platina.uz

Korrupsiyada ayblangan prezidentlar: top-5

Umuman olganda, Janubiy Amerikasi qitʼasi doim inqiloblarga va davlat toʻntarishlariga boy boʻlgan.

Siyosat
31-avgust 2023 yil
Korrupsiyada ayblangan prezidentlar: top-5

Korrupsion sxemada asosiy foyda oluvchi, poraxoʻrlik va ogʻir holatdagi sotib olish ayblovlari bilan ozodlikdan mahrum qilingan davlat rahbarlari haqida.

31 avgust. 2016 yilning ayni shu sanasida Braziliya Senati qarori bilan prezident Dilma Russeff korrupsiya mojarosiga aloqadorligi sababli impechment yoʻli bilan lavozimidan chetlashtirilgan edi.

Umuman olganda, Janubiy Amerikasi qitʼasi doim inqiloblarga va davlat toʻntarishlariga boy boʻlgan. Lekin demokratiya belgilari ham ularga yot emas. Oʻzini demokratik deb ataydigan ayrim davlatlardan farqli oʻlaroq, nobop va nomaqbul prezidentlarni impechment qilib kursidan tushirish ularning konstitutsiyalarida muhrlab qoʻyilgan. Qonunchilikda bunday protsedura boʻlmasa, har qanday davlat rahbari kursiga yopishib olib, oʻlgunicha hokimiyat tepasida qolishi mumkin.

Braziliyada ham xalq bunday imkoniyatlardan foydalana oladi. Prezident Dilma Russeff ham shunday usulda hokimiyatdan chetlashtirilgan.

Dilma 1964 yilda prezident Juan Gulart agʻdarilgan harbiy toʻntarishdan soʻng siyosat faoliyatga aralashgan.

1977 yilda universitetni tamomlab, iqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha bakalavr diplomini olgan. Shundan soʻng u qonuniy siyosiy muxolifatda turib faoliyat yuritgan.

2010 yilda Braziliyadagi prezident saylovlarida ishtirok etib, koʻpchilik ovoz bilan Braziliya tarixidagi birinchi prezident ayol sifatida oliy lavozimga saylangan. 2014 yildagi prezident saylovlarida ham koʻpchilik ovozlarga ega boʻlib, ikkinchi marta prezident etib saylandi.

Biroq, 2014 yilda boshlangan surishtiruvlar natijasida prezident korrupsion sxemalarda ayblandi. Jumladan, prokuratura Braziliya prezidenti Lula da Silva hokimiyatga kelganidan soʻng qurilish kompaniyalari Petrobras neft kompaniyasi uchun yirik pudrat loyihalar boʻyicha shartnomalar olib, uning top-menejerlariga pora berganlikda aybladi. Politsiya bayonotida Lula da Silva ushbu korrupsiya sxemasidan asosiy foyda oluvchilardan biri sifatida koʻrsatilgan. Tergovchilar koʻplab qurilish kompaniyalari rahbarlarini, Petrobras top-menejerlarini va bir qator siyosatchilar ishini sudga oshirdi, ulardan baʼzilari uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu shov-shuvlar Dilma Russeffga ham taʼsir qildi, chunki u 2003-2010 yillarda Petrobras direktorlar kengashi raisi boʻlib ishlagan edi. Dilma bu qonunbuzarliklardan xabari boʻlmaganini maʼlum qilgan.

2015 yil sentabrda muxolifat Russeffni 2014 yilgi saylov kampaniyasi davomida soliq qonunchiligini buzishda va davlat mablagʻlarini nomaqbul sarflash boʻyicha moliyaviy firibgarlikda aybladi. 2015 yil dekabr oyida muxolifat partiyalarining talabiga binoan parlament Russefga qarshi impichment jarayonini boshladi.

2016 yil 31 avgustda Braziliya Senatining qarori bilan u prezidentlik lavozimidan chetlashtirildi.

“Dunyoning eng qudratli odami”

Braziliyada korrupsiyada ayblangan davlat rahbari faqat Dilma Russeff emas. Yuqorida nomi zikr etilgan sobiq prezident Luis Inasiu Lula da Silva ham 2014 yildagi tergovlar natijasi oʻlaroq korrupsion sxema yaratishda ayblangan.

Umuman, da Silvaning avvalgi ikki prezidentlik davri koʻplab korrupsion mojarolar va jinoyatchilik darajasining oʻsishi bilan tarixda qolgan. 2002 yildagi prezidentlik saylovlarida gʻolib boʻlgan, 2006 yilda qayta saylangan.

2010 yilda “Time” jurnali Lulani “dunyoning eng qudratli odami” deb eʼlon qilgan.

