Til oʻrganishda yangi davr boshlandi
Inson miyasi mushakka oʻxshaydi – qancha koʻp ishlatilsa, shuncha faollashadi. Til oʻrganish inson miyasidan nafaqat qoidalar va lugʻat bilan tanishishni talab qiladi, balki unga bu bilimlarni eslab qolish va toʻgʻri qoʻllash vazifasini ham yuklaydi.

Bugungi shiddatli dunyoda turli millat, madaniyat va til egalari boʻlgan dunyo ahli har qachongidan ham koʻproq muloqotga ehtiyoj sezmoqda. Texnologiya inqilobi sabab dunyoning istalgan burchagidan turib uning boshqa bir burchagiga soniyalarda axborot uzatish imkoni mavjud. Bir necha yuz yillar ilgari bu uzatmani amalga oshirish mumkinligi insoniyat tasavvuriga sigʻmas edi.
Millisekundlar ham muhim ahamiyat kasb etadigan tezkor zamonamizda dunyo bilan hamqadam boʻlishdagi eng muhim omil – shubhasiz, kommunikatsiya va til vositasi sanaladi. Jahon tillarini oʻrganish nafaqat muloqot imkoniyatlarini oshiradi, balki shaxsning mehnat bozoridagi muvaffaqiyatini, kognitiv qobiliyatlarini, tafakkur diapazonini ham kengaytiradi.
Til oʻrganish miya quvvatini sezilarli darajada oshiradi. Boisi, yangi til mutlaqo notanish va murakkab qoidalar, tizim va leksikaga ega boʻladi. Ushbu tuzilmalarni oʻzlashtirish esa inson miyasidagi hujayralarni aktivlashishiga, qoʻshimcha imkoniyatlarni kashf etishiga yordam beradi. Tilni rivojlantirishda davom etish, unda muloqot qilish kishining kognitiv va tahliliy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantiradi.
Inson miyasi mushakka oʻxshaydi – qancha koʻp ishlatilsa, shuncha faollashadi. Til oʻrganish inson miyasidan nafaqat qoidalar va lugʻat bilan tanishishni talab qiladi, balki unga bu bilimlarni eslab qolish va toʻgʻri qoʻllash vazifasini ham yuklaydi. Bu orqali esa miya koʻp ishlaydi va inson xotirasi bevosita kuchayadi.
Turli tillarni bilish global mehnat bozorida qimmatli kadr boʻlish imkoniyatini ham kengaytiradi. Shuningdek, bu koʻnikma shaxsiy rivojlanishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli chegara va toʻsiqlarni bartaraf etadi. Shaxsning raqobatbardoshlik darajasini oshiradi.
Ish beruvchilar nomzod uchun eng zaruriy koʻnikmalarni sanab oʻtganda, doimo «bir nechta tilni bilish» qobiliyatiga alohida urgʻu beradi. Koʻpincha bu koʻnikma nomzodning boshqa qobiliyatlari va hatto ish tajribasidanda ogʻirroq tosh bosadi. Boshqacha qilib aytganda, dizayner, servis xodimi, sotuvchi yoki kichik biznes egasi boʻladimi – har qanday sohada koʻp tillilik kishining professional maqsadlariga erishishida muhim oʻrin tutadi.
Tadqiqotlarga koʻra, ikkinchi tilda qabul qilingan qarorlar shaxsning ona tilisida qabul qilinganlaridan koʻra koʻproq aqlga asoslangan boʻladi. Ikkinchi (yoki uchinchi, toʻrtinchi va h.k.) tilda muammoni hal qilish jarayonida kishi vaziyatni toʻgʻri baholashda zarur boʻlgan obʼektivlik va hissiy masofaga erishadi. Natijada, sogʻlom, neytral va tizimli fikrlash orqali aniq tanlov va toʻgʻri qarorlar qabul qilinadi.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, bir nechta tilda soʻzlashadigan odamlar faqat bitta tilda gapiradigan odamlarga qaraganda yaxshiroq xotira, muammolarni hal qilish, diqqatni jamlash va kreativlik qobiliyatlariga ega boʻladi. Ikkinchi tilni bilish yosh oʻtgani sari kognitiv pasayish ehtimolini keskin kamaytiradi.
Bundan tashqari, yangi tilni oʻrganish yangi madaniyatni oʻrganish demakdir. Dunyo tarixi va sanʼatining aksariyati – kitoblari, filmlari, musiqalari, badiiy asarlari va ilmiy tajribalari turli tillarda namoyon boʻladi. Nemis tilining nafisligiyu yapon madaniyati intrigasini, arab tilining oʻziga xos ohangiyu, italyan tilining sheʼriy jozibasini, ingliz tilining bepoyonligiyu, fransuz tilining goʻzalligini – faqatgina mana shu tillarni oʻrganish orqali toʻlaqonli his qilish mumkin. Shekspir klassikasini asl ingliz tilida mutolaa qilish, Neruda sheʼrlarini shoir ona tilisi – ispanchada oʻqish yoki Kurosavaning «Rashomon»ini haqiqiy-yaponcha versiyasida tomosha qilish – barchasi faqat til oʻrganish taqdim eta oladigan zavqdir.
