3 millionga yaqin oʻzbekistonlik taqdiri nima boʻlyapti?

Rossiyada ishlash oʻta mashaqqatli, ammo kam daromadli faoliyat boʻlib qoldi.

Jamiyat
7-avgust 2023 yil
3 millionga yaqin oʻzbekistonlik taqdiri nima boʻlyapti?

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan boshlangan urush yangi pallaga kirmoqda. Bu avvalo Ukraina armiyasining Rossiya bosib olgan hududlarni qaytib olish maqsadida qarshi hujumga oʻtayotgani bilan bogʻliq. Katta taxmin bilan ushbu yangi strategiyaning bir qismi oʻlaroq Rossiyaning ichki hududlari, xususan Moskva markazi, hatto Kremlga ham uchuvchisiz dronlar hujumi kuzatilmoqda.

Rossiya armiyasining taʼminotchi nuqtalarini yoʻq qilish maqsadida Qrimga hamda Ukraina bilan chegaradosh hududlarga raketa va dron hujumlari uyushtirilmoqda. Putin ham yerdan, ham suvdan, ham fazodan himoya qilinadi, deya iddao qilgan Qrim koʻprigi ham shu kungacha 2 marta portlatildi. Rossiya armiyasining, xususan havo hujumidan himoya kuchlarining qudrati haqidagi iddaolarning tagi puch ekani bilinib qoldi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning taʼbiri bilan aytganda, “urush Rossiya hududiga koʻchmoqda”.

Shunday bir sharoitda Rossiyada qonuniy ravishda mehnat qilayotgan migrantlarimizning ahvoli qanday kechyapti, degan savol har bir befarq boʻlmagan vatandoshimiz xayolidan oʻtayotgan boʻlsa ajab emas. Chunki aksariyat oilalardan hech boʻlmasa 1 kishi Rossiyada mehnat muhojirligida yuribdi.

Umuman olganda, Oʻzbekiston davlat idoralari, xususan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi qaysi yoʻl bilan ketishidan qatʼi nazar, barcha mehnat migrantlariga yordam berishni oʻz zimmasiga olgan. Buning uchun Rossiyaning 16 ta yirik shahrida Agentlikning doimiy vakillari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu vakillar orqali mehnat migrantlari bilan ish olib borilmoqda. Qolaversa, Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi hamda konsulliklari ham chetda turgani yoʻq.

Lekin Rossiyada ishlash oʻta mashaqqatli, ammo kam daromadli faoliyat boʻlib qoldi. Rossiyadan joʻnatilayotgan pul oʻtkazmalarining oʻrtacha qiymati 500 dollardan oshmayapti. Buning ustiga yillab oilasidan, qarindosh va doʻstlaridan uzoqda, musofirchilikda yurishi oson emas. Kelib ketish xarajatlari va mashaqqatlari, farzandlar tarbiyasining buzilayotgani, hatto oilalarning buzilib ketish holatlari uchramoqda. Bu hali holvasi. Bu sargardonliklarning achchiq “meva”sini kelajakda koʻramiz hali.

Bu ham yetmagandek, oxirgi paytlarda migrantlarni, shuningdek, mahbus vatandoshlarimizni yolgʻon vaʼdalar, aldov va majburlash vositasida urushga yollash holatlari koʻpaymoqda. Hatto migrantlarni qalbaki ayblovlar bilan qamab, keyin urushga joʻnatish sxemasi ham yoʻlga qoʻyilgani isbotlandi. Shu kecha kunduzda esa Rossiya politsiyasi tomonidan migrantlarga qarshi reydlar va deportatsiya qilishlar kuchaygan.

Rossiya hukumatining migrantlarni urushda qurbon qilish harakatlariga chap berayotgan migrantlarimiz ham baribir agressor davlat yolgʻonlarining qurboni boʻlmoqda. Ukrainaning Rossiya anneksiya qilgan hududlariga ishlashga, deb olib borib, keyin urushga tashlash holatlari ham muntazam tus olmoqda. Masalan, Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining maʼlum qilishicha, bir guruh oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarini Ukrainaning hozirda Rossiya istilo qilgan Mariupol shahriga olib kelishgan. Ularga yaxshi daromadli ish taklif etishgan. Ular shaharga yetib kelishgach, pasportlarini tortib olishgan va “koʻngilli” sifatida frontga joʻnatishgan.

Shu munosabat bilan Ukrainaning Oʻzbekistondagi elchixonasi Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushida qatnashmaslik  va Ukrainaning Rossiya tomonidan vaqtincha istilo qilingan hududlariga bormaslikka chaqirgandi.

Zero Rossiyaning bu sharafsiz urushida qatnashish avvalo Oʻzbekiston qonunchiligiga zid boʻlsa, qolaversa, Rossiya vaqtincha istilo qilgan Ukraina hududlarida hatto ishlashga borish ham Ukraina ruxsatisiz amalga oshirilgani hamda dushman taraf - istilochi rus armiyasi bilan hamkorlik qilingani  uchun kelgusida jinoiy jazoga olib kelishi mumkin.

Rossiya yoqqan urush olovining “til”lari uning oʻzini ham kuydirayotgan bir paytda ayrim davlatlar bu yerdagi fuqarolarini evakuatsiya qilish haqida oʻylamoqda. Masalan, Turkmaniston hukumati Rossiya hududlari, shu jumladan Moskva shahrining muntazam oʻqqa tutilayotgani munosabati bilan Rossiyadagi fuqarolari – talaba va mehnat migrantlarini favqulodda evakuatsiya qilishga qaror qilgan.

Rossiyani mehnat migrantlari bilan taʼminlovchi boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining bunga oʻxshash reaksiya koʻrsatishgani haqida hozircha maʼlumot yoʻq.

Oʻzbekistonning xorijda mehnat qiluvchi fuqarolarining vaziyatidan koʻproq xabardor davlat idoralaridan biri - Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining bu boradagi rasmiy pozitsiyasi ham koʻpchilikni qiziqtiradi, albatta.

Agentlik matbuot kotibi Ortiqxoʻja Norovning nashrimizga maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston fuqarolari Ukrainaning Rossiya anneksiya qilingan hududlariga ishlash uchun ham borishlari mumkin emas, chunki mamlakatimiz ushbu hududlarni Ukraina hududi, deb tan olgan. Ayni paytda Oʻzbekiston Rossiyaning oʻqqa tutilayotgan hududlaridan oʻz fuqarolarini olib chiqish borasida qanday reja yoki qarorga ega, degan savolimizga esa agentlik bu masalada vakolatli emasligi maʼlum qilindi. Biroq O.Norovning oʻz shaxsiy fikricha, Rossiyadagi vaziyat hali fuqarolarni evakuatsiya qilish darajasiga borib yetmadi. Agar vaziyat taqozo qilsa, bu masalada hukumat darajasida koʻrilsa kerak.

Qolaversa, Oʻzbekistonning Rossiyadagi fuqarolari Turkmaniston fuqarolari kabi kamgina emas. Sanoqli kunlarda millionlab odamni qaytarish jismonan oson ish emas, – deydi agentlik vakili.

Biz ham albatta shunday fikrdamiz. Koronavirus pandemiyasi davridagi evakuatsiya bilan bogʻliq qiyinchiliklar va mojarolarni esga olsak, qisqa kunlar ichida 3 millionga yaqin oʻzbekistonlikni vatanga qaytarish, bir soʻz bilan ifodalaganda, imkonsizdir.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+