Toshkent xalqaro aeroportida chiroq oʻchib qoldi
Shuningdek, mahalliy aviaqatnovlar va uchib kelish terminallari zudlik bilan zaxira manbalariga oʻtkazilgan.

Toshkent xalqaro aeroportida 27 avgust kuni Qoʻyliq podstansiyasida roʻy bergan avariya tufayli elektr taʼminotida uzilish yuz berdi. Bu haqda Uzbekistan Airports maʼlumot berdi.
Bir necha soniya ichida zaxira manbalardan parvozlarni taʼminlovchi obʼektlar: uchish-qoʻnish yoʻlaklari, havo harakatini boshqarish tizimlari, radionavigatsiya uskunalari quvvati tiklandi. Shu tufayli poytaxt aeroportida reyslar kechiktirilmadi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, mahalliy aviaqatnovlar va uchib kelish terminallari zudlik bilan zaxira manbalariga oʻtkazildi. 15 daqiqa ichida, soat 22:24 da xalqaro aviaqatnovlar terminalining joʻnab ketish zalida ham elektr taʼminoti tiklandi.
Soat 22:40da Qoʻyliq podstansiyasida yuz bergan avariya bartaraf etilib, poytaxt aeroportida elektr taʼminoti toʻliq tiklangan.
Eslatib oʻtamiz, 27 avgust kuni Oʻzbekiston boʻylab yogʻingarchiliklar va chaqmoq hodisalari kuzatildi, bu elektr energiyasidagi uzilishlarga sabab boʻlgan.