Umuman, til oʻrganish orqali erishiladigan imkoniyatlar haqida soatlab gapirish mumkin. Ammo bu koʻnikmani shakllantirish oson kechmaydi. Til oʻrganishda malakali ustoz, samarali strategiya, oʻrganilgan bilimlarni mustahkamlash birlamchi hisoblanadi. Ammo yurtimizda til oʻrgatuvchi professional kadrlar yetishmaydi. Bizda asosiy urgʻu mashhur va ommabop tillarga qaratilgan. Kadrlar ham asosan ingliz tiliga ixtisoslashgan mutaxassislar. Masalan, ispan yoki yapon tilini oʻrganishni istagan hammaga ham oʻqituvchi yetarli emas. Professional mutaxassislar esa odatda markazlarda boʻladi. Chekka-chekka hududlarda yashovchi aholi esa shaharga yetib borishi qiyin.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2022 yil noyabr oyida tashkil etilgan «Ibrat farzandlari» loyihasi xorijiy tillarini bepul, sodda va kreativ usulda oʻrgatishni maqsad qilgan. Loyiha doirasida professional ustozlar tomonidan 13 ta til boʻyicha 22 turdagi tizimli va «0»dan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqilmoqda. «Ibrat farzandlari» bilan turli tillar boʻyicha bilimlarni qisqa muddat ichida komfort zonadan turib egallash mumkin. Loyiha barcha uchun teng ravishda istalgan joyda, istalgan vaqtda bepul til oʻrganish imkonini yaratdi.
«Ibrat farzandlari» qisqa vaqt ichida «YouTube»da qariyb 320 mingdan ortiq oʻrganuvchiga ega boʻldi. Sahifada eʼlon qilingan darslarning umumiy koʻrishlar soni 12 milliondan oshdi. Raqamlardan koʻrinib turibdiki, mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida chet tilini rivojlantirish muhim va bu yoʻnalishda bepul onlayn darslarga talab yuqori.
Loyiha Oʻzbekistonning chekka hududlaridagi isteʼdodli yoshlarga, moliyaviy tomondan imkoniyati cheklangan, lekin chet tillarini oʻrganishga ishtiyoqi baland oʻquvchilarga ham xorijiy tillarni oʻrgatish, ularning tillar boʻyicha savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
«Ibrat farzandlari»ning yana bir yaxshi tomoni — darslar bir necha yildan keyin ham oʻz aktualligini yoʻqotmaydi. Til oʻrganishni maqsad qilgan istalgan oʻquvchi YouTube'dagi onlayn darslarni istalgan vaqtda koʻrib, oʻrganishi mumkin. Lekin, YouTube imkoniyatlari cheklangan, ushbu videoplatformada oʻrganuvchilar progressini kuzatish, ular bilan qayta aloqa qilishning iloji yoʻq.
Shu bois loyiha oʻrganuvchilariga yana-da qulaylik yaratish maqsadida «Ibrat farzandlari» loyihasi doirasida «Ibrat Academy» ilovasi ishlab chiqildi. Unda oʻrganuvchilar nafaqat videodarslar koʻrishi, balki oʻzining til darajasini doimiy tekshirib borishi, bilimini mustahkamlaydigan sinov-mashqlarini bajarishi, soʻz boyligini interaktiv usulda oshirishi mumkin.
Oʻrganuvchi dastlab ilovani yuklab olib, unda shaxsiy profil yaratishi lozim. Soʻng oʻzi qiziqqan tiliga obuna boʻlib, «Placement Test» orqali til boʻyicha darajasini aniqlashi mumkin boʻladi. Bu orqali ilova foydalanuvchining til yuzasidan bilimiga mos darajadagi darslar va sinov-mashqlarini tavsiya etadi.
Yana bir qulay jihati, ilovani onlayn ham offlayn ham ishlatish mumkin. Ilovada tarmoqdan uzilgan holda ishlash uchun videodarsliklar, fayllar va mavzuga oid mashq materiallarini yuklab olish funksiyasi mavjud.
Shubhasiz, har qanday tilda erkinlikka erishishning yagona yoʻli – bu soʻz boyligi. Foydalanuvchining bu boradagi rivojini taʼminlash uchun «Ibrat Academy»da soʻzlar va iboralardan iborat oʻzbek tilidagi lugʻat mavjud. Lugʻatda 100 mingdan ortiq soʻz va iboralarni topish va ularni 8 turdagi mashqlar yordamida oʻrganish mumkin.
Shuningdek, ilovada respublika miqyosidagi «Peshqadamlar jadvali» ham uzluksiz ravishda berib boriladi. Eng yaxshi oʻrganuvchilar esa munosib taqdirlanadi.
Kutilmagan sovgʻalarga ega boʻlish uchun ilovani yuklab olish, faol foydalanuvchi boʻlish, loyihani kuzatib borish va ilovaning peshqadam oʻrganuvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan yakuniy tanlovda gʻolib boʻlish talab etiladi.
Ilovaning keyingi «update»larida sunʼiy intellekt funksiyasi ham qoʻshilishi kutilmoqda. Bu ilovada har bir foydalanuvchi bilan individual yondashuvda ishlash imkonini yaratadi. Yaʼni sunʼiy intellekt funksiyasi oʻrganuvchining topshiriqlarini tekshiradi, u bilan muloqot qiladi, xato va kamchiliklari yuzasidan fidbek va tavsiyalar beradi.
Ilovadan foydalanishda yosh chegarasi yoʻq. «Ibrat Academy» yordamidan barcha til ixlosmandlari sodda, samarali va eng muhimi bepul usulda oʻzbek tilida ingliz, rus, fransuz va boshqa koʻplab tillarni oʻrgana oladi.
Bugun til oʻrganishda yangi davr boshlandi. Siz ham ushbu intellektual harakatga qoʻshiling, chunki bu loyiha dunyo madaniyatlari oʻrtasida koʻprik yaratadi, kommunikatsiya imkoniyatlarini rivojlantiradi va barchaga dunyoning istalgan burchagida ravon muloqot qilish imkonini taqdim etadi!
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, loyihadan koʻzlangan maqsad faqat til oʻrgatish emas. Loyihadan koʻzlangan eng asosiy maqsad – oʻzbekistonlik global liderlarni tayyorlash!
Risolat MAXSIMOVA