Surxondaryo hokimi yana fuqaroni qamashni buyurdi
Maktab direktori eʼtiroz bildirayotgan vaqtida viloyat hokimi IIB xodimlariga uni olib chiqish ketishni buyurgan.

OAVda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimovning Sariosiyo tumanidagi maktab direktori Umida Tursunova bilan tortishgani videosi tarqaldi.
Eʼtiborli tomoni, maktab direktori eʼtiroz bildirayotgan vaqtida viloyat hokimi IIB xodimlariga uni olib chiqish ketishni buyurgan.
Maktab direktori ishdan olinayotgani yuzasidan Ulugʻbek Qosimovga qattiq eʼtiroz bildirgan.
Vaziyat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ham bayonot berdi.
"Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28- maktab direktori bilan bogʻliq vaziyatni shaxsan oʻz nazoratimga oldim. Maktab direktori ayni damda maʼmuriy qamoq jazosidan ozod etildi.
Shu oʻrinda taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs oʻz muomala madaniyati bilan barchaga oʻrnak boʻlishi lozimligini eslatib oʻtmoqchiman" deyiladi unda.
Eʼtiborli jihati, 21 iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimovning mahalliy rahbarlar va fermerlar bilan uchrashuvi tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Unda qishloq xoʻjaligi boʻyicha Denovda oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat hokimi rahbarlarga tanbeh bergani, noqonuniy qilmishlari uchun fermerlardan birini qamoqqa olish boʻyicha topshiriq bergani aks etgan.