FQB AQShga noqonuniy kirgan oʻzbekistonliklarni qidirmoqda
Joriy yil boshida chegara xizmati xodimlari janubiy chegarada Markaziy Osiyodan kelgan bir guruh odamlarni qoʻlga olgandi, deya xabar bermoqda CNN.
AQSh Federal qidiruv byurosi “Islomiy davlat” terrorchilik guruhi bilan aloqasi boʻlgan, kontrabandachilar koʻmagida Meksika bilan janubiy chegarani noqonuniy kesib oʻtib, AQShga kirgan oʻzbekistonlik muhojirlarni qidirmoqda. Bu haqda Washington Examiner nashri yozmoqda.
Joriy yil boshida chegara xizmati xodimlari janubiy chegarada Markaziy Osiyodan kelgan bir guruh odamlarni qoʻlga olgandi, deya xabar bermoqda CNN. Guruh aʼzolari boshpana soʻragan va qamoqdan chiqarilgunga qadar FQBning terror roʻyxati va AQSh jinoiy maʼlumotlar bazasida tekshirilgan va immigratsiya boʻyicha sud muhokamalarigacha mamlakatda qolishga ruxsat berilgandi.
Ammo voqeadan keyin olib borilgan federal tekshiruvlar guruh IShIDga xayrixoh ekanligini aniqladi va AQSh rasmiy doiralarida xavotir uygʻotdi.
Bundan tashqari, bir qancha Oʻzbekiston fuqarolari jinoiy tahdid sifatida tekshirilmoqda, dedi AQSh rasmiylari CNN telekanaliga. Oʻzbekistonliklarning 15 dan ortigʻi qidirilib, FQB nazorati ostida qolmoqda. Ularning umumiy soni va topilmaganlar soni oshkor etilmagan.
Oʻz oʻrnida Federal qidiruv byurosi Washington Examiner nashriga bergan bayonotida "yaqinda AQShga janubiy chegaradan kirgan chet el fuqarolari bilan bogʻliq aniq terrorchilik rejasini aniqlamaganini" aytdi.
Ichki xavfsizlik departamenti esa muhojirlarni janubiy chegarada tekshirishda oʻz rolini himoya qildi va uning xodimlari bor maʼlumotlar asosida oʻzbeklarni tekshirganini aytdi.