Pskov aeroporti kuchli hujumga uchradi, Rossiya esa Kiyevni bombaladi
Rossiyaning Pskov xalqaro aeroporti 30 avgust, chorshanbaga oʻtar kechasi uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan hujumga uchradi.
Rossiyaning Pskov xalqaro aeroporti 30 avgust, chorshanbaga oʻtar kechasi uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan hujumga uchradi. Bu haqda mahalliy OAV guvohlarning havo bandargohi hududidagi yongʻin, shuningdek, otishma va portlashlar aks etgan tasvirlarga tayanib xabar berdi. Keyinroq hujum haqidagi maʼlumotni Pskov viloyati gubernatori Mixail Vedernikov ham tasdiqladi.
Uning soʻzlariga koʻra, 30 avgust kuni Pskov aeroportidagi barcha reyslar zarar miqdori aniqlanmaguncha bekor qilinadi. "Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, jiddiy narsa yoʻq, ammo buni tunda tekshirish qiyin", dedi Vedernikov.
Aeroport qoʻshma ayerodrom boʻlib, unda harbiy va fuqarolik samolyotlari joylashgan. “TASS” agentligining mahalliy favqulodda xizmatlarga tayanib xabar berishicha, hujum natijasida kamida toʻrtta Il-76 harbiy-transport samolyoti shikastlangan. Agentlikning taʼkidlashicha, Pskov va mintaqa ustidagi havo hududi parvozlari vaqtincha cheklangan.
Oʻz navbatida Rossiya kuchlari Kiyev shahri va viloyatini oʻqqa tutgan. Kiyev meri Vitaliy Klichkoga koʻra, raketa boʻlaklari tushishi oqibatida ikki kishi halok boʻlgan.