Qoʻrquv, hayajon, oʻziga ishonch yoki hech narsani his qilmaslik (fotohikoya)

Oʻylayman, shu yoshida ilm olishga harakat qilyapti. Siz esa vaqt oʻtib ketdi, deb oʻylayapsiz. Kechikdim, deb bahona qidiryapsiz.

Maqola
5-avgust 2023 yil
Qoʻrquv, hayajon, oʻziga ishonch yoki hech narsani his qilmaslik (fotohikoya)

Oʻzbekistonda qabul imtihonlarining hayajonini, hissiyotlarini deyarli butun mamlakat his qiladi. Imtihon unga qatnashuvchilardan tashqari boshqalarning ham hayajoniga, tashvishiga, duosiga yoki umuman boshqa biznesining ibtidosiga yoki intihosiga sabab boʻladi.

Muhitni his qilishingizga judayam koʻp odam, tekshiruvlar, turli shaxsiy narsalaringiz saqlanadigan seyflar, imtihon oʻtkazish maydonlari, atrofidan odamlar toʻplanganidan foydalanib olmoqchi boʻlgan ishbilarmonlar yanada yordam beradi. Xuddi ularning barchasi chambarchas ajralmasdek.

Men kirgan 2021 yildagi imtihonini xotirlaydigan boʻlsam:

Imtihonga kirish deganda birinchi navbatda judayam qattiq tekshiruv koʻz oʻngimga keladi. Avval texnikalar, keyin texnikaga uncha ishonmaydigan odamlar. Keyin kimligingizga ishonmaydigan FaceID. Men imtihon topshirganda karantin va salomatlik tekshiruvlari ham bor edi.

Chigʻiriqdan oʻtgani kelayotgan abituriyentlarga kimdir hamroh boʻladi: otasi, onasi, opa-singil, aka-ukasi.

Men bu yil birinchi marta guvohi boʻlgan holat farzandlari va turmush oʻrtoqlariga dalda boʻlish uchun kelganlar yoki bu holatga oʻzim imtihon topshirgan 2021 yilda unchalik ham eʼtibor bermaganman.

Imtihon – yillar davomida olgan bilimlaringni, oʻzingni koʻrsatish vaqti, ishonchlarni oqlash fursati.

Hayajonlaringni yengishing, oʻzingni qoʻlga olishing kerak. Tashqarida umid bilan seni kutib turgan inson yanada masʼuliyat yuklaydi.

Imtihon jarayonlarini hissiyotlar bilan kuzatar ekanman, ular orasidagi keksa yoshli otaxon eʼtiborimni tortdi. Nazoratchilardan biridan otaxonning yoshi 65 da ekanligini bildim.

Oʻylayman, shu yoshida ilm olishga harakat qilyapti. Siz esa vaqt oʻtib ketdi, deb oʻylayapsiz. Kechikdim, deb bahona qidiryapsiz. Umid bor ekan, uni uchqunlashishi uchun harakat qilish kerak. Shu yoshida hayotga yengilmagan insonlar bor ekan. Bu sening imkoniyat va urinishlaring tugamaganini anglatadi. Shunday yengilmaganlar ham kam emas.

Imtihondan ne oʻylarda chiqayotgan abituriyentlarga xuddi xususiy oʻquv maskanlari “umid qoʻlini choʻzayotganday” taklif berishyapti. Mana shu imkoniyatdan foydalanib olishga harakat qilayotgan ishbilarmon xususiy oliygohlar. Aslida ular oʻz manfaatlari uchun “nishon”ga olishyapti. “Otning oʻlimi – itning bayrami, deydilar buni.

Kutish. Ota-onalar kutish joyi. Farzandining kelajagi uchun kelganlarga joyning ahamiyati yoʻq. Ular faqat ichkariga kirib ketgan jigargoʻshasini duo qilish bilan band, ikki koʻzi esa chiqish eshigida. Nazarimda, umid, hayajon, xavotirning asl yuzi aynan mana shu yerda.

Otalar. Qizining oʻqishiga qaygʻuradigan otalar doim hurmatimni oshirgan. Qizlarining tom maʼnoda ishonch togʻlari. Mening imtihonimga ham dadam borganlar. Barcha otalar qizining imtihoniga borsin, deyman. Chunki otaning eʼtibori qizga kuch beradi. Qizi imtihondan chiqqach, charchagan koʻzlar quvonchga toʻladi. Mana shu quvonch bilan qarashning oʻzi hamma narsani hal qiladi.

Fazilat Soib

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+