platina.uz
Jamiyat

Shifokor nonushtaga nimalar yemaslik kerakligini aytdi

Inson, eng avvalo, uygʻongandan soʻng, bir stakan iliq suv ichishi lozim.

Shifokor nonushtaga nimalar yemaslik kerakligini aytdi

Shifokor nonushtada qanday mahsulotlarni isteʼmol qishi foyda ekanini, qaysilari esa zararli ekanligini maʼlum qildi.

Nonushta kun boʻyi insonni energiya va zarur oziq moddalari bilan taʼminlaydi, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigiyenasi va bolalar, oʻsmirlar gigiyenasi kafedrasi professori Guli Shayxova. — Bu esa uni eʼtiborsiz qoldirmaslikning asosiy sabablaridan.

Shuningdek, nonushta kishiga kun davomida jismoniy va ruhiy quvvat bagʻishlab, kayfiyatni koʻtaradi. Immunitet tizimini mustahkamlab, miyaning samarali ishlashini taʼminlaydi.

Inson, eng avvalo, uygʻongandan soʻng, bir stakan iliq suv ichishi lozim. Agar istasa, unga limon sharbati qoʻshish ham mumkin. Bu esa tanani uygʻotadi, ichaklarning toʻgʻri ishlashiga yordam beradi. Qolaversa, ovqat hazm qilish va endokrin tizimlar birinchi taomga tayyorlanadi.

Suv ichgandan soʻng taxminan yarim soatdan keyin tamaddi qilish kerak. Koʻpchilikni eng maqbul nonushta vaqti soat nechada boʻlishi kerakligi qiziqtiradi. Albatta bu savol individual xususiyatga ega boʻlib, har bir insonning turmush tarziga bogʻliq. Biroq soat 7:00 dan 9:00 gacha boʻlishi maqsadga muvofiq.

Baʼzi insonlar ertalab nonushta qilishni yoqtirmaydi. Kimdir ishtaham yoʻq desa, yana kimdir qorni ochmaganini aytadi. Biroq bu yaxshi emas va ular bu odatga qarshi kurashishi lozim. Qarabsizki, ikki hafta oʻtgach, tananing oʻzi ertalab undan ovqatlantirishni soʻraydi.

Nonushtada grechka, joʻxori uni, arpa, tariq solingan va suv yoki sutda tayyorlangan boʻtqalar yeyish juda foydali. Sababi ular tarkibida yetarli miqdorda uglevodlar boʻlib, oshqozonni tezda toʻyintiradi va uzoq vaqt ochlikni his qilmaslikka yordam beradi. Tuxumni qovurilgan yoki qaynatilgan holda isteʼmol qilish ham kun boʻyi tanani kerakli vitamin va minerallar bilan taʼminlaydi.

Shuningdek, kam yogʻli tvorog, sut, kefir, tabiiy yogurt ichish organizmni koʻp miqdorda ozuqa moddalari, D vitamini, kaliy va kalsiy bilan toʻyintiradi. Ozishni istaydiganlar, kam yogʻli sut ichishlari maqsadga muvofiq. Qolaversa, nonushtada yogʻsiz mol, tovuq, kurka va baliq goʻshtidan tayyorlangan taomlarni tanavvul qilish kishiga ajoyib toʻyinganlik hissini beradi.

Ertalabki tamaddi payti xamirturush bilan pishirilgan ovqatlar, sitrus mevalar, xom sabzavotlar, yogʻli goʻsht va uglevodga boy mahsulotlar isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid