Amir Olimxonning chekinishi, qatagʻon qurbonlari kuni

Platina.uz 31 avgust sanasi bilan bogʻliq muhim voqeliklarni jamladi.

Jamiyat
31-avgust 2023 yil
Amir Olimxonning chekinishi, qatagʻon qurbonlari kuni

31 avgust sanasi bilan bogʻliq xabarlar.

Oʻzbekiston Mustaqil deb eʼlon qilingan va Qatagʻon qurbonlarini xotirlash kuni.

Qirgʻiziston, Malayziya, Trinidad va Tobagoda ham Mustaqillik kuni nishonlanadi.

Voqealar.

870 yil – islom olamining yirik mutafakkiri, buyuk muhaddis, muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy Samarqandning Xartang qishlogʻida vafot etdi. Buyuk muhaddis hijriy 256 yil Iyd al-fitr kechasi (milodiy 870 yil 31 avgustda) hijriy hisobda 13 kuni kam 62 yoshda olamdan oʻtdilar.

1302 yil – Fransiya va Sitsiliya oʻzaro diniy urushni tugatishga kelishib oldilar.

1398 yil – Hindiston yurishiga otlangan Amir Temurga Kobul yaqinida suiqasd qilindi. Bu voqeani tarixchi olim Xondamir quyidagicha qayd etgan: “Ertasiga mazkur oyning oʻn yettinchisi juma kuni sobitqadam Sohibqiron Taxtiravon deb ataluvchi qoʻngʻir otini minib, qalʼa (Kobul yaqinidagi Eryob qalʼasi) girdini aylanayotgan paytda roʻparadagi darvozaga yetib keldi. Darvoza ustidagi boloxona teshigidan ul hazrat joniga qasd qilib oʻq otdilar va oʻqning oʻtib ketayotgan ovozidan ot hurkib ketdi va u gazanda oʻq ul saodatmand Xusravga tegmadi”.

1492 yil – Moskva knyazligi va Usmonli imperiyasi oʻrtasida birinchi tinchlik shartnomasi tuzildi.

1873 yil – Kanadada birinchi qirollik politsiyasi tuzildi.

1920 yil – qizil armiya tomonidan amirlik poytaxti Eski Buxoroning shafqatsizlik bilan oʻqqa tutib bombardimon qilinishi, shahar obidalari va minglab begunoh aholining nobud boʻlishi Amir Olimxonni shaharni tashlab chiqib ketishga majbur etdi. Tarixchi U.Rashidovning qayd etishicha, Amir Olimxon 1920 yil 31 avgustdan 1 sentabrga oʻtar kechasi shaharning Samarqand darvozasidan chiqib, Sitorai Mohi Xossa (amirning yozgi saroyi), Vobkent, Gʻijduvon va tugʻilgan ona shahri Karmana orqali Sharqiy Buxoroga chekindi.

1974 yil – Gretsiya NATOdan chiqish qarorini eʼlon qildi.

1975 yil – Xalqaro valyuta jamgʻarmasi xalqaro valyuta hisob-kitoblarida oltin hisob-kitoblardan butunlay voz kechishga qaror qildi.

1976 yil – Trinidad va Tobago konstitutsiyasi qabul qilindi.

  • Meksika pesosi devalvatsiyasi qayd etildi.

1991 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qildi. “Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida” Konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi. Shunday qilib, xalqimizning mustaqillikka erishishdek asriy orzusi roʻyobga chiqdi.

1992 yil – Tojikiston muxolifati Dushanbedagi prezident saroyiga bostirib kirdi.

1993 yil – Toshkentda Amir Temur haykali ochildi. Oʻrta asrlarning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi boʻlgan Amir Temurga keyinchalik Samarqand va Shahrisabz shaharlarining markaziy maydonlarida ham haykallar oʻrnatildi.

1995 yil – Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi havo floti kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga binoan, avgust oyining uchinchi yakshanbasi “Oʻzbekiston Respublikasining havo floti kuni” etib belgilandi.

1997 yil – Parijda malika Diana avtohalokat sabab vafot etdi. Shuningdek, Fransiyaning Parij shahridagi avtomobil tunnelidagi Olma koʻprigida 1997 yil 31 avgustda sodir boʻlgan avtohalokat natijasida Dodi Al Fayed va Mercedes-Benz S280 haydovchisi Anri Pol ham voqea joyida halok boʻlgan. Diana va Al Fayedning qoʻriqchisi Trevor Ris-Jons omon qolgan yagona odam. Ommaviy axborot vositalari paparatsilarni mashina ortidan ergashganlikda aybladi, biroq 18 oylik Fransiya sud tergovi halokat Anri Polning aybi bilan sodir boʻlganini aniqladi. U mast holda katta tezlikda boshqaruvni yoʻqotgan. Pol “Rits” mehmonxonasida xavfsizlik boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari boʻlgan. Ehtimol, uning mastligi antidepressantlarning taʼsiri va uning tizimida topilgan antipsikotik sedativlarning izlari bilan kuchaygan. Tergov, avtohalokatga uchragan paytda fotosuratchilar uning yonida boʻlmagan, degan xulosaga keldi.

1998 yil – Davlat Dumasi Bosh vazir lavozimiga Boris Yelsin tomonidan taklif qilingan Viktor Chernomirdin nomzodini rad etdi.

2000 yil – Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida”, “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”, “Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisida” Qonunlari qabul qilindi.

2001 yil – Niderlandiya sudi Sobiq Yugoslaviya boʻyicha Xalqaro tribunalning noqonuniy ekanligi haqidagi daʼvoni rad etdi.

2002 yil – Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hududida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlarida birinchilardan boʻlib “Qatagʻon kurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi. Muzey Rossiya imperiyasi va sovet hokimiyati davrida Vatan ozodligi yoʻlidagi faoliyati uchun qatagʻon etilgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil qilingan. Bu minnatdor avlodlarning oʻz ajdodlari xotirasiga ehtiromidir.

2016 yil – Braziliya Senati qarori bilan prezident Dilma Russeff korrupsiya mojarosiga aloqadorligi sababli lavozimidan chetlashtirildi.

2017 yil – Oqsaroy qarorgohida Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻldi. Majmuaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi va nutq soʻzladi.

2021 yil – Tolibon Afgʻonistondagi 20 yillik urushdan soʻng Gʻarbiy koalitsiya kuchlari ustidan Gʻalaba kunini rasman eʼlon qildi.

Tavalludlar.

1912 yil – geolog olim, davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Habib Abdullayev tavallud topdi (vafoti 1962 yil). U 1956–1962 yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti sifatida faoliyat yuritdi. Habib Abdullayev 130 dan ortiq ilmiy asar, jumladan, 7 ta monografiya yozdi. U Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlardan fanning turli sohalarida, jumladan geologiya boʻyicha milliy kadrlar tayyorlashga katta hissa qoʻshdi. Habib Abdullayev 2002 yilda “Buyuk Xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

1949 yil – amerikalik aktyor, "Oltin globus" mukofoti sovrindori Richard Gir;

1952 yil – Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati boʻlimi rahbari, Oliy Majlis Senati aʼzosi Mahmud Toir tavallud topdi. U – anʼanaviy uslub shoiri. Sheʼrlarida oddiy insoniy tuygʻular, yurt madhi va muhabbat mavzulari aks etgan. Uning koʻplab sheʼrlari taniqli xonandalar tomonidan kuylanadi. U 2000 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

1954 yil – 1998-2008 yillarda Armaniston prezidenti Robert Kocharyan tavallud topgan.

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+