2017 yil 12 iyulda Lula korrupsiya va pul yuvish ishi boʻyicha 9,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U 2019 yil noyabr oyida ozodlikka chiqdi. 2021 yil mart oyida Braziliya Federal Oliy sudi unga qoʻyilgan barcha ayblovlarni bekor qildi.

Lula hozir ham prezident: 2022 yil oktabr oyida Luis Inasiu Lula da Silva prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari Jair Bolsonaroni (birinchi turda 48,4 foiz va ikkinchi turda 50,9 foiz) ortda qoldirib, gʻalaba qozondi. 2023 yil 1 yanvarda Lula da Silva qasamyod qildi va uchinchi marta Braziliya prezidenti boʻldi.

Reytingi eng past prezident

Janubiy Amerikadagi yana bir davlat – Argentinada ham yaxshi prezidentni koʻklarga koʻtarishlari mumkin, lekin oyogʻi toyilib, xalq haqidan hazar qilmasdan qonunlarni oyoq osti qilsa, bir pasda haqiqiy maʼnoda xalq nafratiga sazovor boʻlishi hech gap emas. Uning 100 yil avval xalq oldidagi qandaydir mayda-chuyda efemer xizmatlarini inobatga olishmaydi. Ishlagan boʻlsang, maosh olgansan, bu sening vazifang boʻlgan, qolaversa, oʻzing, oilang va hamtovoqlaring bilan birga turli imtiyozlardan foydalangansanku, deyishsa kerak.

Argentina prezidenti Fernando de la Rua (1937-2019) Argentina tepasiga 1999 yilgi prezidentlik saylovlaridan soʻng kelgan. Barcha prezidentlar kabi u ham saylov dasturida asosiy urgʻuni korrupsiyaga, jinoyatchilikka va ishsizlikka qarshi kurashga qaratgan. Biroq aynan uning prezidentlik davrida Argentinaning iqtisodiy koʻrsatkichlari battar yomonlashdi. Milliy iqtisodiyot stagnatsiyaga kirdi, davlat qarzi 100 milliard dollardan oshib ketdi, byudjetdagi defitsit va ishsizlar soni battar koʻpayib ketdi. Davlat qarzlarini toʻlashga qurbi yetmaganidan juda ogʻriqli usulni ishga soldi – davlat xizmatchilarining maoshlari va pensiyalarni kamaytira boshladi. Bu esa aholining keng noroziliklariga sabab boʻldi. Keyinchalik esa pensiyalarni ham toʻlashga qurbi yetmay qoldi. Chunki barcha davlat mablagʻlari tashqi qarzi toʻlashga qaratildi. Norozi odamlar koʻchalarga chiqa boshladi. Ommaviy namoyishlar va ish tashlashlar keng avj oldi. 2001 yil 20 dekabrdagi shunday namoyishlardan birida politsiya bilan toʻqnashuvlar natijasida 20 kishi oʻldirildi. Fernando de la Rua ertasi kuniyoq isteʼfoga chiqib, prezidentlikdan voz kechdi. Shu yilning 23 dekabrida esa prezident vazifasini bajaruvchi mamlakat 132 milliard dollarlik tashqi qarzni toʻlay olmasligini tan olib, defolt eʼlon qildi.

Fernando de la Rua isteʼfodan keyin ham unutilgani yoʻq. Uni politsiya bilan toʻqnashuvlar paytida halok boʻlganlar ishi yuzasidan sudga tortishdi. Prokuratura sobiq prezidentni 2000 yilda “ogʻir holatdagi sotib olish” yuzasidan ham aybladi. Hukumat yangi mehnat qonunchiligini imzolatish uchun senatorlarni pul bilan sotib olishi yuzasidan boshlangan tergov jarayonida sobiq prezidentga ham ayblov eʼlon qilingan edi. Biroq 2013 yilda oʻtkazilgan sudda sobiq prezident ham, boshqa ayblanuvchilar – bir necha senatorlar, Argentina xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari, sobiq mehnat vaziri va bir necha partiya faollari ham oqlanishdi. Biroq xalq ularni oqlamadi. 2015 yilda argentinaliklar orasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijasida Fernando de la Rua eng kam (8%) ovoz olib reytingi eng past prezident nomini oldi.

Jazolashda Janubiy Koreyaga teng keladigan yoʻq

Garchi Janubiy Amerikada prezidentlarni ayblash odatiy hol boʻlsa-da, sobiq prezidentlarni korrupsion jinoyatlari uchun jazolashda Janubiy Koreya oldiga tushadigani topilmaydi. Nisbatan boy va demokratik ushbu davlatda ham prezidentlar nafs gʻalayoni oldida kuchsiz boʻlishar ekan. Bu yerda deyarli hamma prezident isteʼfoga chiqqach, barcha qilmishlari albatta fosh boʻladi va jazoga tortiladi.

2008-20013 yillarda prezidentlik qilgan Li Myon Bak ustidan oʻtkazilgan sud jarayoni ayniqsa diqqatga sazovor. Li Myon Bak prezidentlik davrida oʻz qarindoshlariga biznes yuritishda katta imkoniyatlar bergan. Li Myon Bakni butun boshli korrupsion tarmoq yaratishda poraxoʻrlikda ayblashgan. Jumladan, soliq toʻlashdan qochish va aksiyalar bilan oʻtkazgan firibgarligi uchun qamalgan mashhur Samsung kompaniyasi raisi Li Gon Xi’ni avf etishi uchun 6 million AQSh dollari olishda, 700 ming dollar miqdoridagi hukumat pullarini noqonuniy oʻzlashtirishda, yana bir necha ishlar boʻyicha 10 million miqdorida pora olishda ayblangan.

2018 yil 5 oktabrda Li Myon Bak poraxoʻrlik, davlat mablagʻlarini oʻzlashtirish, hokimiyatni suiisteʼmol qilishda ayblanib, 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilinib, 11,5 million dollar jarima solindi. 2020 yil 29 oktabrda oʻtkazilgan sudda esa avvalgi instansiya sudlarining hukmi oʻzgarishsiz qoldirildi, qoʻshimchasiga sudlanuvchining 5 milloin dollar pulini musodara qilish ham belgilandi.

Korrupsiya haqidagi bu sud jarayoni Li Myon Bakning biznesmen tajribasiga ega mohir prezident sifatidagi obroʻsiga putur yetkazdi. Oʻz davrida bu prezidentni Janubiy Koreyada iqtisodiy koʻtarilishga sababchi boʻlgan davlat arbobi sifatida qattiq hurmat qilishar edi axir.

Qirgʻiziston ham roʻyxatda bor

Qirgʻiziston ahli ham oʻz prezidentlarining aybini kechirmaydi, haykallar qoʻyib, koʻchalarga nomini qoʻymaydi.

Qirgʻizistonning shu paytgacha boʻlgan prezidentlari qatorida Qurmanbek Bakiyev ham oʻzigacha boʻlgan hukumatni, aniqrogʻi Asqar Akayevni barcha mavjud gunohlarda ayblab, oʻz yechimlarini taklif qilib, hokimiyat tepasiga kelgandi. 2005 yilda roʻy bergan “lola” inqilobi natijasida xorijdan boshpana olgan sobiq prezident oʻrniga kelganida u mamlakat bosh vaziri edi. 2009 yil 23 iyulda oʻtkazilgan prezidentlik saylovlarida ham 90% ovoz olib, ikkinchi muddatga – to 2014 yilgacha davlat rahbari kursisida qoldi. Bir soʻz bilan aytganda xalq qoʻllovi oʻsha paytda juda kuchli edi. Biroq siyosiy muxolifat unga ham korrupsiyaga aralashish, hokimiyatni suiisteʼmol qilish kabi ayblovlar bildirdi. 2010 yilda Bakiyevning isteʼfosini soʻrab, ommaviy xalq namoyishlari boʻlib oʻtdi. Ommaviy tartibsizliklar qurolli inqilobga aylanib ketdi. Lekin avvaliga Bakiyev hali isteʼfoga chiqish niyati yoʻqligini bildirdi. Biroq 13 aprel kuni oʻzi va oilasiga xavfsizlik kafolati berilsa, isteʼfoga chiqishi mumkinligini aytdi. Qozogʻistonda turib, prezidentlikdan voz kechishi haqida bayonot berdi. 19 aprelda esa u Belorusga koʻchib oʻtdi. Mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko unga siyosiy boshpana berdi.

2013 yil 12 fevralda Qirgʻizistonda Bakiyev “xizmat vakolatini suiisteʼmol qilish” moddasi boʻyicha jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilib, sirtdan 24 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. 2014 yil 5 aprelda Qurmanbek Bakiyev britaniyalik tadbirkor Shon Deylining hayotiga suiqasd uyushtirganlikda ayblanib, sirtdan 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Qurmanbek Bakiyev 2021 yil iyul oyida qidiruvga berilgan – u Qumtor oltin konini oʻzlashtirishdagi korrupsiyada ayblangan. Shuningdek, sud siyosatchining mol-mulkini musodara qildi va uni uch yilga davlat lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qildi.

2023 yil iyunda oʻtkazilgan sud esa Qurmanbek Bakiyevni “Qumtor” oltin konidagi korrupsiyada ayblab, sirtdan 10 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+