Abituriyentlar va ota-onalar qanday ahvolda?
Oʻzbekistonda 1 avgust sanasidan boshlab 2023-2024-oʻquv yillariga kirish imtihonlari uchun test jarayonlari boshlandi.

Katta hayotdagi eng quvonchli yutuqlardan biri bu — oliygoh talabasi boʻlish. Ammo bu baxtga kimdir oʻz vaqtida, kimdir avval, kimdir esa keyin erishadi. Muhimi, bunga xohish va irodaning yetishi.
Oʻzbekistonda 1 avgust sanasidan boshlab 2023-2024-oʻquv yillariga kirish imtihonlari uchun test jarayonlari boshlandi. Respublika boʻylab 72 ta manzilda jarayonlar boʻlib oʻtmoqda. Platina.uz poytaxtda belgilangan ana shunday 3 manzildan eng asosiysi boʻlgan “Oʻzekspomarkaz”da boʻlib, test sinovlari jarayonidan maxsus reportaj tayyorladi.
Test sinovlari boʻladigan hududlarga kirib borar ekansiz, mingdan ortiq turnaqator boʻlib turgan ota-onalar, bobo-buvilarni koʻrasiz. Oyoqlari yerga, koʻzlari esa boʻlajak studenti imtihonga kirib ketgan tarafga qadalgan. Bir buvi nabirasining rosa tayyorlanganini, xudo xohlasa bir emas, beshta yoʻnalishgayam byudjetga kirishini aytsa, yana bir bobo ham tavakkal topshirayotgan nabirasidan umid qilib oʻtirganini bildirdi. Ular orasida turmush oʻrtogʻi bilan birga kelgan erlar borligi ham quvonarli.
Jamshidbek ODILOV, bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi:
“Oʻzekspomarkaz”dagi 7 ta binoda test sinovlari oʻtkazilmoqda. Jarayonlar 2 ta smenada amalga oshirilmoqda. Bir smenada jami 4890 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etishi kerak boʻlsa, 4 avgust holatidagi 2-smenani koʻradigan boʻlsak, 4890 ta abituriyentdan 306 nafari test sinovlariga kelmagan. Shu smenaning oʻzida hozirga qadar 1 nafar talabalikka talabgor abituriyentimiz “shpargalka” olib kirganligi aniqlanib, dalolatnoma asosida imtihondan chetlatildi. Markazdagi 7 ta binoda jami 500 taga yaqin guruh nazoratchilari jarayonda test sinovlarining shaffof oʻtishi uchun xizmat qilmoqda
“Shpargalka”ga kim koʻproq ehtiyoj sezadi: tavakkalchilarmi yoki tayyorlanganlar? Tavakkalchilar desak, ular shundoq ham tavakkal qilish uchun kelishgan boʻlsa, bunga qanday ehtiyoj boʻlishi mumkin? Tayyorlanganlar desak, ular shundoq ham tayyorlanishgan, ularning maqsadi oʻrgangan bilimlarini sinovdan oʻtkazish boʻlishi kerak, “shpargalka” bilan qoʻlga tushib, imtihondan chetlatilib, yana bir yil umrini zoye oʻtkazish emas.
Abituriyentlar bilan imtihonga kirishlaridan avval va keyin suhbatlashish chogʻida guvohi boʻldikki, ularda tavakkalchilar koʻproq ekan, hatto hozirgina imtihondan chiqib qaysi fanlardan test topshirganini bilmaganlar ham bor. Ular “oʻychi oʻyini bitirguncha, tavakkalchi ishini bitiribdi” qabilida ish koʻrishyapti, nazarimizda. Nima boʻlgandayam ular ham sinovdan oʻtkazishyapti: omadlarini.
Odinaxon Dehqonova