platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston boʻylab minglab tonna sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi

Neft mahsulotlari sifatining buzilishiga yoʻl qoʻygan rahbarlar faoliyatiga nisbatan huquqiy baho beriladi.

Oʻzbekiston boʻylab minglab tonna sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi

"Oʻzbekneftgaz" maʼlumotiga koʻra, respublika boʻylab katta miqdorda talabga javob bermaydigan benzin mahsulotlari aniqlandi.

Respublika boʻyicha isteʼmolchilarga berilayotgan avtobenzin sifati boʻyicha eʼtirozlar koʻpayganligi sababli, neft bazalar va AYoQShlar orqali sotilayotgan avtobenzinning sifati boʻyicha oʻrganishlar va tahlillar olib borilgan.

Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida kelib tushgan murojaatlar asosida “Oʻzenergoinspeksiya” xodimlari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarga asosan Kuchlik neft bazasi (73,2 tonna), Navoiy neft bazasi ( 38,7 tonna), Urganch neft bazasi (2,072 ming tonna) va Buxoro neft bazalari (1,86 ming tonna) MChJlarda saqlanayotgan avtobenzin sifati O`z Dst 3031:2015 davlat standarti talablariga javob bermasligi, yaʼni avtobenzin tarkibidagi qatron (smola) va oltingugurt (sera) miqdori belgilangan meʼyordan yuqori hamda bir holatda (“Navoiy neft bazasi” MChJ) oktan soni meʼyordan pastligi aniqlangan. Jami aniqlangan sifatsiz mahsulotlar miqdori 4,044 ming tonnani tashkil etgan.

Kuchlik (73,2 tonna) va Navoiy (38,7 tonna) neft bazalarida aniqlangan sifatsiz neft mahsulotlarining sifatlari “Oʻzenergoinspeksiya”ning majburiy koʻrsatmasiga asosan, Oʻzbekiston neft va gaz ilmiy tadqiqot va loyihalash instituti, “Oʻzneftmahsulot" va “Oʻzdavneftgazinspeksiya” tomonidan ishlab chiqilib 2012 yilning 1 oktabr kunidan kuchga kirgan “Neft, gaz kondensati va neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, tashish, berish va hisobga olish boʻyicha yoʻriqnoma” 30-sonli ilovasining 4-bandi “Nokondision mahsulotlarni aniqlash bilan bogʻliq asosiy chora-tadbirlar, mahsulotlar sifatini tiklash” asosida oʻrnatilgan tartibda tiklanib, kamchilik bartaraf etilib, isteʼmolchilarga sifatli tarzda yetkazib berilgan. Neft mahsulotlarining sifati boʻyicha isteʼmolchilardan eʼtirozlar boʻlmagan.

“Urganch neft bazasi” MChJ va uning Shovot hamda Xonqa filiallarida (2,072 ming tonna) aniqlangan sifatsiz avtobenzinning 587,0 tonnasini “Oʻzenergoinspeksiya”ning majburiy koʻrsatmasiga asosan, yuqorida keltirilgan yoʻriqnoma talablari asosida oʻrnatilgan tartibda sifati tiklanib, isteʼmolchilarga yetkazib berilgan. Ushbu mahsulot boʻyicha ham isteʼmolchilardan eʼtirozlar kelib tushmagan. Hozirgi kunda 1,485 ming tonna avtobenzinining sifatini tiklash ishlari davom ettirilmoqda.

“Buxoro neft bazasi” MChJ va uning Qorakoʻl filialida (1,86 ming tonna) aniqlangan sifatsiz neft mahsulotlarining 323,0 tonnasini “Oʻzenergoinspeksiya”ning majburiy koʻrsatmasiga binoan, yuqorida keltirilgan yoʻriqnoma talablari asosida oʻrnatilgan tartibda sifati tiklanib, isteʼmolchilarga yetkazib berilgan. Hozirgi kunda 1,537 ming tonna avtobenzinning sifatini tiklash ishlari davom ettirilmoqda.

Neft mahsulotlari sifatining buzilishiga yoʻl qoʻygan 4 nafar rahbar xodim va 4 nafar moddiy javobgar shaxslar faoliyatiga nisbatan huquqiy baho beriladi.

Neft mahsulotlarini sifat va miqdor jihatidan bus-butun saqlanishini taʼminlash yuzasidan barcha neft baza rahbarlari ogohlantirilgan va kelgusida neft mahsulotlarini sifat jihatidan toʻliq saqlash hamda isteʼmolchilarga sifatli tarzda yetkazib berilishini taʼminlash boʻyicha neft bazalar tomonidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda, deyiladi xabarda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid