platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev faollarga mukofotlarni topshirdi

Maʼlumki, milliy oʻzligimizni anglash nuqtai nazaridan, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etilgan.

Shavkat Mirziyoyev faollarga mukofotlarni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi munosabati bilan bir guruh faollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan, chet ellik investorlar “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan edi. 30 avgust kuni Koʻksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

Davlat rahbari marosim ishtirokchilarini avvalo Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etdi.

– Xalq manfaatini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan harakatlarni davom ettirish maqsadida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini ishlab chiqdik. Uning loyihasini muhokamaga qoʻyganimizda 1 milliondan koʻp takliflar kelib tushdi. Bu nimadan dalolat? Xalqimiz befarq emas. Yoʻnalishlarimizni, kamchiliklarimizni koʻrsatib beryapti. Bu biz uchun “yoʻl xaritasi”. Davlatga eng katta hakam – xalq, – dedi Prezident.

Bu muhim hujjatda Vatan mustaqilligini va tinchligini asrash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, xalqimiz hayotini obod va farovon qilish, farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalash vazifalari belgilangan.

– Sodda qilib aytganda, bizning maqsadimiz bitta: u ham boʻlsa, Yangi Oʻzbekistonda xalqimiz yayrab ishlaydigan, hayotdan rozi boʻlib, yayrab yashaydigan davlat qurishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning zamini, avvalo, tinchlik, barqarorlik. Xalqimiz buning qadriga yetib, intilish, mehnat ruhida yashamoqda. Yangi-yangi zamonaviy sanoat korxonalari ishga tushirilmoqda. Ilm-fan, texnologiyalar, xizmat koʻrsatish borasida muhim natijalar qoʻlga kiritilmoqda. 2022 yil yakunlariga koʻra, mamlakatning iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichi 5,7 foizni tashkil etdi.

Prezident mahallalardagi ishlarni, odamlarning faolligini qayd etdi.

– Biz birinchi kundan xalq ichiga kirib boryapmiz. Koʻp tizimlarni mahallaga tushiryapmiz. Nimaga? Mahalla – davlatchiligimizning zamini. Agar 9 ming 400 ta mahalla tinch boʻlsa, yurtimiz tinch boʻladi. Investitsiya ham, taʼlim-tarbiya, qurilish, obodonlashtirish ham mahallada boʻlsa, qanday oʻzgarish boʻladi?! Mana, “Ochiq byudjet” orqali odamlar oʻz muammosini olib chiqib, ovoz berib, oʻzi nazorat qilyapti. Shuning uchun mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha ishlarimizni qatʼiy davom ettiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan soʻng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

Maʼlumki, milliy oʻzligimizni anglash nuqtai nazaridan, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etilgan. Yurtimiz va mintaqamizda muqaddas islom dinini asrash, ilmiy merosni oʻrganish va musulmonlarga yetkazish yoʻlida maʼnaviy jasorat koʻrsatib yashagan ikki buyuk vatandoshimiz, marhum muftiylar – shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan edi. Tadbirda ularning farzandlariga ushbu tabarruk nishon topshirildi.

El-yurtimizda hurmatga sazovor nuroniylar, davlat xizmatchilari, olim va pedagoglar, tadbirkorlar, sanoatchilar, ijodkor va sanʼatkorlar, harbiylar, sportchi va murabbiylar mukofotlarni qabul qilib oldi.

Prezidentimiz ularni tabriklab, samimiy dil soʻzlari va tilaklarini aytdi.

– Bugun men sizlarning ochiq chehrangiz, baxtiyor koʻzlaringizni, sizlardagi baland ruhni koʻrib, ochigʻini aytsam, goʻyoki oʻzim ham mukofot olgandek xursand boʻlib turibman. Niyatim: koʻksingizga yarashib turgan mana shu yuksak unvon va nishonlar sizlarga yangi-yangi kuch-gʻayrat baxsh etsin, – dedi Prezident.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid