Chayqalayotgan adolat tarozisi: bunday imtiyozlardan nima foyda?

Demokratik jamiyatning muhim qoidasi – kimningdir huquqlarini taʼminlash boshqalarning huquqlarini cheklash hisobiga boʻlmasligi kerak.

Maqola
3-avgust 2023 yil
Chayqalayotgan adolat tarozisi: bunday imtiyozlardan nima foyda?

Insoniyat ijtimoiylashib boshlaganidan beri adolatga intiladi. Hamma odamning teng boʻlib tugʻilishini tan olish va teng boʻlib yashashini taʼminlash uchun qanchalab inqilob va kurashlar boʻlgan, qanchalab qon toʻkilgan. Biroq Jorj Oruel asarlaridan birida aytilganidek, ayrim jamiyatlarda “hamma teng, ammo ayrimlar yanada tengroq boʻladi”.

Oʻzbekiston ham mana, 30 yildirki, adolatli jamiyat qurishga intilib kelmoqda. Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat ekanligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qoʻyildi hatto. Bu esa ijtimoiy adolatni taʼminlashga ustuvorlik berilishi, aholining barcha qatlamlari uchun teng yashash, ishlash va taʼlim olish sharoitlari yaratib berish zarurligini anglatadi.

Biroq adolat tarozisining posangisini toʻgʻrilash uchun hali qilinadigan ishlar koʻpga oʻxshaydi. Ayniqsa, har yili avgust oyida – oliy va oʻrta taʼlim dargohlariga qabul imtihonlari davrida bu tarozining tepa-past boʻlib chayqalib turishini kuzatamiz. Adolat tarozisini chayqatadigan bu omil – ayrim toifadagi abituriyentlarga beriladigan imtiyozlar masalasidir.

Demokratik jamiyatning muhim qoidasi – kimningdir huquqlarini taʼminlash boshqalarning huquqlarini cheklash hisobiga boʻlmasligi kerak. Masalan, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga talaba boʻlish uchun imtiyozni aynan boshqa “oddiy” abituriyentlarning huquqlarini ikkinchi pogʻonaga tushirmasdan amalga oshirish mumkin emasmi? Deylik, ular uchun alohida taʼlim oʻrni ochish yoʻli bilan. Ammo ayni paytda “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga berilayotgan imtiyoz tartiblari qaysidir sohada munosibroq abituriyentlarning oʻrnini egallab olishga sabab boʻlib qolmoqda.

Oliy taʼlimga joriy qabul davrida 35 toifadagi abituriyentlarga imtiyozlar berilmoqda. Imtiyozli ball beriladigan 35 toifaning asosiy qismi harbiy yoki huquq-tartibot idoralari xodimlari va ularning bolalariga, yoki bu idoralar qoshidagi taʼlim muassasalari bitiruvchilariga oid. “Temurbeklar maktabi” ham shular jumlasidan. Bu maktab bitiruvchilariga harbiy yoʻnalishdagi oliy dargohlar uchun toʻplagan balining 30 foizi, boshqa oddiy OTMlar uchun esa imtihonda toʻplangan ballga 15 foiz qoʻshimcha ball qoʻshiladi. Deylik, 100 ball olsa, 15 foiz qoʻshimcha bilan 115 ball hisoblanadi. Bu jarayon esa sunʼiy ravishda kirish ballari oʻsishiga xizmat qiladi. Yillar davomida oliygohga kirish uchun tayyorlanib, belgilangan tartiblarga koʻra grantga qabul qilinish uchun maksimal 185 kirish balini toʻplasa ham, kontraktga ilinib qolishga majbur boʻladi.

Tasavvur qiling, bir dehqonning bolasida qobiliyat bor, zehn bor, ilm bor, qalbida ezgu orzulari bor, olamni yaxshi tomonga oʻzgartirish uchun shijoati bor. U dala ishlaridan ortib ilm oladi, otasining qiynalib topgan soʻnggi pullarini sarflab, repetitor yollab tayyorlanadi, qoʻlbola tayyorlov kurslari, xalq tilida “kazarma” deb ataladigan ogʻir sharoitli joylarda yotib qolib, imtihonga tayyorlanadi. Keyin imtihon topshirib, yuragi zirillab javobini kutadi. Keyin maʼlum boʻladiki, katta ball olgani holda “kontrakt”ga arang ilashibdi. Imtiyozli asosda imtihon topshirgan boshqa bir raqobatchisi esa yoʻq joydan qoʻshimcha ball olib, “grant”ga oʻqishga kiradi. Bolasining yillab imtihonga tayyorlanishi uchun pul toʻlagan oddiy oila endi “kontrakt”ni toʻlay olmaydi.

Xoʻsh, imtiyozga egalik imkoni berilgan soha vakili boʻlmagan oddiy dehqon bolasining aybi nima? Otasining harbiy yoki tergovchi boʻlmaganimi? Yoki harbiylikka emas, tinch davrdagi zarurroq kasblarga qiziqqanimi? Ammo hamma askar boʻlsa, ularni boqish uchun bugʻdoyni kim ekadi, molni kim boqadi, harbiylik kiyimini kim tikadi?

Ahmadboyning moliyaviy piramidasi gurkiragan paytlarda ayrim maktab bolalarining oʻqishga intilishlari keskin pasayib ketgan ekan. Oʻqituvchilar bolaga “nega yaxshi oʻqimayapsan, yaxshi oʻqib, yaxshi kasb egallasang, yaxshi yashaysan-ku”, desa, oʻquvchilar “oʻqib zarilmi, Rossiyada bir ishlab kelib, mashina olaman, Ahmadboyga bersam 2 ta qilib beradi, shuni aylantirib, aʼlochi oʻrtoqlarimdan ham ziyod maza qilib yashayman-ku”, deya javob berar ekan. Bunday adolatsiz imtiyozlar ham shunday aks sado berishi aniq. Yoshlarning “oʻqib zarilmi, askarlikka oʻqishga kirsam, oʻqigan va bilimli tengdoshlarimdan ham osonroq oʻqishga kiraman, xalq hisobidan maza qilib yashayman” demasliklariga kim kafolat beradi?

Yoki munosib va qobiliyatlilar qolib, imtiyoz asosida, aytaylik, tibbiyot oliy oʻquv yurtiga qabul qilingan va byudjet hisobidan oʻqib tugatgan sportchi va askarcha tafakkurdagi “shifokor”dan nima kutamiz?

“Temurbeklar maktabi”ga imtiyoz berish gender tengligiga ham bolta uradigan omil. Qishloqdagi “kazarma”larda qiynalib tayyorlangan bechora qiz imtihon topshiradiyu, lekin “Temurbeklar maktabi”ning bitiruvchisi imtiyoz asosida undan oldinga oʻtib ketadi. Bechora qiz “kontrakt”da oʻqiy olmasligi yoki “kontrakt”ga ham ilina olmasligi bois, taʼlimini biror zugʻumkor qaynona qoʻlida davom ettirishga majbur boʻladi. Jamiyat potensial bir faol mutaxassisdan ayriladi. Xoʻsh, bu qizning aybi nima? Faqat oʻgʻil bolalar oʻqitiladigan “Temurbeklar maktabi”da oʻqimaganimi? Qiz bola boʻlib tugʻilgani uchun uning huquqlarini kamsitish gender tengligini buzish, degani emasmi?

Oʻzi umuman, oʻqishga kirishda deyarli barcha imtiyozlarni bekor qilish, “har kim bilimiga yarasha, har kim qobiliyatiga yarasha” degan mezonni tiklashimiz lozim. Qolaversa, imtiyoz bor joyda korrupsiya boʻlmasligiga, tanish-bilishlik va poraxoʻrlik urchimasligiga kafolat yoʻq.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+