga bevosita guvoh boʻlmagan odamlar uchun bu voqealar biroz begonadek tuyulishi ham mumkin. Yana ayrimlar esa bu mustaqillik osmondan tushgan, SSSR parchalangani uchun Oʻzbekiston ham boshqa respublikalar qatori erkinlikka chiqib qolgan, deyishadi. Boshqa xalqlar qon toʻkib mustaqillikka erishgan, shu bois ular uchun mustaqillik qadrli, deyishadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, bu kunlarni koʻrish orzusidagi ajdodlarimiz, faol va ziyoli bobolarimiz xalqimizni biroz boʻlsa-da, mustaqillikka yaqinlashtirish uchun oʻz jonlarini ham ayamaganlar. Chor Rossiyasi davridagi turli qoʻzgʻolonlar, “bosmachilik”, aslida milliy ozodlik harakatlari va qolaversa, sovet davrida repressiyaga uchragan, qamalgan va otilgan ajdodlarimiz ruhi oldida bu sharafli bayram uchun toabad qarzdormiz. Zero, Mustaqililk bayramidan 1 kun avval – 31 avgust Qatagʻon qurbonlari xotirasi kuni nishonlanib, shu ajdodlarimizning ruhi poklari xotirlanishi ham timsoliy maʼnoga ega. Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+